LABZ
U labzini buzdi, sotgan uyini qaytarib oldi. «Uy oldik», deya ko‘ngli tog‘ bo‘lgan bir etak bolali oilaning shodligi ko‘pga bormadi-qaytarib berilgan pulga mahzun qarab qolishdi. Hujjat qilinmagani uchun ovozlarini o‘zlaridan boshqaga chiqarishmadi…
Narxi balandroq xaridor kelgan ekan… Qariyb ikki barobar ko‘p pul taklif qilgan ekan…
Oradan hech qancha vaqt o‘tmadi. Hali u uy sotgan pulini sanab ham ulgurmagandi – avtohalokatga uchradi. Ikki oyog‘i ishlamay qoldi. Davolanishiga bir uyning puli ketdi. Umrbod nogironga aylandi…
Sotilgan uyning puli yomon kuniga yaradi…
«OLIM»
U o‘qigan kitoblariga ma’suslanib o‘zidan avliyo yasab oldi. Boshqalarni ham o‘qishga da’vat etdi…
Ammo… Kitob o‘qib ma’rifatli bo‘ldi-yu, ma’naviyatli bo‘lolmadi. Manfaat bilan to‘qnash kelganida og‘ib ketdi – vijdonini pulladi. Hamtovog‘ini sahnaga chiqarib, o‘zi parda ortiga bekinib oldi.
Kitoblar uni olim qildi-yu, odam qilolmadi…
LAYLAKLAR
Bir juft laylak uchib keldi-yu, qadrdon chinorini topolmadi – kesishibdi. Atrofni gir-gir aylanib, qulay joy qidirishdi. Noiloj simyog‘ochga in qurib, joylashib oldilar.
Joylashishga joylashdi-yu, baribir, yashillikni qumsashdi. Ularni kun issig‘idan asrab, yelpib turgan yam-yashil barglarni sog‘inishdi…
O‘ZIMIZ
Ko‘chaga chiqishim bilan ko‘zlarim peshtoqlardagi yozuvlarga uriladi: ona so‘zlar xorij so‘zlari panasida qolgan… Ba’zan xorij so‘z ona so‘z yonida o‘tirib olib, birikmoqchi bo‘lgan. Lekin o‘xshamagan, qovushmagan, zo‘rma-zo‘rakiligi sezilib qolgan… Ona so‘z yonidagi yotdan qochay-qochay degan, ammo qocholmagan. O‘z uyida begonaday, qisingan, qimtingan…
Hamma joyda ahvol shu: xo‘roz bir xil qichqiryapti…
Eng yomoni, xo‘rozni qichqirtirayotgan o‘zimiz…
ChatGPT VA CHUMOLI
Yoshlarga qiziqib qolib, ChatGPT bilan suhbatlashgim keldi. Qarasam, qanday yordam kerak, deb so‘rayapti. Qo‘lidan kelmagan ish yo‘q, deyishgandi, ijodiy qobiliyatini sinagim keldi.
«Menga chumoli haqida mitti hikoya yozib ber. Qisqa, lo‘nda va mazmunli bo‘lsin», dedim.
Ko‘z ochib yumguncha javob qaytardi:
«Mana, Lola! Quyida so‘raganingdek chumoli haqida qisqa, ammo ma’nosi chuqur drabll tayyorladim».
O‘qidim:
«U kichik edi. Bir urug‘ donni yiqilgan joyidan olib, tik tepalikka qarab sudray boshladi. Yo‘l og‘ir, yelkasidagi yuk undan ham og‘ir edi. Bir necha marta yiqildi, g‘ildirakday bo‘lib pastga tushib ketdi. Hamma qarab, kulib o‘tdi.
Lekin u to‘xtamadi. Yuzinchi martada don tepalikning boshiga yetdi.
Shunda bir bola pastdagi manzarani kuzatib, yonidagi otasiga shivirladi:
– Dada, odamlar ham chumoliday bo‘lsa-chi…
Otasi jim turdi. Chunki javob shunda edi…»
Hikoya tugadi. Ammo ChatGPTning ilhomi jo‘sh urgan, shekilli, meni hamkorlikka, birga ijod qilishga, kitob chiqarishga chorlay boshladi…
Hayratga tushdim. Nima deyishni bilmay telefonimni o‘chirib, tashqariga chiqib ketdim…
BO‘SH QOP
Fikrsiz kishi bo‘sh qopga o‘xshaydi. Uni zahar bilan ham, shakar bilan ham to‘ldirish mumkin.
