16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

BA’ZILAR HAQIDA YAXSHI GAPIRSANG, LAGANBARDOR BO‘LASAN, YOMON GAPIRISH – XAVFLI

Asqad Muxtor – faylasuf yozuvchi, bitiklarida teran fikrlar, dunyoga o‘ziga xos nazar ko‘zga tashlanib turadi. “Daryolar tutashgan joyda”, “Qoraqalpoq qissasi”, “Buxoroning jin ko‘chalari” qissalari, “Opa-singillar”, “Tug‘ilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Amu”, “Chinor” romanlari o‘zbek adabiyoti oltin xazinasidan munosib o‘rin egallagan.

“99 miniatura”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i” she’riy kitoblarini o‘tgan asr 60-70-yillari o‘zbek she’riyatidagi katta voqea sifatida e’tirof etishadi. Asqad Muxtor tarjimasida Sofokl, Tagor, Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy, Gorkiy, SHevchenko, Blok, Korneychuk, Pavlenko asarlari o‘zbek kitobxonlarining ma’naviy mulkiga aylangan.

So‘nggi asari sanalmish “Uyqu qochganda” (Tundaliklar) kitobi yozuvchining bedor qalbi, uyg‘oq tafakkuri, tug‘yonli kechinmalarini aks ettirgani bilan ahamiyatli. Bugun taqdim etilayotgan lavhalar shu mo‘jaz kitobdan.

Saralangan satrlar

* * *

Tasavvuf haqida gapirilganda, u ko‘pincha panteizmga, neoplatonizmga qiyos qilinadi. Unday bo‘lsa, nima uchun bu oqimlarga amal qilgan Dante, Petrarka asrlardan beri ulug‘landi-yu, tasavvufga buncha qora chaplandi? Fransuz ma’rifatchiligi butun oqim sifatida ko‘klarga ko‘tarildi-yu, nima uchun bizning jadidlarga “burjo‘y mafkurachilar” degan (go‘yo “yo‘qsil ma’rifatchilar” ham bo‘ladiganday!) qora tamg‘a bosildi?

Menimcha, bu va bu singari kamsitishlar bizlarga mustamlaka deb qarashning alomatlari edi.

* * *

Biz nimaiki yozsak, kimdandir iqtibos olamiz. Falon donishmand bunday degan, falon klassik unday degan… Ulug‘larning “aforizm”larini butun-butun kitoblar holida nashr etamiz. Vaholanki, ularning ko‘pi allaqachon hech qanaqa “suyanchiq”qa muhtoj bo‘lmagan, hammaga ma’lum oddiy haqiqatlar. Bu didaktik konservatizm original tafakkur rivojiga xalal bermaydimi? Men ulug‘larga qarshi emasman, ammo o‘z fikrlash salohiyatimizni ham ishga solishimiz kerak-da! Ulug‘lar aytgan deb, oddiy haqiqatlarni maqola va kitoblarimiz, shiorlarimizda takrorlayveramizmi? “Sof havo hammamizga kerak!” deb hech kim alvonlarga katta qilib yozib qo‘ymaydi-ku?!

* * *

Kuzatishimcha, odamlar gapirayotgan gapning, taxminan, yetmish-sakson foizi ortiqcha ekan. Kimdandir eshitgan edim: bir tovushni talaffuz qilish uchun falonchi energiya sarf bo‘ladi, deb. Unday bo‘lsa, harf va raqamlar bu jihatdan ham juda katta iqtisodiy-moliyaviy kashfiyot ekan. Bo‘lmasa, masalan, “uchta uy” deyish o‘rniga fikrni tushuntirish uchun o‘sha uchta uyni ko‘chirib-ko‘tarib keltirish kerak bo‘lardi… Sviftning bir satirasi esimga tushadi. Laput boylari energiyani tejash uchun, aytish kerak bo‘lgan narsalarni o‘zlari bilan olib yurisharmish. Hangomalashgani borganda xizmatkorlari hamma lash-lushlarini yelkalab kelishar ekan…

* * *

Mo‘jiza – sir – bilim – haqiqat. Bular shu tartibda bir-birini inkor qiladi va bir-birisiz yasholmaydi.

* * *

O‘zingnikigina emas, o‘zgalarning nodonligi ham yozishga xalaqit beradi.

* * *

Laganbardor boshliqning erish nuqtasini biladi.

* * *

Bu tanqidchi misli jarrohdek: avval jindek maqtov bilan uxlatib, keyin operatsiya qiladi.

* * *

Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli bo‘lavermaydi. Chunki hech kim o‘zini talansizman deb o‘ylamaydi.

* * *

Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) bo‘lish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.

* * *

Tanqidchi yosh adibni qimmatbaho fikrlarining oltin yombisi bilan urib mayib qildi.

* * *

Adabiyot fan-texnika inqilobi davrida ham inson bilan ish ko‘rishi kerak. Ekzyuperi maqtagan samolyotlar hozir hech narsaga yaramay qoldi. Lekin Mitti Shahzodasi hali uzoq yashaydi.

* * *

Yozuvchi yolg‘onni to‘qiydi-yu, haqiqatni yozadi.

* * *

O‘zimizda bo‘lgan tuyg‘ularni yashirish qiyinmi yoki o‘zimizda bo‘lmagan tuyg‘ularni ifodalashmi? Shukur Burhon mening bu savolimga shunday deb javob bergan edi: ikkalasiga ham artistizm kerak.

* * *

Agar ayb faqat bir tomondagina bo‘lsa, urushlar uzoq davom etmas edi.

* * *

Miltiq har otganda o‘zi seskanib orqaga tisariladi.

