16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

BUGUNGI KO‘KDALA MANZILLARI

Ma’lumki, bundan uch yil avval, aniqrog‘i Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2022-yil 2-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 2022-yil 17-martdagi «Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilinib, Qashqadaryo viloyati tarkibida yangi ma’muriy hudud tashkil etilgan edi.

Fotoreportaj

Prezidentning 2022-yil 19-apreldagi «Qashqadaryo viloyati tarkibida Ko‘kdala tumanini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan esa ushbu hujjat ijrosi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar aniq belgilab berildi. Jumladan, hududda davlat organlari, moliya-bank muassasalari bo‘linmalari, sud-huquq, mudofaa, favqulodda vaziyatlar idoralari tuzilmalari, ijtimoiy soha, kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bo‘limlari, davlat xizmatlari markazi kabilarni o‘z ichiga olgan zarur infratuzilmani yaratish, ular faoliyati uchun zamonaviy binolar qurish ko‘zda tutilib, ishlarni moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatib berildi. Tez orada yangi tuman ma’muriy-hududiy chegarasini hisobga olgan holda uning 2040-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqilib, yirik bunyodkorlik ishlari ham boshlab yuborildi.

Natijada o‘tgan davr mobaynida yaratish ruhi bilan yashayotgan hududda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, farovon manzillar ko‘zga tashlana boshladi. Xususan, Yettitom shaharchasi va uning atrofida barpo etilayotgan binolar, turar joy massivlari, dam olish maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyeklari nafaqat zamonaviy me’moriy yechimlari, balki ularda yaratilgan sharoitlar bilan ham bugungi standart talablarga to‘la javob beradi.

Joriy yilning o‘zida hududda 20 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta umumta’lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirilgani sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar joylarda qanday bo‘y ko‘rsatayotganini ifodalashi bilan birga, bilimli va barkamol avlodni tarbiyalashda asqatishi muqarrar. Bu manzilda qad rostlagan zamonaviy kutubxonalar, ma’naviyat maskani, sport inshootlari ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi.

Bilamiz, har qanday vaziyatda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kun tartibidan tushmaydigan doimiy masala sanaladi. Tumanda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham shundan darak. Jumladan, bu yerda yangi qurilgan zamonaviy va so‘nggi rusumdagi ilg‘or tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan poliklinika mahalliy aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirdi.

Ko‘kdalaliklar yon-atroflarida bo‘layotgan bunday o‘zgarishlardan mamnun. Ayniqsa, hududdagi 159 kilometr yo‘lning ta’mirlanishi, 50 kilometr ichimlik suvi quvurlari va 80 kilometr elektr liniyalari yangidan tortilgani ularning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaganini faxr bilan tilga olishadi. Shu yerdan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘li bo‘ylarida qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari esa ham yo‘lovchilar, ham mahalliy aholi uchun qulaylik bo‘ldi.

Yettitom shaharchasida barpo etilgan istirohat bog‘i bugun aholining sevimli maskaniga aylanib, sog‘lom turmush tarzi targ‘ib etiladigan va qo‘llab-quvvatlanadigan ko‘ngilochar joy bo‘ldi. Yangidan qad rostlagan 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi esa aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, Vazirlar Mahkamasining  «2022-2024- yillarda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida hududning mavjud resurslaridan samarali foydalanish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, servis va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish borasida bajarilgan vazifalar ham katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jonlandi, yangi sanoat va ishlab chiqarish korxonalari soni ortdi, mavjudlari modernizatsiya qilindi. Qulay ishbilarmonlik muhiti ta’minlanishi ortidan qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Natijada yangi ish o‘rinlari ochilib, aholining bandlik darajasi o‘sdi, minglab ishsizlar daromadli bo‘ldi.

Eng muhimi, Ko‘kdaladagi bu o‘zgarishlar odamlarning turmush farovonligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ular hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda. Tuman esa obod va taraqqiy etib borayotgan ma’muriy hudud sifatida voha gavhariga aylanmoqda.

O‘z muxbirimiz

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.