Agar yuragingiz tosh qotmagan bo‘lsa, bu kitobni o‘qib, albatta yig‘laysiz. Yuz berayotgan voqealar, kechinmalar boshqa birovga tegishli, bizdan yuz yil nari va minglab kilometr uzoqda ekanini bila turib, yig‘laysiz. Sahifalar aro aks etgan shuncha dardu sitamni o‘qib ham ko‘zingizdan bir tomchi yosh chiqmasa, o‘zingizni yaxshilab taftish eting: ko‘ksingizdagi yurak deb yurganingiz quruq go‘shtga aylanib qolmaganmi? Odam-garchilikdan chiqib ketganingiz yo‘qmi? O‘zgalar dardidan kuyunib, xursandchiligidan quvonishdek daxldorlik tuyg‘usi haliyam bormi sizda?
Xitoy yozuvchisi Yuy Xua qalamiga mansub “Yashamoq” kitobi mutolaasidan keyin shu kabi savollar bilan ro‘baro‘ kelmaslikning imkoni yo‘q. Ushbu asarga o‘zbek kitobxonlari tomonidan “Ko‘z yoshlarga g‘arq qilgan asar” deya ta’rif berilmoqda. Keyingi ikki yilda ehtimol eng ko‘p sotilgan kitoblardan biri ham shu bo‘lsa kerak. Hatto kitobning qalbaki nusxalari ham urchib ketganiga nima deysiz?! Talab yuqoriki, firibgarlar soxta mahsulotni bozorga yoyishdan qo‘rqmayapti va nashrning asl egalari shundaylar haqida tezkor xabar berishlaridan ogohlantirmoqda. Bu o‘zaro, sud orqali hal qilinadigan masala, ammo bizning e’tiborimizni jalb qilgan jihat shuki, odamlar kitob o‘qiyapti! Yaxshi kitob bo‘lsa bo‘ldi ekan – aslmi, qalbakimi demay o‘qiydigan odam topilaverarkan!
Xo‘sh, “Yashamoq” qanday asar o‘zi? Unda qanday olamshumul mavzu qalamga olinganki, yutoqib o‘qiyotganlar soni ko‘p?
Yaponlarning “Oshin” degan serialini ko‘rgansiz. Inson matonati haqida go‘zal san’at asari. Unda film sifatidan ko‘ra inson irodasi ko‘plarni mahliyo etgani-da rost. Binobarin, “Yashamoq” ham bir qarashda shunga yaqin: faqat bunda qimor va fahshga berilib, bor budini yo‘qotgan kishining oxir-oqibatda taqdir qarshisida yakka-yolg‘iz qolishigacha bo‘lgan yo‘l tasvirlanadi. To‘g‘ri, u xatolarini tushunib yetadi, ammo ularning badali ancha qimmatga tushadi…
Asarning yana bir e’tiborli jihati, o‘tgan asrda Xitoyda kommunizm qurish va uning insonlar taqdiriga ta’siri, muhorabalar yasagan o‘zgarishlar haqida ham gap boradi. Shunga monand, ko‘p lavhalar go‘yo bizga begona emasdek tuyuladi. Har holda sovetlar zulmi ostida ezilgan millat vakili o‘laroq kommunizm degan xomxayolning ayanchli oqibatlarini yaxshi bilamiz, tushunamiz.
Muallif Yuy Xua 1960-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida tug‘ilgan. Stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. Mazkur sohada besh yil faoliyat yuritib, so‘ng adabiyotga o‘zini bag‘ishlagan.
“Yashamoq” romani 1993-yilda nashr etilgan va u asosida suratga olingan film 1994-yilda nufuzli Kann kinofestivalida bosh mukofotga sazovor bo‘lgan.
Roman dunyoning yigirmadan ortiq tiliga tarjima qilingan.
