16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

Hududlarda sanoat jadal taraqqiy etadi

Rivojlanish strategiyasi

Prezidentning shu yil 4-oktabrdagi qaroriga muvofiq, 2025-2026-yillarda yurtimizning barcha hududlarida 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan ikkitasi viloyatimizda «Alp Texno Servis» xususiy korxonasi va «Shah-Polan M» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ro‘yobga chiqariladi.

Qarorning tegishli ilovasida qayd etilganidek, Qarshi shahridagi «Alp Texno Servis» xususiy korxonasi 2026-yil dekabr oyida diagonali 55, 65, 75, 85 va 100 dyuymga teng LED televizorlari va zamonaviy kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirishni mo‘ljal qilgan. Umumiy qiymati 7 million dollar, shundan korxonaning o‘z mablag‘i 2 million, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 5 million dollarni tashkil etadigan bu istiqbolli loyiha doirasida yiliga 390 ming dona elektrotexnika jihozlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Shah-Polan M» mas’uliyati cheklangan jamiyati, o‘z navbatida, «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasi hududida yillik quvvati 700 ming kvadrat metr zamonaviy qurilish materiali – steklokristallit panellari ishlab chiqarish imkonini beradigan yangi korxonani barpo etmoqchi. Buning uchun umumiy hajmi 27,2 million dollar, shu jumladan, MCHJning o‘z mablag‘i hisobidan 4,6 million, xorijiy hamkorlar hisobidan esa 22,6 million dollar sarmoya qiritish nazarda tutilgan.

Umuman olganda, mamlakat Prezidentining «Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2025-2026-yillarda respublika sanoatida hududiy sanoatning ulushini 45 foizga yetkazish, hududlarda ilgari o‘z mahsulotini eksport qilmagan jami 100 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish va eksportchi korxonaga aylantirish, har bir tuman va shaharda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va yo‘naltirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qo‘shimcha 5 foizga oshirish va 5 tagacha sanoat «o‘sish nuqtasi»ni rivojlantirish maqsad qilingan.  Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga muvofiq, viloyatimizda 2025-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘sish sur’atlari 107 foiz, 2026 yilda esa 106,2 foizni tashkil etishi lozim.

O‘z muxbirimiz