Buyuk Britaniyada 2024–yilning mart oyidan joriy yilning martigacha rekord darajada do‘konlardan o‘g‘irlik holatlari sodir etildi. Bu haqda Times gazetasi mamlakat parlamentiga kelib tushgan ma’lumotlarga asoslanib yozgan.
12 oyda Angliya va Uelsda umumiy hisobda 530 ming 643 holatda do‘kon o‘g‘irligi qayd etilgan. Bu 20 yildan ko‘proq kuzatuvlar davri uchun eng yuqori daraja.
Kuniga 800 ga yaqin o‘g‘irlik holatlari ochilmay qolgan, bu yiliga 290 mingdan ortiq shunday jinoyatni tashkil etadi. Manbaning qayd etishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan do‘kon o‘g‘irliklarining atigi 18 foizi yuzasidan ayblov ilgari surilgan.