Saralangan satrlar
* * *
O‘zimga o‘zim “Nima uchun yallo qilib yashash imkoni turganda, ota-bobolarga loyiq bo‘lishdek mashaqqatli ishga tutilishim kerak?!” derdim. Bir vaqtlar sulolamiz bir yuz o‘ttiz gektardan ko‘proq yerga egalik qilgan, ammo padarimning qo‘liga o‘tgach, bora-bora oltmish besh gektar bo‘lib qolibdi. Dadamga qarata: “Xavotir olmang, ota-bobolarimiz mening o‘g‘lim bilan faxrlanishadi”, derdim.
“Kelajak avlodga yaxshi narsalarni qoldirish kerak”. Onam bu gapni eshitganida qah-qah otib kulib yubordi va menga pichirladi: “Otang ham yoshligida bobongga shunday der ekan!”
* * *
Sirtdan qaraganda, turlicha ko‘rinsalar-da munosabatlar davom etgan sayin, ayollarning bari bir xil bo‘ladi. Bu haqiqatni bilishimga qaramay, boshqa bir ayolga ko‘zim tushib qolsa, balki u boshqachadir, deb o‘ylayverardim ichimda. Tushuniksiz holat…
* * *
Hamma odamlar bir xil: birovning cho‘ntagidan pul olganda yuzlari yorishib ketadi, kulishadi. Ammo yutqazish navbati o‘zlariga kelganda go‘yo aza tutgandek ko‘z yosh to‘kishadi.
* * *
Imperator bir parcha non uchun tilanchilik qilsa ham, u imperatordir.
* * *
Qadimda Xu oilasi a’zolari faqatgina tovuq boqishgan. Tovuqlardan keyin g‘ozga, g‘ozdan keyin ho‘kiz boqishga o‘tishgan. Mana shunday qilib badavlat bo‘lishgan. Navbat menga kelganida ho‘kizlar g‘ozga aylandi, g‘ozlar tovuqqa va mana endi bitta tovug‘imiz ham yo‘q.
* * *
Yuzlaridagi ajinlar quyosh nuri va balchiqqa to‘la, kulgan paytlarida ko‘rinadigan bo‘m-bo‘sh og‘izlarida bir yoki ikkita tishi qolgan odamlar… Tez-tez yig‘lab turishsa-da, bu ularning baxtsiz ekanligidan emas. Ba’zida juda baxtiyor va huzurbaxsh umr kechirayotgan bo‘lishsa ham yig‘lashadi.
* * *
Qashshoqlik va mashaqqatlar boshqalarning xotirasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi ehtimol. Ular ko‘pincha o‘tmishlari haqida o‘ylaganda miskin, faqir va kambag‘al bo‘lganliklarini eslashadi, xolos. Nima qilishlarini bilmay, o‘tmishni g‘alati bir tabassum bilan unutib yuborishadi. O‘z kechmishlariga nisbatan go‘yoki bir rivoyatdek qarashadi. Hayotiy tajribalariga nisbatan e’tiborsizlar. Ba’zi birovlari o‘z o‘tmishlarini qisman eslasalar-da, bular ham ko‘pincha hayotlari bilan umuman aloqasi bo‘lmagan narsalar bo‘lardi. Boshlariga tushgan shuncha tashvishni ifoda etishlari uchun bir-ikki jumlaning o‘zi kifoya qiladi. Ba’zida yoshlar bunday odamlar haqida gapirayotib, “Ular qarigach, itdek yashay boshlashadi”, deganlarini eshitib qolardim.
* * *
Faqirlik insonning g‘ururini sindiradi.
* * *
Birovni qiyin ahvoldan qutqarib olish mumkin, ammo qashshoqlikdan aslo chiqarib bo‘lmaydi!
* * *
Sekin qanot qoqadigan qush ertaroq ucha boshlashi shart.
* * *
Har kuni o‘lgudek charchab ishlasangiz, boshqa narsalar haqida o‘ylashga vaqtingiz ham qolmaydi.
* * *
Bo‘ladigan narsa bo‘lmay qolmaydi. Shunday ibora ham bor-ku: “Bir falokatdan qutulgandan keyin ortidan albatta yaxshi kunlar keladi”.
