Jahon tajribasidan ma’lumki, sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan «aqlli chorraha» tizimi yo‘l-transport jabhasidagi ko‘plab muammolarni bartaraf etish va ularning oldini olish imkonini beradi.
Zero, bunday tizimning joriy qilinishi avariyalar va yo‘l harakati qoidalari buzilishlari sonining kamayishi, haydovchilar va piyodalar xavfsizligi darajasining esa oshishiga olib keladi. Shu bilan birga transport vositalarining o‘rtacha harakatlanish tezligi ham oshib, yo‘llarning o‘tkazuvchanlik xususiyati, ulardan foydalanish samaradorligi yuksaladi. Avtomashinalarning chorrahalarda to‘xtab qolish holatlari kamayadi, natijada vaqt va yonilg‘i tejalishiga erishiladi, qolaversa, atrof-muhitga chiqindi gazlar tashlamalari ham qisqaradi.
Qarshi shahridagi chorrahalarda ham «aqlli chorraha» tizimining hayotga tatbiq etilishi uchun kelgusi oyda viloyat markazida loyihaoldi o‘rganish ishlarini amalga oshirish va yangi tizim joriy etiladigan chorrahalar ro‘yxatini tasdiqlash rejalashtirilgan. Zarur texnik vositalarni sotib olish va o‘rnatish uchun yilning oxirigacha vaqt berilgan bo‘lib, «Aqlli chorraha» tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish muddati etib 2025-2026-yillar belgilangan.
Ayni paytda joriy yilning noyabr va kelgusi yilning yanvar oylari oralig‘ida hududdagi barcha qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash va joylashtirish maydonlarida «Jarima maydonchasi» axborot tizimi joriy etilishi kerak. Buning uchun shu yil noyabrda viloyatdagi barcha transport vositalarini saqlash va joylashtirish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, dekabrda axborot tizimiga barcha shahar va tumanlarda tegishli xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarni ulash hamda 2026-yilning boshida bu tizimni transport vositalarini saqlash va joylashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatiga joriy qilish talab etilmoqda.

