Viloyatimizda doimiy aholi soni 2024-yil davomida 78,7 ming nafarga ko‘payib, joriy yil 1 yanvar holatida 3 million 639,3 ming kishiga yetgan.
Dolzarb statistika
Viloyat statistika boshqarmasi demografiya va mehnat statistikasi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Qashqadaryoda tug‘ilishlar soni 100,9 ming, o‘limlar soni 15,5 mingtani tashkil etgan. Har 1000 nafar aholiga tug‘ilish koeffitsiyenti 28 promile, o‘lim koeffitsiyenti 4,3 promilega teng bo‘lib, ikkalasi ham 2023-yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan mos ravishda 0,9 va 0,4 promilega kamaygan.
Ayni paytda 2024-yil davomida vohamizga 11,1 ming kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelib, 17,8 ming kishi xuddi shu maqsadda ko‘chib ketgan. 2023- yil bilan taqqoslaganda har 1000 nafar aholiga ko‘chib kelish koeffitsiyenti 2,6 promiledan 3,1 promilegacha, ko‘chib ketish koeffitsiyenti 4,6 promiledan 4,9 promilegacha ko‘paygan.
Qashqadaryo doimiy aholisining 42,7 foizi (1 million 553 ming nafari) shaharlarda, qolgan 57,3 foizi (2 million 86,3 ming nafari) qishloqlarda yashaydi. Ayollar (1 million 793,9 ming nafar)dan ko‘ra erkaklar (1 million 845,4 nafar) soni 51,5 ming kishiga ko‘pdir.
Doimiy aholi sonining viloyat hududlari bo‘yicha taqsimlanishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eng ko‘p aholi (319, 4 ming kishi) Koson tumanida yashaydi. Ikkinchi o‘rinda – Qarshi shahri, viloyat markazida o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida aholi soni 300 ming nafardan oshib, 1 yanvar holatida 300,8 ming nafarga yetdi. Qamashi tumani (299,8 ming nafar) uchinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Viloyatimizda doimiy aholisi soni eng kam hududlar sirasiga Muborak (95,2 ming kishi) va Mirishkor (132,3 ming kishi) tumanlari hamda Shahrisabz shahri (150,1 ming kishi) kiradi. Darvoqe, Shahrisabz shahri, Shahrisabz tumani va Qarshi shahrida viloyatimiz hududlari orasida eng past tug‘ilish koeffitsiyentlari (har 1000 nafar aholiga mos ravishda 23,8, 24,4 va 24,6 promile) qayd etilgan. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Ko‘kdala (33,1 promile), Chiroqchi (30,7 promile) va Qamashi (30,2 promile) tumanlarida kuzatilgan.
O‘z muxbirimiz