G‘OLIB
Yolg‘onning avji baland keldi: tanlovda g‘olib bo‘ldi…
G‘olib bo‘lish uchun qing‘ir ishning qirq ko‘chasiga kirib chiqdi…
Rost bir chetda mung‘ayib qoldi.
U yolg‘on yurgan yo‘llardan yurmadi. O‘ziga ishondi…
Lekin chetda qolganidan o‘kindi.
So‘ng o‘zi o‘ziga dalda berdi:
«Bu bir tanlov bo‘lsa… Hayotda sen g‘olibsan. Chunki abadiysan!
Yolg‘onning esa umri qisqa!».
DOLLAR
Avtobusda suhbat avjiga chiqdi:
– Dollarning kursi tushibdi, – dedi kimdir. – Kimga kerak bo‘lsa, olib qolsin.
– Tushibdi, yo‘g‘-ye ,- dedi vahima bilan boshqasi. – Endi nima bo‘ladi?
– Nima bo‘lardi – yaxshi bo‘ladi-da. Narx-navo pasayadi.
– Pasaymaydi, – dedi boshqa birov. – Oshgan narsaning tushganini ko‘rganmisiz? Shunchaki o‘rtada kimlardir pul ishlab qoladi.
– Qanchaga tushibdi? – so‘radi yana biri.
– Sotilishi necha so‘m ekan?..
– Olishi-chi?..
– Yana tusharmikan?..
Xullas, bir-birlarini savollarga ko‘mib tashlashdi…
– O‘zi xotinning gapiga kirmaslik kerak. Unga, so‘m bo‘lib turaversin, deb aytgandim, dollar qiling, deb turib oldi…
– Dollarning bo‘lgani shu-da – o‘ynab turadi: dam tushadi, dam ko‘tariladi. Vahima qilmang.
– Vahima qilmay bo‘ladimi? Tushaversa, ko‘yib qolamiz-da.
– Dollar ko‘pmi deyman, aka? – yoshroq yigit so‘z qotdi.
– Ha, endi tirikchilikdan ortganini bundoq yig‘ib qo‘ysa yaxshi-da, ukam. Pul zarur bo‘lsa, betingning suvini to‘kib, kimning eshigini qoqasan?
Yo‘lovchilarning gapini eshitib o‘tirgan o‘rta yoshli kishi kulimsirab qo‘ydi. Uning xayoliga, yaxshiyam boy emasman, yaxshiyam dollarim yo‘q, degan fikr kelgandi.
KO‘NGIL
Kampir yostig‘ining tagidan 20 ming so‘m pul chiqarib, o‘g‘liga uzatdi:
– Bolam, davleniya dorim qolmabdi. Olib kelib ber.
O‘g‘il pulni olib, chiqib ketdi. Ona ortidan qarab qoldi. Ko‘z o‘ngida o‘g‘lining qo‘shaloq mashinasi, dang‘illama hovlisi, xotinining qo‘llarini bezab turgan tilla uzuklar namoyon bo‘ldi va chuqur xursindi…
Ko‘ngil-da, u o‘g‘lidan: «Pulingizni joyiga qo‘ying, onajon. O‘zim olib kelib beraman», degan gapni kutgandi…
«USTOZ»
U ahmoqqa aql o‘rgatib, o‘zi ham ahmoq bo‘ldi…
SABAB
U mansabni emas, mansab uni quvdi va qaysi rahbar ishga kelsa, o‘ziga o‘rinbosar qilib oldi. Taqdir taqozosi bilan shamol uzoqroqqa uchirib ketgan bo‘lsayam baribir topib kelib, yoniga o‘tirg‘izib qo‘ydi. Chunki…
Uning lug‘at boyligida «xo‘p»dan boshqa so‘z yo‘q…
Lola O‘ROQOVA

