16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

BESH-O‘N KITOBNI KO‘RIB, OLIMLIK DA’VOSI BILAN LOF URMOQDAN SAQLANINGIZ!

Navoiyning ulkan merosi bepoyon ummon ekani va bu ummondan faqat duru gavhar terish mumkinligi to‘g‘risida adabiyotshunoslar bisyor fikr yuritishgan. Hayratlanarlisi, u davlat va jamoat arbobi sifatida ham havas qilgulik darajadagi sifatlarga ega bo‘lgan. U o‘zi orzu qilgan komil inson darajasida yashashga va yozishga bir umr intilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Alisher Navoiy siymosi o‘zbek adabiyotidagi bir qancha asarlarda ma’lum darajada o‘z ifodasini topgan. Bu borada Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning «Navoiy» romani alohida o‘rin tutadi. Buyuk so‘z san’atkori hayoti va faoliyatiga oid chizgilar kitobxonni befarq qoldirmaydi.

Saralangan satrlar

*  *  *

Davlatning moliyasi ne holda, qo‘shin ne ahvolda, madrasalarda tolibi ilmlar, olim va fozillarning tirikchiliklari qanday, har nav amaldorlar poytaxtda, tumanlarda, viloyatlarda xalqqa ne turda muomala qilurlar; dehqonning ro‘zg‘ori nechik, kosibning kori nechik – mana bu vazifalarni aql va idrok ko‘zi bilan ko‘rib, tadbir va salohiyat bilan hal qilmoq kerak.

*  *  *

har qanday mazhab janjallaridan yuqori turmoq lozim. Yagona husni mutloq mavjuddir. Quyoshning nurida, dengizlarning jo‘shqinida, tog‘larning muazzam jussasida va yaproqlarning titrashida uning jamoli jilvasini ko‘ramiz. Ko‘ngilni uning ishqi, yodi bilan to‘ldirmoq kerak.

*  *  *

Tokaygacha insonlar vahshat sahrosida qolurlar! Inson barcha maxluqotning tojidir. U sharafli, sof, go‘zal yashamog‘i kerak. Davlat arboblari aql va adolatni shior qilsalar, xalqni parvarish etsalar, hayotning zangini oltinga aylantirmoq mumkin.

*  *  *

Zolimlar bilan murosa qilmoq jinoyatdir.

*  *  *

Dunyoda uch nimarsa uch nimarsasiz qoim bo‘lolmagay: mol – betijorat, davlat – besiyosat, ilm – bebahs… Bahs asnosida fikrlarning zarbalaridan haqiqatning chaqmog‘i yong‘usidir…

*  *  *

Uning e’tiqodicha, xalq ilmga begona insonlardan iborat bir guruh edi. U ilm orqasida raso inson bo‘lish mumkinligiga ishonganidan, xalqni har yerda, har ishda jahlning qurboni, deb tushunar edi. Uning bu qarashlari, qanoatlari hozir xalq bo‘roni ichida ost-ust bo‘ldi. Katta, favqulodda voqea qarshisida inson har narsani unutib, yolg‘iz shu voqeaning hayajoni, sezgisiga berilganidek, yosh olim ham butun vujudi bilan xalq fikriga, xalq dardiga qiziqdi.

*  *  *

Qoni, eti, tirikchiligi, yeri, tili, tarixi bir bo‘lgan bir xalq nima uchun ikki dushman guruhga bo‘linib, bir-birining qonini to‘kadi? Nima uchun butun bir xalqning azamat daraxti ildizlariga bolta uradilar? Bu yigitlik, qahramonlik, zafarmi, ajabo? Shoir qalbining yarasi bilan tarixni o‘ylaydi. Yaqin tarixning o‘ziyoq uning ko‘ziga foje manzaralarni behisob qatorlashtiradi. Temurning ko‘zlari abadiy yumilib, jahongirning jasadi yer bag‘rini quchmasdan burunoq avlodlari orasida ro‘y bergan qonli talashlar, janglarni yodlaydi. Toj-taxt uchun bo‘lgan o‘zaro urushlar soyasida mamlakatning parchalanishidan, obodonlikning yemirilishidan, xalqning behuda qirilishidan o‘zga biron natija, biron ma’no ko‘rmaydi.

*  *  *

Haq so‘zni aytgan og‘izlarni tosh bilan qonatmoq emas, haqiqat tamalini qulatmoqqa ko‘tarilgan qo‘llarni kesmoq zarur.

