Viloyat ma’muriy sudi tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida hokimiyat mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy va hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 138 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 19 tasi qanoatlantirilgan, 108 tasi rad etilgan, 3 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 8 tasi ish yuritishdan tugatilgan.
Bu haqda viloyat sudlari tomonidan hisobot davrida odil sudlovni amalga oshirish borasida ko‘rilgan choralar yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Unda Qashqadaryo viloyati sudining raisi Abduqayum Mahkamov, viloyat ma’muriy sudining raisi G‘olibjon Davlatov OAV vakillariga mavzuga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ta’kidlanishicha viloyatda 2025-yilning to‘qqiz oyida sodir etilgan ayrim jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davri ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘sgan. Masalan, o‘g‘irlik jinoyati (401) 64 taga, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazish jinoyati (228) 11 taga, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar (254) 48 taga, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (90) 18 taga, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash (111) 31 taga, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (24) 18 taga, tovlamachilik (30) 2 taga, qasddan odam o‘ldirish jinoyati (17) 1 taga ko‘paygan.

Shu kuni viloyat ma’muriy sudida OAV vakillari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda qatnashchilar real sud majlisida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘lishib, taraflarning chiqishlari, dalillarni baholash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shohista BOZOROVA

