16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

“XIZRNI YO‘QLASAM BO‘LARKAN…”

Qatralar

 Bir necha kun kasalxonada yotgan ona katta qizi biror marta yo‘qlamaganidan ranjidi. Ko‘nglidan o‘tganini yashirolmay, keliniga yorildi. Kelin qaynonasiga taskin berdi-da, zudlik bilan qaynopasiga yozib yubordi: «Onamiz kasalxonadan chiqdilar. Bir kelib keting. Bilasiz-ku, ko‘nglimiz nozik».

Qiz vaziyatni birdan tushundi va o‘sha zahoti yetib keldi. Ona ginani ham unutib, qizini bag‘riga bosdi: «Xizrni yo‘qlasam bo‘larkan, hozirgina seni gapirgandim», dedi jilmayib.

Kelin ham jilmaydi. Hammaning ko‘ngli ravshan tortdi…

TUMAN

Uning ko‘ngli tumanli. Ichida nima borligini ko‘rib bo‘lmaydi.

KO‘Z

Ko‘z hamma narsani ko‘raman, deydi-yu, lekin o‘zini ko‘rolmaydi.

«QO‘SHNIMNING UYI»

Ba’zan telefonimni qo‘lga olib, ijtimoiy tarmoqqa kiraman. Do‘stlarim nima qilishyapti, nima yozishyapti, olamda nima gap – birma-bir qaray boshlayman. Kelgan xabarlarni o‘qiyman, qay biriga javob yozaman. Qay bir fikrga munosabat bildiraman. Xullas, birrovga kirgan kamina hamma narsani unutib, tarmoq ichida qolib ketaman…

Xuddi qo‘shnining uyiga elakka kirgan ayolning  ellik og‘iz gapi borday…

BIR HOVUCH TUPROQ

Miyasiga kelgan fikr uni turtib yubordi. U yoq-bu yoqqa alanglab, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, chetroq joyga dastro‘molini to‘shab o‘tirdi. Yerdan bir hovuch tuproq olib, birpas tomosha qildi. Kaftining ustida yayratib, barmog‘i bilan ezg‘iladi.

Biroz oqish, biroz mayin qum aralash edi tuproq…

Bir zum xayol surdi. Ko‘z o‘ngidan sayohat qilgan manzillari o‘tdi: hayrotomuz imoratlar, mavj urayotgan dengiz, ko‘kka bo‘y cho‘zgan tog‘lar, sip-silliq yo‘llar, qo‘li ko‘ksidan tushmagan odamlar… Ehhe, qay birini aytsin?!.

Ertaklar yurtiga kelib qolganday edi guyo…

…U o‘rnidan qo‘zg‘alib, kaftidagi tuproqni ro‘molchasiga soldi. Uchlarini tugib, cho‘ntagiga joylagach, mehmonxona tomon yurdi. Lift uni  zumda yigirmanchi qavatga ko‘tarib qo‘ydi. Xonasiga kirib, jomadoniga narsalarini joylarkan xayoliga kelgan fikrdan cho‘chib tushdi. Qo‘lini cho‘ntagiga tiqib, ro‘molchani mahkam qisdi. Barmoqlari kuyganday bo‘ldi. Baribir qo‘yib yubormadi, ushlab turaverdi. Miyasida esa savol g‘ujg‘on o‘ynadi: «Bu o‘g‘rilikmi? Men o‘g‘rilik qildimmi?..»

So‘ng o‘zini ovutdi: «Yo‘g‘-ye, bu shunchaki bir siqim tuproq-ku!»

U tuproqni qoldirgisi kelmadi…

…Avtobus uni aeroportga eltib qo‘ydi. Samolyot esa yurtiga…

Mashinaga chiqib, manzil tomon ketarkan ro‘molchadagi tuproqni kaftiga bo‘shatdi. Mashina oynasidan qo‘lini tashqariga chiqarib, barmoqlarini ochdi: shamol tuproqni har yon sochib yubordi…

Lablari esa nimalarnidir pichirlar edi…

YO‘QOTISH

U mansabga o‘tirib o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

Qaytib topolmadi…

HAYOT

U ukasini ko‘pdan beri ko‘rmagan, sog‘ingandi. Qarindoshlaridan birining to‘yida ko‘rib qolib, ko‘zlarini uzmay turdi. Ukasi xizmatda bo‘lgani uchun hali u yoqqa, hali bu yoqqa tinimsiz qatnardi. U esa  ukasi bilan ko‘zlari to‘qnashishini kutib qarab turaverdi. Biroq uka uni ko‘rmadi, o‘z ishi bilan andarmon bo‘ldi.

