16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

“Quyosh qoraymas” romanidagi jangchi prototipi

Qashqadaryoga oid

Muallimlikning, ilm-fanning noni qattiq, hammayam bu yo‘lga dosh beravermaydi. Oxirigacha chidagan inson chinakam sharafga erishadi, ilm-ma’rifat tog‘ining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tariladi, shu orqali nomini mangulikka muhrlaydi. Quyida ana shunday sharafli nomga loyiq ustozlardan ayrimlarini yodga oldik.

«Quyosh qoraymas» romanidagi jangchi prototipi

Qurbon O‘ljaboyev degan nomni ko‘p eshitganmizu, ammo u kim, qaysi ishi bilan dovruq qozongan, bu haqda to‘la bilmaymiz.

U 1909- yilda Qarshi tumanidagi Yertepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Mehnat faoliyatini 15 yoshida, 1924-yilda Yertepa qishloq kengashida boshlagan. 1930-1933- yillarda qishloq kengashi  kotibi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 1933-1935-yillarda Samarqand shahridagi universitetda tahsil olgan. O‘qishni tamomlagach, 1935-yildan 1938-yilga qadar Surxondaryo viloyati Denov tumani Yoshlar ittifoqining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan. 1938-1942-yillarda Toshkentdagi O‘rta Osiyo davlat universiteti tarix fakultetida tahsil olgan. O‘qishni tugatib, Surxondaryo viloyati SHo‘rchi tumani mashina-traktor parkida siyosiy bo‘lim boshlig‘i vazifasida faoliyat olib borgan.

Ikkinchi jahon urushining eng qizg‘in pallalarida Qurbon O‘ljaboyev o‘z harbiy-jangovarlik faoliyatini 1942-yilda Stalingradda boshlagan. U yerda rota siyosiy rahbari bo‘lgan. 1944-yilda Belorussiya frontida og‘ir yarador bo‘lib, ikkinchi guruh nogironi sifatida armiya safidan o‘z yurtiga qaytarilgan. «Gvardiyachi» faxriy unvoni, I darajali «Vatan urushi», «Jasorati uchun» kabi jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan.

Qurbon O‘ljaboyevning janglarda ko‘rsatgan qahramonligi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning «Quyosh qoraymas» romanidagi bosh qahramon Bektemir obrazida, «Shonli yo‘l» kinoqissasida va boshqa ko‘plab asarlar, hikoyalar va ocherklarda gavdalantirilgan.

Qurbon O‘ljaboyev pedagogik faoliyatini 1938-yilda Toshkent temir yo‘l texnikumida o‘qituvchilikdan boshlagan va Qarshi pedagogika bilim yurtida davom ettirgan. 1945-1949-yillarda Qarshi shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan. 1949-1952-yillarda Moskvada Ijtimoiy fanlar akademiyasida tinglovchi bo‘lgan va akademiyada O‘zbekistonning janubiy hududlaridagi olimlar orasida birinchilardan bo‘lib tarix fanlari nomzodi dissertatsiyasini himoya qilgan. 1952-1955-yillarda Toshkent viloyati partiya qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limiga rahbarlik qilgan. 1955-1958-yillarda Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasining kotibi vazifasida mehnat qilgan.

Qurbon O‘ljaboyev 1958-yildan 1979-yil may oyiga qadar, ya’ni umrining so‘nggi kunlarigacha Qarshi davlat pedagogika instituti (hozirgi Qarshi davlat universiteti)da sermazmun, keng qamrovli faoliyat olib borgan. 1958-yildan 1964- yilgacha, so‘ngra 1967-yildan 1972-yilgacha institut rektori bo‘lib ishlagan.

Uning xalq maorifini rivojlantirish, O‘zbekiston janubida sug‘orma dehqonchilik va irrigatsiya inshootlari tarmoqlarini taraqqiy ettirishga bag‘ishlangan 100 dan ziyod ilmiy, ilmiy-uslubiy asarlari nashr etilgan.

Qurbon O‘ljaboyev jamoat arbobi sifatida ham samarali faoliyat olib borgan. U qator yillar davomida xalq deputatlari Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari kengashlari, Qarshi shahar kengashi deputati etib saylangan. 1963-1968- yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati bo‘lgan.

 «O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi» nishoni, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni hamda «Hurmat belgisi» ordeni bilan taqdirlangan.

Klavixo hamda Vamberi asarlari tarjimoni

Rui Gonsales de Klavixoning «Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat» (1403-1406-yillar) hamda Herman Vamberining «O‘rta Osiyoga sayohat» asarlari tarixchilar uchun muhim manbalardan sanaladi. E’tiborlisi, ushbu asarlarni qashqadaryolik muallim, olim va tarjimon Ochil Tog‘ayev o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, u Belinskiy, Gorkiyning adabiyotshunoslikka doir bir necha maqolalarini, gruzin adibi Nodar Dumbadzening hikoya va qissalarini tilimizga mohirona tarjima qilgan.

