Mahalliylashtirish dasturi
Qarshi shahridagi «Nasaf XCP Techno» qo‘shma korxonasida yiliga 35 ming tonna tarmoqsimon polietilen ishlab chiqarish loyihasining dastlabki bosqichi amalga oshirildi.
Eslatish joizki, ushbu qo‘shma korxona joriy yilning fevral oyida SHo‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Xitoyning «Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology» kompaniyasi va «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga a’zo «Techno Cable Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ta’sis etilgan edi. O‘shanda mazkur loyiha ilgari O‘zbekistonga faqat chet eldan olib kelingan tarmoqsimon polietilen (PE-X), ya’ni oddiy polietilenga nisbatan ancha mustahkam, elastik va yuqori haroratga chidamli bo‘lgan, elektr izolyatsiyasi, suv va gaz quvurlari, isitish tizimlari sohalarida qo‘llaniladigan import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgani va u orqali ichki bozorning bu mahsulotga yillik 25-30 ming tonnalik ehtiyoji to‘liq qoplanishi ma’lum qilingandi.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida Qarshi shahri Batosh mahallasida joylashgan «Nasaf XCP Techno» qo‘shma korxonasiga 3 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar kiritilib, Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy texnologiyalar olib kelindi va tarmoqsimon polietilenning hosil bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan silan xomashyosi ishlab chiqarildi. Ayni paytda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasidan yetkazib berilayotgan polietilenni qayta ishlash orqali tarmoqsimon polietilen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
– Dastlabki liniyani ishga tushirdik, unda silan yordamida choklangan (tarmoqsimon) polietilen kompaundi ishlab chiqarilmoqda, – dedi qo‘shma korxona vakili Tavakkal Uzoqov «O’zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida. – U asosan 10 kilovoltgacha kuchlanishdagi elektr kabellarni izolyatsiyalash uchun qo‘llaniladi. Keyingi bosqichda 35 kilovoltgacha kuchlanishdagi kabellar izolyatsiyasi uchun mo‘ljallangan kompaund ishlab chiqarish rejamiz bor. Oxirgi bosqichda esa kabellarning o‘zini ham shu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Hozirgi kunda korxonamizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 70 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, kelajakda bu ko‘rsatkichni 90-95 foizga yetkazishni mo‘ljallayapmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shma korxonada keyingi bosqichlarda peroksid xomashyosi va yong‘inga bardoshli polietilen izolyatsiya kompaundi ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Umuman olganda, loyihaning amalga oshirilishi import hajmini 30 million dollarga kamaytirish, 65 ta yangi ish o‘rni yaratish va ichki sanoat tarmog‘ini mustahkamlash imkonini beradi.
O‘z muxbirimiz