Ittifoqo uka kim bilandir  suhbatlashib, u o‘tirgan stul tomon yurdi, yaqinlashdi va to‘xtab qoldi. Opa fursatni qo‘ldan bermay ukasini nuqib qo‘ydi. Nihoyat ko‘zlar to‘qnashdi. Ammo u  ukaning ko‘zida na hayajon ko‘rdi, na quvonch. Opasiga shunchaki bosh silkib qo‘ydi-da, yo‘lida davom etdi…

Opaning ko‘ngli buzildi. Bir narsani – opa-ukachilik bilan bog‘liq eng go‘zal rishtalar bolalik bilan qolib ketganini angladi…

O‘QUV VA UQUV

U kitobni o‘qidi-yu uqmadi…  

Olim bo‘ldi-yu, odam bo‘lmadi…

MUHABBAT NIMA QILSIN?..

Kelinning ko‘zini ochirmadi eri tomondagilar… Ota-onasi, opa-ukalarini odam o‘rnida ko‘rishmadi, butun urug‘-aymog‘ini balchiqqa bulab tashlashdi…

Kelindan esa hurmat, tavoze, mehr talab qilishdi…

Qiziq, nafrat ekilgan ko‘ngilda muhabbat nima qilsin?..

ULOQ

U har gal  musobaqalarda g‘oliblikni qo‘ldan bermasdi. Undan o‘tadigani yo‘q edi. Biroq… Asosiy o‘yinda omad yuz o‘girdi. Uloqni oyog‘i ostida o‘ralashib yurgan olib ketdi…

U shunday xulosaga keldi:  omad har doim ham adolat qilmas ekan…

G‘YELON

Osmonga qarasangiz ko‘zingiz qamashmaydi – atrofni  qoplagan ulkan daraxtlar sizni quyosh nurlaridan pana qiladi. Saraton oftobining tafti barglarga urilib, sinib ketadi. Yaproqlar orasidan turfa shaklda ko‘rinayotgan ko‘k gumbazi tabiat yaratgan  manzaraning foniday tuyuladi va bu fonni insonga huzur baxsh etayotgan mayin shabada tebratib turadi. Aslida bu barglarning tebranishidan yaralgan manzara…

Yon tomonda yaproqlar orasidagi tuynuklar nigohni tog‘larga eltib qadaydi. Endi sarg‘ish,  ko‘kimtir,  qoramtir ranglar yig‘indisi    namoyon bo‘ladi. Ular insonning xayol dunyosini to‘zg‘itib yuboradi. Ming-ming yillik tog‘lar qoshida inson o‘zini cho‘molidan-da ojiz his etadi. Bir zum xayollari parishon bo‘ladi. Ammo hayot zavqi, yashash ishtiyoqi mubham xayollardan ustun keladi. Go‘zallik insonni yana quchog‘iga oladi…

Pastda esa ko‘pirganidan rangi sutday oqargan Oqsuv shovillab oqayapti… Xuddi umrga o‘xshab…

SINOV

Ajab dunyo!  Qiziq odamlar bor-da. Sen bilan barobar yursa atrofingda girdikapalak bo‘ladi. O‘zini do‘st tutadi. Sen bilan yaqinlashib ketadi. Nazaringda bu yaqinlikning umri boqiyga o‘xshab ko‘rinadi va  mehringni berasan unga.

Ammo… Bir qadam ortda qolsang bormi, qayrilib ham qaramaydi.  Ketaveradi, ketaveradi,  ketaveradi…

Hayotda bu… Ba’zan qoqilasan. Ba’zan chopib ketasan. Goh otdasan,  goh  piyoda.

 Qoqilish – yoningdagi  kishiga baho berguvchi eng qulay fursat.    

UKA

U, yonida xotini, «Neksiya»sini uchirib borardi. Ittifoqo bog‘cha ro‘parasida qo‘lida katta sumka, ikki bolasi bilan sudralishib ketayotgan opasiga ko‘zi tushdi. Ixtiyorsiz   mashinasini sekinlatdi, opasini uyiga eltib qo‘ygisi keldi va zimdan xotiniga qaradi.

Eri ko‘rgan manzaradan ensasi qotgan juvon qoshlarini chimirib, qovog‘ini osiltirib olgandi. Xotinning turqi masalani hal qildi: opasini eltib qo‘yishga haddi sig‘madi va yana «Neksiya»sini uchirib ketdi…

Lola O‘ROQOVA