16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

NOYOB ZAVODNING YUKSALISH YO‘LI

«Dehqonobod kaliy zavodi» aksiyadorlik jamiyati Qashqadaryoda istiqlol yillarida barpo etilgan eng ulkan va eng noyob korxonalardan biridir. Uning xomashyo bazasi – Tepaqo‘ton kaliy tuzlari koni o‘tgan asrning o‘rtalarida ochilib, 50-60-yillarda obdan o‘rganilgan bo‘lsa-da, sobiq ittifoq davrida ushbu xazinani o‘zlashtirish va uning boyliklarini xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish, atrofidagi hududlarni obod qilish, mahalliy aholi farovonligini ta’minlashga yo‘naltirish hech kimning xayoliga ham kelmagan. Kelgan taqdirda esa markaz tomonidan «imkoni yo‘q», «iqtisodiy jihatdan samarasiz», «qoloq tumanda zavod uchun kadrlarni qayerdan topamiz» degan bahonalar bilan mantiqsiz fikr, deya baholangan.

Mustaqillik inshootlari

Mustaqillik «imkoni yo‘q» degan so‘zlarga o‘rin qoldirmadi. O‘zbekistonning janubiy – Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini o‘zaro bog‘lagan va «Asr mo‘jizasi» deb nom olgan Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilgach, mintaqada va xususan Dehqonobodda ham sanoat rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratildi. Tepaqo‘ton konida jahonda birinchi marta silvinit (kaliy tuzlari) qatlamiga yetib borish uchun qiya lahimlar qazilib, tog‘-kon majmuasi barpo etildi. U yerda rudani yopiq shaxta usulida tog‘-kon kombaynlari yordamida qazib olish va yer ustiga lentali konveyyerlarda olib chiqib, maromlashtirish yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda Dehqon-obod temir yo‘l bekati yaqinida qayta ishlash majmuasi qad rostladi – bu kompleksda Tepaqo‘ton konidan yuk avtomobillarida tashib keltirilgan silvinit rudasiga  kimyoviy reagentlar yordamida ishlov berish va undan flotatsiya usulida kaliy xlorid mahsulotini ajratib olish jarayonlari amalga oshirila boshlandi. Shu tariqa 2010-yilning avgust oyida tog‘-kon va qayta ishlash majumalaridan tarkib topgan zavodda yurtimiz tarixida ilk marotaba kaliy o‘g‘itlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va O‘zbekiston ham azotli, ham fosforli, ham kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi kam sonli mamlakatlar qatoridan joy egalladi.

O‘tgan haftada «Dehqonobod kaliy zavodi» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi va ushbu korxona tashkil topganligining 15 yilligiga bag‘ishlangan ko‘plab bayram tadbirlari – sport musobaqalari, xayriya aksiyalari, taqdirlash marosimi va katta konsert tashkil etildi.

2 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ jamoasini qo‘shaloq bayram bilan viloyat hokimi Murotjon Azimov, «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov, yurtimizdagi bir qator sanoat korxonalari rahbarlari va  boshqalar samimiy muborakbod etib, zavodning tarixi, yutuqlari, kimyo sanoati va voha iqtisodiyotidagi o‘rni hamda asosiy mahsuloti – kaliy o‘g‘itlariga O‘zbekiston va jahon bozorida talab yuqoriligi haqida so‘z yuritishdi. 

Korxona rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh soha fidoyilariga faxriy yorliqlar, «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ 15 yil» ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirildi. Zavod rahbariyatining tashabbusi bilan yubiley tadbirlari doirasida 30 nafar kam ta’minlangan oila farzandlarining sunnat to‘yi ham o‘tkazilib, ularga maktab formasi, o‘quv anjomlari to‘plami va velosipedlar taqdim etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tepaqo‘ton koni negizida barpo etilgan «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan o‘g‘itlar shu paytgacha Shri-Lanka, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Vyetnam, Xitoy, Qozog‘iston kabi dunyoning 30 dan ortiq mamlakatiga eksport qilingan.