16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

Qashqadaryoda 8 oyda 656,5 milliard so‘m hajmda ipoteka kreditlari berilgan

Joriy yilning sakkiz oyi mobaynida viloyatimizda tijorat banklari tomonidan tegishli dastur doirasida umumiy hajmi 656,5 milliard so‘mga teng 2 ming 424 ta ipoteka krediti ajratilgan.

Dolzarb raqamlar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘zining rasmiy Telegram kanalida e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, shu yil yanvar-avgust oylari davomida mamlakat miqyosida banklar tomonidan berilgan ipoteka kreditlari soni 30 ming 654 tani, hajmi esa 8 trillion 941,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Hududlar kesimida ipoteka kreditlarining eng ko‘p va katta qismi, tabiiyki, Toshkent shahrida (2 trillion 93,9 milliard so‘m) ajratilgan. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha poytaxtdan keyingi o‘rinlarni Andijon (908,2 milliard so‘m), Farg‘ona (868,3 milliard so‘m), Samarqand (814,3 milliard so‘m) va Surxondaryo (707,8 milliard so‘m) viloyatlari band etib, oltinchi qatorni Qashqadaryo egallagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatimizda joriy yilda berilgan har bir ipoteka kreditining o‘rtacha miqdori 270 million so‘mdan biroz oshgan.

E’tiborlisi, viloyatimizda yil boshidan 1 sentabrga qadar berilgan ipoteka kreditlari umumiy hajmining 43 foizi, aniqrog‘i, 277,9 milliard so‘mi ayollarga ajratilgan.

Banklar kesimida olganda, respublikamizda joriy yilda eng ko‘p ipoteka kreditlari «Ipoteka bank» (1 trillion 739 milliard so‘m), O‘zMilliybank (1 trillion 366,3 milliard so‘m), Agrobank (1 trillion 276,8 milliard so‘m), Biznesni rivojlantirish banki (1 trillion 177,8 milliard so‘m) va Xalq banki (942,9 milliard so‘m) tomonidan ma’qullangan. Sirasini aytganda, ushbu beshta bank hissasiga mamlakat miqyosida ajratilgan jami ipoteka kreditlarining 70 foizidan ortig‘i to‘g‘ri kelmoqda.

B.NIZOMOV