Ochil Tog‘ayev 1951-1954-yillarda Qarshi davlat pedagogika institutida o‘zbek adabiyotidan dars bergan. So‘ng Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasida o‘qigan. Asqad Muxtor ijodi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1957-1961-yillarda «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1961 yildan to umrining oxirigacha Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida dotsent, professor lavozimlarida ishlaydi.

Ochil Tog‘ayev o‘zbek publitsistikasining yirik bilimdoni edi. Uning «O‘zbek badiiy publitsistikasining nazariy muammolari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida o‘zbek publitsistikasining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari nazariy jihatdan asoslab berilgan.

Filologiya fanlari doktori Ochil Tog‘ayev ko‘plab she’rlar, ocherklar, maqolalar, kitoblar muallifidir. «Asqad Muxtor» (1966), «Kurash va Qahramon» (1973), «Adiblar va janrlar» (1974), «Publitsistika janrlari», «Nazir Safarov» (1976), «Idrok va ijod» (1982), «Prometey olovi», «Qahramon – ijtimoiy hodisa» (1985), «Ibratli saboqlar» (1987)  kabi kitoblari, tadqiqot va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.

Fan arbobi

Taniqli olim, pedagogika fanlari doktori, professor, fan arbobi Davron Shodiyev 1938 yilda Qarshi tumanida tug‘ilgan. 1960-yilda Nizomiy nomidagi pedagogika instituti fizika-matematika fakultetini tugatgan D.Shodiyev ish faoliyatini Kasbi tumanidagi o‘rta maktablarning birida o‘qituvchilikdan boshlaydi.

Maktabda ishlagan vaqtida harakatchan o‘qituvchi bir yil ichidayoq qanday ishlash kerakligini ko‘rsatadi va tezda ko‘pchilik nazariga tushadi. Talantli o‘qituvchini Qarshi davlat pedagogika institutiga ishga taklif etishadi.

Shundan so‘ng Davron Shodiyevning ilmiy va pedagogik faoliyati ko‘p yillar davomida mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan bog‘lanadi. U institutda kafedra mudirligidan tortib, prorektorlik darajasigacha bo‘lgan turli lavozimlarda ishlaydi. Eng asosiysi esa, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.

Davron Shodiyev 1993-yilda O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti rahbari lavozimiga tayinlanadi. Nafaqaga chiqquniga qadar ushbu institutda faoliyat yuritib, ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, shogirdlar tayyorladi.

Ta’kidlab o‘tish joiz, Davron Shodiyev pedagogika fanlari doktori (1987), professor (1988), Rossiya ijtimoiy fanlar (pedagogika va psixologiya) akademiyasi akademigi (1995) kabi nufuzli daraja va unvonlarni qo‘lga kiritgan. 20 dan ortiq fan nomzodi va 5 dan ortiq fan doktorlariga ustozlik qilgan.

 Fan sohasida va yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi ulkan xizmatlari tufayli 1984-yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, 1998-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi kabi unvonlarga sazovor bo‘lgan.

Viloyatda birinchi va hozircha yagona

Ko‘p kitob o‘qiydigan o‘qituvchilar ko‘p va bu tabiiy. Ammo xalq uchun kutubxona tashkil etganlar soni ko‘p emas. Aynan shu ishni keng qamrovda viloyatda birinchilardan bo‘lib boshlagan kishi Xolboy Xonqulovdir. U kishi tashkil etgan katta kutubxona bugungi kunda ham aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Xolboy Xonqulov 1932-yilda Kasbi tumanining Qatag‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga chanqoq, intiluvchan Xolboy Xonqulov qiyin sharoitga qaramay, maktabda a’lo baholarga o‘qishga harakat qildi. Qarshi shahridagi pedagogika texnikumida tahsil olib, Maymanoq qishlog‘idagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘qituvchi bo‘lib ishga bordi.

1959-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1964-yilda universitetni tamomlab, o‘z qishlog‘idagi 3-maktabga ishga keldi.

Xolboy Xonqulovning keyingi faoliyati ana shu dargohda kechdi. Dastlab maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, so‘ng direktorning o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, so‘nggi 22 yil davomida esa direktor bo‘lib ishladi.

Butun faoliyatini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratgan Xolboy Xonqulov nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham jim turmadi. O‘z sarmoyasi hisobidan qishlog‘ida mo‘jaz kutubxona qurib, ishga tushirdi. Bu yerda minglab badiiy, ilmiy va ommabop adabiyotlar jamlangan bo‘lib, kutubxona O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi.

BEKZOD tayyorladi.