16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Xivada tug‘ilgan qashqadaryolik

Ayni shu e’tirofga loyiq ko‘rilgan Ro‘zmet Gaipov 1922-yilda Xiva shahrida tug‘ilgan. 1939-yilda o‘rta maktabni tugatgan. Mehnat faoliyatini 1938-yilda Xorazm viloyati paxta-beda stansiyasida kuzatuvchi sifatida boshlagan. Xorazm qishloq xo‘jaligi texnikumiga o‘qishga kirib, uni 1942-yilda tugatgan. 

Qashqadaryoga oid

Shu yili qizil armiya safiga chaqirilgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, artilleriyada jang qilgan. 1944-yil kuziga kelib 16-tank korpusining gvardiya yengil artilleriya polki qurol komandiri bo‘lgan. Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun 3-darajali «Shon-sharaf» ordeni va «Jasorat uchun» medali bilan taqdirlangan. 

1945-yilda uyiga qaytib, urushdan oldingi faoliyatini davom ettirgan. 1950- yilgacha  agronom, katta agronom lavozimlarida ishlagan. Keyin Urganch tumani paxtachilik bo‘limida bosh agronom, boshliq lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Turli yillarda Xorazm viloyati Urganch tumani partiya qo‘mitasi kotibi, Samarqand viloyati partiya komiteti kotibi lavozimlariga saylangan.

1965-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini agronom mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1968-yilda Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylangan.

Sobiq ittifoq oliy kengashi prezidiumining 1980-yil 6-martdagi farmoyishi bilan erishilgan yuksak muvaffaqiyatlar, mahsulotlar ishlab chiqarish, g‘alla, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini davlatga o‘z vaqtida yetkazib berish va sotishni ko‘paytirish bo‘yicha rejalar va sotsialistik majburiyatlarni bajarishda ko‘rsatilgan mehnat jasorati uchun Ro‘zmet Gaipov orden va oltin medal hamda Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan.

Uning tashabbusi bilan qisqa muddatlarda qurib foydalanishga topshirilgan «Moskva», Qarshi magistral kanallari Qarshi cho‘lining cho‘lligiga barham berishda, uni ekinzorlarga aylantirishda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Pachkamar, Hisorak suv havzalari, Talimarjon suv ombori ham shu davrda barpo etilgan.

Ro‘zmet Gaipov viloyatga rahbar bo‘lib kelgan davrda bu yerda yiliga 250 ming tonna paxta, 100 ming tonnaga yaqin g‘alla yetishtirilgan. Tez orada viloyat bu borada yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan. Ro‘zmet Gaipov qishloq xo‘jaligini puxta biladigan rahbar sifatida «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Uning davrida birgina Qarshi shahrida bosh maydon, zamonaviy mehmonxona, Matbuot uyi, teatr, «Shuhrat» yodgorligi, ko‘p qavatli uylar, ta’lim, tibbiyot, maishiy xizmat muassasalari, aeroport barpo etilgan.

BEKZOD tayyorladi.