Sayido Nasafiy (1637-1710) o‘z zamonasining atoqli shoiri bo‘lib, Nasafda tavallud topgan. Davr an’anasiga ko‘ra, fors tilida ijod qilgan. Nasafiy Buxoro madrasalarida tahsil olgan. O‘sha davrda mashhur bo‘lgan Turdi Farog‘iy yo‘lidan borib, g‘azallar, hajviy she’rlar va dostonlar bitgan.
Qashqadaryoga oid
Maleho Samarqandiy «Muzakkirul ahbob» tazkirasida Nasafiy Buxorodagi Devonbegi madrasasida, ko‘rimsizgina bir hujrada istiqomat qilganini yozadi. Tazkirada shoir ijodiga shunday baho berilgan: «Maqtashda uning nomi payvasta kelmagan g‘azal uchramaydi, u muxammas bog‘lamagan g‘azal ham topilmaydi. Yoqimli g‘azallari so‘z ustalarini hayratda qoldirgan, ra’no yanglig‘ muxammaslari savat to‘la gullarning tojidir. «Shahroshub»lari bozorlarga g‘avg‘o solgan, ruboiylari so‘z arboblari e’tiborini qozongan, qasidalari salmoqli, masnaviylari sirlarga boy, qit’alari pandga serob, mustahzodlari qalblarni rom etuvchi, muvashshahlari muammo, chistonlari dilpisand, nimaiki yozgan bo‘lsa, bari mumtoz va oliyqadrdir».
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nafas Shodmonovning ma’lumot berishicha, Sayido Nasafiy katta adabiy meros qoldirgan bo‘lib, lirik va epik asarlari hajmi 18 ming misradan ortiq. G‘azal, ruboiy, qit’a, masnaviy janrlarida barakali ijod qilgan. Sayido Nasafiyning «Shahroshub» («Shahar hunarmandlari xususida manzumalar») nomli asari diqqatga sazovor. 404 baytdan iborat bu o‘ziga xos asarda shoir o‘sha davrda Buxorodagi 212 xil kasb-hunar sohiblarini ta’rif va tavsif etadi. Bolalarga mos tarzda bitilgan «Bahoriyot» asarida esa hayvonlar o‘zaro bahsga kirishadilar. Manzuma so‘ngida mehnatkash xalq ramzi bo‘lgan chumolilar hammadan kuchli ekan, degan xulosa chiqariladi.
Sayido Nasafiy taraqqiyparvar shoir sifatida mamlakat yaxlitligi tarafdori bo‘lgan. O‘zaro yurt talashlar, ichki nizolar mamlakatni tanazzulga olib kelishini anglab yetgan.
Shoirning bir ruboiysi quyidagicha:
Omad bahoru sayri guliston g‘animat ast,
Bazmi visoli g‘unchai xandon g‘animat ast.
Bo qomati xamida ravam so‘i bo‘ston,
Nazzorai binafshavu rayhon g‘animat ast.
Mazmuni: Bahor keldi, gulistonni sayr etmoq g‘animatdir, xandon g‘uncha visolining bazmi g‘animatdir, egilgan qad bilan bo‘ston sari boraman, binafshayu rayhonni tomosha qilish g‘animatdir.
Sayido Nasafiy 1710-yilda Buxoroda vafot etgan.

