16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi – O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni

Ma’lumki, yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik, mamlakatni obod qilish ishlari yildan-yilga keng qamrov olmoqda. Xususan, qurilish sohasi xodimlarining fidokorona mehnatlari natijasida mamlakatimizda bugun katta-katta zamonaviy turar joy majmualari, ishlab chiqarish korxonalari, yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat hamda sport obyektlari kabi muhim infratuzilma inshootlari barpo etilib, xalqimiz uchun zamonaviy hayot sharoiti yaratishga xizmat qilmoqda.

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida Qashqadaryoda jami 7 trillion 673,8 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 102,7 foizni tashkil etdi.

Vohamizda birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan qurilish ishlarining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bino va inshootlarni qurish yo‘nalishi hissasiga bunyodkorlik umumiy hajmining 75,2 foizi, fuqarolik obyektlarini qurish yo‘nalishiga 12,3 foizi, ixtisoslashgan qurilish ishlariga 12,5 foizi to‘g‘ri kelmoqda.

Shahar va tumanlar kesimida qurilish sohasidagi eng yuqori o‘sish sur’atlari Qarshi (123,8 foiz) va Mirishkor tumanlari (116,4 foiz), viloyat markazi (112,5 foiz) hamda Qamashi (111,2 foiz) va Chiroqchi (110 foiz) tumanlarida qayd etildi.