*  *  *

Xalqning molini, jonini bo‘rilar ixtiyoriga topshirilsa, ular bu qonxo‘r maxluqlar dastidan fig‘on ko‘tarsa, ularga quloq solmaslik adl-insofdan emas. Tahdid va siyosat emas, mehribonlik darkor. Xalq bilan bo‘lg‘usi muomalada qilichga emas, adl kuchiga suyanmoq, xalqni jabr-zulmdan qutqarmoq lozim. Zero, xalq shundog‘ bir daryoyi azimki, u toshsa, aning mavjidan na shohning qasri, na darveshning kulbasi qolur, u shundog‘ bir o‘tki, uning bir uchquni tutashsa, na xashakni qo‘yar, na falakni… Bas, yaxshilik qilmoq kerak: elning, yurtning baxti barqaror bo‘lsa, saltanat ham bexatar bo‘lur.

*  *  *

Ijod dardi – qalbning qa’rida uyg‘onib, butun vujudni larzaga solgan og‘riq Navoiy uchun eng shirin lazzat, ona allasi kabi yupantiruvchi, quyosh kabi hayot va quvonch bag‘ishlovchi bir kuch edi. Shuning uchun u samimiy, tabiiy bir shavq bilan yengil yoza olar edi. U chinakam so‘z sehrbozi! U har qanday o‘jar fikrni, ruhning eng ingichka, eng tutqich bermas jilvalarini, yurakdagi hislarning mavjlarini so‘z orqali yorqin tajassumlantirar, qatrada daryolarni mavjlantirar, uchqunda quyoshlarni aylantirar, ishqdan hayot yasar, oddiy hayotdan esa ulug‘, tiyran afsonalar to‘qur… U minglarcha yilgi madaniyatni, asrlarning fikr boyligini qamragan shoir edi. Uning she’riy dahosi arab, eron va turkiy xalqlarning san’at xazinasiga, fikr zaminiga chuqur ildiz otib, uning abadiy kuchidan gullagan edi.

*  *  *

Biz fors tilining qudrat va ahamiyatini, u tildagi asarlarning husni va salobatini hech vaqt inkor etmadik. To go‘daklikdan boshlab fors tilida ham qalam surmoqdamiz. Ammo tilimizning afzalligi biz uchun ulug‘ haqiqatdir. Biz go‘daklikda bu haqiqatning ishqini ko‘nglimizga jo qilganmiz, o‘lganimizgacha bu ishqni saqlaymiz! Shaharlarni, qishloqlarni, sahro va tog‘larni to‘ldirgan el-ulusimiz, urug‘-aymog‘imiz bor, uning o‘z zavqi, fahmi-idroki bor. Biz elimizning zavqini, tabiatini nazarda tutib, uning o‘z tilida qalam suraylikki, uning ko‘ngli fikr gullari bilan to‘lsin. Turkona soz bilan tarannum etaylikki, elning yuragi mavjga kelsin. So‘z gulshanida o‘zga ellar qatorida bizning elimiz ham bahramand bo‘lsin. Fors ash’ori elimizning zavqi uchun begonaroqdir. Endi otalarimiz, bobolarimiz, enalarimiz tiliga nazar solsak, uning forsdan bag‘oyat baland darajada ekani bir haqiqatdir.

*  *  *

Inson uchun ko‘ngilning sofligi, boyligi kerak. Gulning to‘ni qirq parcha bo‘lsa ham, u guldir! Ilmni xalqqa beringiz, tatabbu va tafakkur bilan ilmni kengaytirmoqqa harakat qilingiz! Ilm ko‘mig‘liq xazina emas, jonli daraxtdir, o‘smog‘i, gullamog‘i, meva bermog‘i kerak!

*  *  *

Shunday ayollar bo‘ladiki, ular ishqni e’tiqod kabi muqaddas tutadilar. Bu ayollar ko‘ngilning ezgu orzusi uchun faqir yigitning xarob kulbasini shohona saroylardan ortiq ko‘radilar. Uvada kiyimli sodda cho‘ponni shahzodalarga alishmaydilar. Ular butun borliqlari bilan bir maqsadga intiladilar. Agar maqsad muyassar bo‘lmasa, uning dardini butun umr o‘zlariga hamshira qiladilar.

*  *  *

Yigit uchun mardlik, qahramonlikdan o‘zga ulug‘roq, oliyroq bir fazilat bormi? Yurt va davlat uchun o‘t va suv kechib, zafar bayroqlarimizni, quyosh bayrog‘i kabi, baland ko‘taruchi olijanob bahodirlar kerak. Lekin inson har bir hunarga, har bir mashg’ulotga xolis niyat bilan, samimiyat va ishq bilan kirishmog‘i lozim. Ishq bo‘lmasa, kishi hech bir ishda muvaffaqiyat ko‘ra olmas.

