Hukumat qaroriga asosan tez orada yurtimizning 38 ta tog‘li va cho‘l hududi, shu jumladan, viloyatimizning Shahrisabz va Kitob tumanlarida ziplayn xizmatlari va kanatli park (taypark) ekstremal turizm majmuasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
Rivojlanish strategiyasi
Turizm sohasi mutaxassislarining tushuntirishicha, ziplayn xizmati deganda sayyohlarning maxsus uskunalar (rolikli tizim, mahkamlash elementlari va xavfsizlikni ta’minlovchi anjomlar) yordamida ma’lum bir qiyalikda tortilgan po‘lat arqon bo‘ylab sirpanib tushishidan iborat bo‘lgan faol dam olish turi tushuniladi. Butun dunyoda ekstremal turizmning bu yo‘nalishi juda rivojlangan bo‘lib, ko‘pgina odamlar, ayniqsa, yoshlar unga qo‘rquvni yengish va hayajonli lahzalardan zavqlanib, yorqin taassurotlarga ega bo‘lish hamda tabiat manzaralarni balandlikdan tomosha qilish imkonini bergani uchun qiziqishadi.
O‘z navbatida kanatli (arqonli) park yoki taypark yerdan kamida ikki metr balandlikda joylashgan va bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan arqonli attraksionlar majmuasidir. U yerga kirgan har qanday inson arqon yordamida «cho‘qqi»larni zabt etib yoki to‘siqlardan kechib o‘tib yoxud arqonli to‘r va zinapoyalardan balandlikka ko‘tarilib, bir tomondan, chaqqonligini namoyish qiladi, ikkinchi tomondan o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib, jismoniy va ruhiy holatini yaxshilaydi. Muhimi, ziplayn xizmati majmualaridagidek arqonli parklarda ham xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratilib, tashrif buyuruvchilar maxsus kamar va dubulg‘a, boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlanadi, shuningdek, attraksionlardan foydalanish bo‘yicha sayyohlarning yoshi va tayyorgarlik darajasiga qarab ayrim cheklovlar qo‘yiladi.

Respublika hukumatining joriy yil 19-iyundagi qarori va unga asosan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarining tog‘li va cho‘l hududlarda ziplayn xizmatlari (po‘lat arqonning ikki uchi maxsus ustunlarga qotirib mahkamlangan attraksionda po‘lat arqon bo‘ylab yerdan ko‘tarilgan holda tortishish kuchi ta’sirida havo orqali maxsus moslama yordamida tushish bo‘yicha ekstremal turizm xizmatlari) va kanatli park (taypark) ekstremal turizm majmuasi (yer sathidan ma’lum masofa balandlikda arqonlar yordamida mahkamlangan attraksionlardan tashkil topgan, turli darajadagi qiyinchilikdagi vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan sport va sayyohlik majmuasi)ni tashkil qilish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi belgilangan. Xususan, tog‘li va cho‘l hududlarda umumiy masofasi 200 metrdan kam bo‘lmagan ziplayn ekstremal turizm majmuasini barpo etishga sarflangan mablag‘ni qisman qoplash uchun 100 million so‘m, 150 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan kanatli park (taypark) ekstremal turizm majmuasini barpo etishga sarflangan mablag‘ni qisman qoplash uchun esa 80 million so‘m miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi. Bunday subsidiyalar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, ekstremal turizm majmualari to‘liq foydalanishga topshirilgandan keyin beriladi.
Sirasini aytganda, ushbu chora-tadbirlar respublikamizning olis hududlari imkoniyatlaridan samarali foydalanib, turizm yo‘nalishiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, ekstremal turizm xizmatlarini kengaytirib, zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etish va tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali aholini daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlashga zamin hozirlaydi.
O‘z muxbirimiz