* * *
Jiashenning so‘lg‘in va suyagi bo‘rtib chiqqan yuziga qaradim, turmush qurganimizdan beri uning biror marta ham baxtni his etishiga imkon yaratib bermaganimni o‘ylab kuyundim.
Jiashen esa xursand ko‘rinardi. “Davosi yo‘q ekanligi yaxshi bo‘ldi, aks holda, davolash uchun pulni qayerdan topgan bo‘lardik?”, dedi. Qishloqqa kiraverishda Jiashen o‘zini yaxshi his etayotganini va o‘zi yura olishini aytdi. “Yuchinni qo‘rqitmaylik”, dedi. Rafiqam o‘g‘limiz onasini bu ahvolda ko‘rib, xafa bo‘lmasin, deb qayg‘urayotgan edi. Onalar mana shunday mayda-chuydalar haqida ham o‘ylashadi.
* * *
Ayollarning asabi chidamli, aytmagan yoki qilmagan narsalari qolmaydi.
* * *
Xalqda shunday ibora yuradi: “Balo kelyapman, deb ogohlantirmaydi!”
* * *
O‘g‘limni tuproqqa topshirishim kerak edi, biroq undan ajrala olmayotgandim. Ota-onamning qabrlari poyiga cho‘kdim va Yuchinni bag‘rimga bosdim – uni yerga qo‘yolmayotgandim. Uni asta yelkamga suyadim, yuzlari ham qotib qolgandi, xuddi yelkamda bir parcha muz turgandek go‘yo… Kechki shamol barglarni to‘zg‘itar, o‘g‘limning tanasi qirovdan nam bo‘lib ulgurgan edi. Bugun ertalab maktabga ketayotgandagi holati ko‘z oldimda shundoqqina turibdi: u yugurgilab borar ekan, yelkasiga ilgan maktab sumkasi bir yuqoriga, bir pastga sakrardi. Yuchin endi aqalli bir og‘iz so‘z ayta olmasligini yoki maktabga yalangoyoq chopib bormasligini o‘ylash yuragimga tig‘day botardi. Yig‘layverib ko‘zimning yoshi qurib qoldi.
* * *
Insonlar aslo esdan chiqarmasligi kerak bo‘lgan to‘rtta qoida bor: nojoiz so‘zni gapirmaslik, nojoiz yotoqda yotmaslik, nojoiz eshikdan kirish va qo‘lini begona cho‘ntakka suqish.
* * *
Ayollar qaysar bo‘lishadi, bir narsani tutib oldilarmi, hech kim buni o‘zgartira olmaydi. Hammamiz oddiy insonmiz. Albatta, mamlakat muammolariga nisbatan beye’tibor emasdik, faqat ularni tushunmasdik, xolos.
* * *
Kun bo‘yi yotoqda yotish dalada javlon urgandan ham ko‘proq charchatadi odamni. Buning ustiga tanasini qimirlata olmasa…
* * *
Xalqda shunday maqol bor, bilasanmi, yashil tog‘lar bor bo‘lsa, yoqadigan o‘tinning g‘amini yemasa ham bo‘ladi.
* * *
Ichkariga kirsangiz, hamma joyda, hatto hojatxonada ham Oliy Rais Maoning so‘zlari yozilgan bo‘lardi. Fengxianing yostiq jildida “Sinfiy kurashni aslo unutma!”, deb yozib qo‘yilgandi. Ko‘rpachalarning ustida bo‘lsa: “Katta bo‘ronlarga qarshi marsh!” degan yozuvlar bor edi. Fengxia va Erchi har kuni Rais Maoning so‘zlari ustida uxlashardi.
* * *
Inson hayoti davomida qanaqa qiyinchiliklarga uchrashiga qaramasdan, o‘limi yaqinlashganda o‘zini ovutadigan bir narsalar topa olarkan.
* * *
Oddiy hayot eng to‘g‘risi, menimcha. U bilan janjallash, bu bilan kurash deb, natijada o‘z hayotingni qo‘ldan chiqarib qo‘yasan.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

