16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Qarshidagi mashhur ko‘chaga nomi qo‘yilgan Shibayev kim?

Yoshi kattalar Qarshi shahridagi «ulitsa Shibayeva» haqida yaxshi bilishadi. Xo‘sh, bu nom egasi kim?

Gap shundaki, ushbu ko‘chaga Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mixail Shibayev nomi berilgan.

Mixail Petrovich Shibayev 1916-yil 14-noyabrda Rossiyaning Penza viloyati Mokshanskiy tumanidagi Chernazoriy qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. Shibayevlar oilasi Mixail ancha yoshligida Toshkent shahriga ko‘chib kelishadi. Keyinchalik Mixail ham shu yerda rassom bo‘lib ishlay boshlaydi.

1942-yilning yanvar oyi boshida Mixail Petrovich Toshkent shahar Frunze tumani harbiy komissariyati tomonidan ro‘yxatga olinib, frontga jo‘natiladi. Shu yilning aprel oyida Ukraina frontidan qonli janglarga qo‘shiladi.

1943-yil 15-oktabrda 120-piyoda polkining piyoda razvedka vzvodi komandiri, katta serjant Mixail Shibayev boshchiligidagi bo‘linma Ukrainaning Chernigov viloyati Chernigov tumanidagi Radul shaharchasi yaqinidan Dnepr daryosini kechib o‘tib, dushmanning katta bo‘linmasiga hujum qiladi. To‘qnashuvda Mixail Shibayev og‘ir jarohat oladi, ammo ko‘p qon yo‘qotishiga qaramay jangni davom ettiradi. Toki dushman to‘liq ortga chekinib, ularning okoplari xavfdan tozalanguniga qadar Mixail Shibayev va safdoshlari hujumni to‘xtatishmaydi.

Natijada polkning qolgan qismlari ham daryoni kechib o‘tib, hujumga qo‘shiladi va dushmanning harbiy qismi to‘liq tor-mor etiladi.

Jangda mislsiz jasorat ko‘rsatgan Mixail Shibayevga sobiq ittifoq Oliy Sovetining 1943-yil 30-oktabrdagi tegishli farmoni bilan «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni berilib, u orden va «Oltin Yulduz» medali bilan taqdirlanadi.

G‘alabadan so‘ng Mixail Shibayev Qarshi shahriga kelib, ko‘p yillar davomida shu yerdagi non ishlab chiqarish korxonasida sex ustasi bo‘lib ishlaydi.

U 1985-yilning 23-oktabrida vafot etgan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.