* * *

Har xil ekstrasensu azayimxonlarning aybi yo‘q: ular aldangisi kelganlarni aldaydi.

* * *

Odam mast bo‘lsa, bir uxlab turgach, hushiga keladi, ahmoq esa – aslo. Bordi-yu, odam ham ahmoq, ham mast bo‘lsa-chi?

* * *

Iste’dodsiz shuhratparast juda tuban va shafqatsiz bo‘ladi.

* * *

Dara tinch. Bu yerda hamma narsa sekin-asta: tong asta yorishadi, olam to‘fondan qalqib chiqayotganday, tun zulmatidan asta ko‘tariladi. Bu joylarda Yerning aylanishini tasavvur qilish mumkin emas.

Bu yerlarga Kopernikning o‘zi kelib qolsa ham gapidan voz kechardi, voolloh!

* * *

Bir qolipdagi (tipovoy) imoratlar, bir qolipdagi shaharlar xuddi shunday bir qolipdagi odamlar va bir qolipdagi fikrlovchilarning paydo bo‘lishiga yordam beradi.

* * *

Faqat klassika munozarasiz qabul qilinadi. Biz esa klassik emasmiz. Bizning asarlarimiz qarshilikka uchrashi, bahs qo‘zg‘ashi kerak.

* * *

Vaqt inson hukmida emas. U – Allohning mulki. Shuning uchun sudxo‘rlik (qarz berib, foizi evaziga kun ko‘rish) haromdir. Zero, sudxo‘r vaqtni (o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani) sotadi.

* * *

Uning “ko‘tarilishi” ham, “yiqilishi” ham aqllilik balosi edi.

* * *

Ba’zilar haqida yaxshi gapirsang, laganbardor bo‘lasan, yomon gapirish – xavfli.

* * *

Fizikada oqibat sababga teng. Axloqda ham shunday.

* * *

“Guliston”da ishlar edim. Mahmud Sa’diy degan xodimimiz bozorda kitob ayirboshlayotgan ekan, militsiya ushlab olib ketibdi. U juda bilimdon, kitobxo‘r: biz uni Shayx deb atar edik… Mening iltimosim bilan militsioner idoraga keldi, yoshgina leytenant ekan.

Gapni uzoqdan boshlamoqchi bo‘ldim:

– Ibn Sino Buxoroning kitob rastasida Forobiyning Arastuga sharhlarini topib olganda xursandchiligidan bir zumga hushini yo‘qotgan ekan…

– Forobiy degan shoirni eshitganman, u ham sizda ishlaydimi?

– Yo‘q, bizda faqat Shayx Sa’diy ishlaydi.

Hazil-mutoyiba o‘tmadi. Aniq gap qildim.

– Bu yigit uylanganida kelinni oshxonaga tushirib kelgan. Chunki uch xonali uyning hamma xonalari liq kitob bo‘lgan. U shunaqa kitob jinnisi.

– Jinniligiga spravkasi bormi?

* * *

“Nur alan – nur” degan yaxshi ibora bor. Uni ko‘pincha “Nur ustiga a’lo nur” deb nodonlarcha buzib ishlatadilar.

“Ko‘cha odamlar bilan gavjum”, deydilar. Vaholanki, “odamlar bilan gavjum”, “qo‘ylar bilan gavjum” deb bo‘lmaydi. Chunki “gavjum”ning o‘zi “odam ko‘p” degani.

“Faoliyat ko‘rsatishni amalga oshirdilar”, “sharofati natijasida”, “raqobat kurashi”, “ustidan kuldi”… Bunday “nodir” kashfiyotlarni sanayversangiz, son mingta. Yoshlarning, ayniqsa, muxbirlarning tildagi pala-partishliklaridan har gal ranjiyman. Axir, tilimiz – shakllangan buyuk tarixiy til. Hech bo‘lmasa, uning oq sochli bobo yoshini hurmat qilish kerak. U yuz yil emas, besh yuz yoki ming yil emas, o‘n besh, hatto yigirma asrlik tarixga ega.

* * *

Hayvoniy instinkt xavf-xatarni oldindan payqaganday, ijodiy tasavvur ham uzoqdagi fikrni go‘yo bir o‘zgaruvchan bulut parchasi kabi ko‘ngil ko‘zgusida ko‘rib, goh chaqmoq singari o‘tli chiziqlar, goh qandaydir etyudlar, qiyofalar, kompozisiyalar, taqdirlar tarzida shakllantira boshlaydi. Biroq, idrok tasavvurni to‘la qabul qilmasligi ham mumkin. Oliy instinkt sezimi ko‘pincha haligi o‘zgaruvchan bulut parchasiday tarqab ham ketadi.

Tuban instinkt takrorlanib paydo bo‘ladi. Oliy instinkt esa balqib-nurlanib yuzaga chiqadi. Ikkalasi ham kuchli, jasoratli bo‘lishi mumkin. Ammo, ikkinchisigina ba’zan katta g‘oya, dohiyona haqiqatga evriladi.

* * *

Amir Temur Hofiz SHeroziy bilan uchrashganda shoirning mashhur misralarini esga olib: “Hali senmisan jononning bitta xoliga Samarqandu Buxoroni bag‘ishlab yuborgan?!” deb darg‘azab bo‘lganmish, degan gaplar yuradi. Bu – aqlga sig‘maydigan uydirma.

Aslida, bu avvaliga do‘stona hazil-mutoyibadan boshlangan jiddiy suhbat bo‘lgan. Bu o‘sha shoirning dastlabki javobidan ham ko‘rinib turibdi: “Saxovat, taqsir, azbaroyi saxiyligimizdan shunday yupun bo‘lib o‘tiribmiz-da!..”

B.SAYFIYEV tayyorladi.