16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

BIRORTA HAM MEHMONXONA YO‘Q YAKKABOG‘ TUMANIDA

kichik otellar qurgan investorlarga davlat budjetidan subsidiya beriladi

Hududlarda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yurtimizdagi mehmonxona mavjud bo‘lmagan 22 ta shahar va tumanda, shu jumladan, Yakkabog‘ tumanida kichik otellar qurish va ularni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Imkoniyat

Respublika hukumatining o‘tgan yil 30-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, bunday subsidiyalar 2025-yil 1- yanvardan 2026-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikati berilgan yangi qurilgan (rekonstruksiya qilinmagan) kichik otellar (ya’ni sig‘imi 10 tadan 30 ta xonagacha bo‘lgan mehmonxonalar) uchun ularning  xonalar sonidan kelib chiqqan holda taqdim etiladi. Davlat budjetidan ajratiladigan bir martalik subsidiyalar miqdori kichik otellarning umumiy xonalari soni 10 tadan kam bo‘lmagan holda, har bir xona uchun 10 million so‘m, 15 tadan kam bo‘lmagan holda, har bir xona uchun 15 million so‘m, 20 tadan kam bo‘lmagan holda, har bir xona uchun  20 million so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Yakkabog‘ tumanida mahalliy va xorijiy sayyohlarni qiziqtiradigan juda ko‘plab diqqatga sazovor joylar (masalan, Amir Temur g‘ori, Sohibqiron tug‘ilgan Xo‘jailg‘or qishlog‘i, tarixiy, ekologik, ekstremal va etnik turizmni rivojlantirish salohiyatiga ega Tatar, Vori va Zarmas qishloqlari) bo‘lsada, hududda bugungi kunda birorta ham mehmonxona yo‘q. Tumandagi ilk kichik otel 2023-yilning iyun oyida Ayg‘irko‘l mahallasi «Yangi O‘zbekiston» massivida «Kolag» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurila boshlangan. Investor Bunyod Meyliyevning aytishicha, original loyiha bo‘yicha barpo etilayotgan  zamonaviy majmua o‘z ichiga 20 xonadan iborat shinam mehmonxona, biznes-markaz, oilaviy restoran, fitnes zali, musiqiy favvora va ko‘plab savdo do‘konlarini oladi. Loyiha qiymati 1 million dollarni tashkil etadigan bu otelni joriy yilning oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Yuqorida qayd etilgan qaror va nizomda, shuningdek, YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda toifali (yulduzli) mehmonxonalarni qurish xarajatlarini qoplash tartibi ham belgilangan.