*  *  *

Chaqmoq qancha balandda chaqnamasin, egri bo‘lgani uchun, albatta, yerning qa’riga borur. Shamki, to‘g‘ri, adildir – kuysa ham boshdan-oyoq nur bo‘lib kuyur.

*  *  *

Qaysi davrlarda qaysi sabablar bilan yurtlar obod bo‘lgan, ellar shod-xurramlik ko‘rgan ham qaysi zamonlarda va ne sabablardan mamlakatlar halok bo‘lgan – bularni o‘rganmoq darkor. Aql va adolatning yorug‘ kunduzini, zulm va jaholatning qora tunini hech bir ilm tarix kabi ravshan ko‘rsata olmagan.

*  *  *

Shu narsa muhaqqaqki, podshoh xizmatidagi inson gung va shol bo‘lishi kerak ekan. Qabohatlarga ko‘z yummoq talab qilinar ekan. Sirni fosh etmoqchi bo‘lgan til kesilarki, bu hol hammadan mushkuldir.

*  *  *

Navoiy sokin ijodiy hayot orzusi bilan yondi. Rasmiy davlat vazifalaridan qariyb bo‘shadi. Fikr va g‘ayrat toshqinini «Xamsa»ga ag‘darmoqqa jazm qildi. Biroq xalq ishidan, kurashlar bilan to‘la qaynoq hayotdan chetda tura bilarmidi? Mamlakat hayotining to‘lqinlari uni kun sayin kuchliroq tortib ketadi. «Bosh qashig‘ali vaqt yo‘q!» Dehqonchilik qilib, hosilni kambag‘al oilalarga, yetim-yesirlarga tarqatish, cho‘llarda rabotlar qurdirish, taqir yerlarga suv chiqarib obod etish, xalqning arz-dodini tinglash, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ilm va san’at ahliga rahbarlik qilish kabi ishlarning hammasi vaqt va kuchni qamraydi. Bunga qaramasdan, Navoiy «Xamsa» ustida ajoyib, favqulodda bir chidam va g‘ayrat bilan qalam yuritdi.

*  *  *

Xazina davlat uchun, badandagi qon kabi, zarurdir. Ammo, bir yoqdan, to‘plamoq, ikkinchi yoqdan, sovurmoq bilan xazina tuzib bo‘lmas. Hotamtoylikni bilib qilmoq lozim. Yomg‘urni qurib-qaqshagan boqqa emas, eltib toqqa quygan bulutni saxiy, deyilmas. Dastavval xazinani el manfaati uchun to‘kmak kerak. Ziroatni, hunar va san’atlarni rivojlantirmoq, tijoratga e’tibor bermoq kerak. U vaqt, masalan, halol mehnat qilgan dehqonning ombori hosilga to‘lgani kabi, xazinangiz ham zarga to‘lur. O‘zga choralar bilan xazina boyitmoq oqilona harakat emasligi har kim uchun ravshan.

*  *  *

Haqiqiy ilm falak mushkullarini hal qilmoqqa, sirlarni kashf etmoqqa yo‘l ko‘rsatur. Aqlning kuchiga ishoningiz, sizga har vaqt u rahbar bo‘lsin. Besh-o‘n kitobni ko‘rib, olimlik da’vosi bilan lof urmoqdan saqlaningiz!

*  *  *

Munofiqlar haqiqatdan qo‘rqadilar. Haqgo‘ylik ulug‘ fazilatdir. Lekin zarur vaqtdagina tilga erk bermoq lozim. Shuni unutmangki, podshohga yaqin turmoq, og‘zini ochgan ajdahoga yaqin turmoq bilan barobar!

*  *  *

Zolimlar borki, farishta to‘nini kiyadilar. Shayxlar borki, bang xayolotini elga karomat, deb sotadilar. Johillar borki, kitob qo‘ltiqlab olimlik da’vo qiladilar. Mamlakat boshida tili bilan dili bir bo‘lgan, yolg‘iz xalq manfaatini o‘ylagan, oliy ruhli, pok vijdonli insonlar turmas ekan, hayot sabzasi tobora so‘lur.

*  *  *

Behuda qon to‘kmak, yurtni parchalamoqdan azim gunoh yo‘q! Qalbaki do‘stlik, qardoshlik kuli ostida dushmanlik olovlari yong‘inga aylanur. Yeng uchidagi zaharli xanjarlar kinli, g‘azabli qo‘llarda birdan yarqirar.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Leave feedback about this

  • Quality
  • Price
  • Service

PROS

+
Add Field

CONS

+
Add Field
Choose Image
Choose Video