An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-oktabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ro‘yxatiga (23.08.2025-yilga qadar) kiritilgan tartibga soluvchi organlar (WNO Listed Authorities);
JSSTning Global taqqoslash vositasi (Global Benchmarking Tool) bo‘yicha yetuklikning 4-darajasidagi (Maturity Level 4) tartibga soluvchi organlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari O‘zbekiston Respublikasida tan olish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
* * *
- Ijro intizomi to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, Adliya vazirligining veb-sahifalariga joylashtirib, har oyda ma’lumotlarni yangilab borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
har chorakda davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosi holati bo‘yicha keng jamoatchilikka hisobot berishi tartibi joriy qilinadi.
- Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish «ijro.gov.uz» tizimi orqali amalga oshiriladi.
* * *
Davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish «hrm.argos.uz» elektron tizimi tarkibidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali amalga oshiriladi. Bunda: xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;
xizmat safarlarining muayyan davlat organining faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy ta’siri monitoring qilib boriladi;
davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobot topshiradi hamda hisobot asosida xizmat safarining samaradorligi baholab boriladi.
* * *
«Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini oshirish, «Yashil makon» elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirishga qaratilgan aholi tashabbusi bilan daraxt ekilishi mumkin bo‘lgan aniq hudud (tuman (shahar), ko‘cha, yer uchastkasining koordinatalari), suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlarning turlarini ko‘rsatish;
«Yashil makon» umummilliy loyihasiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka «har bir tiyin sarflanishini kuzatish» tamoyili asosida onlayn yetkazish;
daraxt va butalarni kesish uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risida ma’lumot, ko‘chirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va ko‘chirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto- va videotasvirlarini aks ettirish;
o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslar tomonidan kompensatsiya sifatida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlari hisobini yuritish tizimini joriy qilish;
daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha «Yashil makon» elektron platformasiga doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib borish mexanizmlari joriy qilinadi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi.
* * *
Egasiz ko‘chmas mulk obyektlarini davlat mulki obyekti sifatida davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi.
* * *
- Energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari va kimyo sanoatida ekologik normativlarni individual belgilash usuli o‘rniga tarmoq usulini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
- Davlat xizmatlari ko‘rsatilishida qog‘oz shaklidagi hujjatlar aylanmasining to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq
Mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha «Har bir mahallada futbol maydoni» dasturi joriy etiladi.
* * *
2026-yil 1-oktabrga qadar investitsiya platformalaridan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda; venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda; kommandit shirkatlarga hissa kiritishda foydalanishga ruxsat beriladi.
* * *
Davlat pensiya ta’minotiga oid hamda AT Xalq banki tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq ko‘rsatiladigan xizmatlarni fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
* * *
Elektron kooperatsiya portali va davlat xaridlari elektron tizimlari operatorlarining «Milliy do‘kon» sahifalarida faqatgina mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan mebel mahsulotlarini joylashtirish va savdolarda ushbu sertifikatga ega tadbirkorlik subyektlarining ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar tomonidan tijorat maqsadlarida qayta sotish yoki shu maqsadlarda tovarlardan ishlab chiqarishda foydalanish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
* * *
Tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib o‘tish bo‘yicha barcha sertifikat, xulosa va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar faqat «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan
Istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari berish uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdori «Uzavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi;
«O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi» davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.
* * *
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga, yuridik shaxslarga jamoat ehtiyojlari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini hamda ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari berilganda (sotilganda), ushbu ma’lumotlar yer uchastkalariga huquqni belgilovchi hujjatlarda aks ettirilishi shart.
* * *
Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun o‘ziga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash bo‘lgan, davlat organlari va tashkilotlariga doimiy foydalanishga berilgan aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yer uchastkalaridan (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tegishli yer uchastkalari bundan mustasno) mavsumiy umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun haq evaziga ijara huquqi asosida foydalanish tizimi amaliyotga joriy etiladi.
* * *
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlarining ekologik oqibatlari to‘g‘risidagi bayonotdan keyingi bosqichlarda ekologik normativ loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun ushbu faoliyat turlarining texnologik jarayonlari amaldagi «Yashil sertifikat»ga ega bo‘lishi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berilishi uchun ushbu mahsulotni ishlab chiqarish texnologik jarayonining amaldagi «Yashil sertifikati» mavjud bo‘lishi majburiy hisoblanadi.
* * *
Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan subsidiya, grant va ssudalar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
* * *
«Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish tizimi doirasida «Ijtimoiy karta» ATning identifikatsiya qilish tizimi joriy etiladi.
* * *
Dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, biroq 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuterlar)ni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etiladi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

