16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

KO‘NGIL – O‘ZINGIZNIKI, QOLGAN SHOVQIN-SURON ESA DUNYOGA TAN

Saralangan satrlar

Yozuvchi Erkin A’zam asarlari asosida ko‘plab badiiy filmlar suratga olinganidan boxabarsiz. “Chantrimore”, “Parizod” filmlari o‘zbek kinosida alohida o‘rin tutsa, “Piyoda”, “Dilxiroj” kinolari xalqaro miqyosda e’tirof etilib, Germaniya, Fransiya telekanallari orqali efirga uzatilgan. Yozuvchining “Erkak” asari asosida suratga olingan badiiy film “Kinoshok” festivalida “Eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan. “Zabarjad” filmi esa Vezul kinofestivalida bosh sovrin – Gran-priga loyiq ko‘rilgan. “Suv yoqalab” badiiy filmi ham xalqaro kino mutaxassislarining e’tiroflariga sazovor bo‘lgan.

Yozuvchining shu paytgacha yagona romani bo‘lmish “Shovqin”da aynan kinochilar hayoti haqida so‘z boradi. Sobiq tuzum davrida ma’naviy tanazzulga yuz tutgan millat kechmishi haqidagi fikr-mulohazalar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Bugun taqdim etilayotgan lavhalar shu romandan.

*  *  *

Mana, necha yil bo‘ldiki, mansab kursisiga mahkam yopishib olgansan, arzirli biror nima yozganing yo‘q. Sen endi faqat o‘zgalarga maslahat berasan, aql o‘rgatasan, yozuv-chizuv ham, boshqasi ham nazaringda pashshadek mayda, keraksiz bir mashg‘ulotga o‘xshab qolgan. Bari mana bu arboblik savlatiga, shu savlatni bergan mayda-chuydalarga almashtirildi, qurbon berildi. Birmuncha ikkilanishlar, o‘rtanishlar bilan, lekin ayribosh etilgani haqiqat. Negaki ishni o‘zingiz bajargandan ko‘ra, unga haybarakallachilik qilmoq, boshchilik qilmoq oson, ham maroqli. Bu esa shunday shirin, shunday mazali bir nisholdaki, yalayturib har qanday qalamni sindirib otgingiz keladi.

*  *  *

O‘shanda otashin inqilobchi bizning O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan, tog‘dek bo‘lib dongdor “oq oltin ijodkorlari” bilan tushgan katta-kichik suratlari gazetalarni to‘ldirib yuborgan. Mirzo Ramazon, komsomoldan yetishib chiqqan jaydari bir romantik emasmi, ayni o‘sha kezlarda tug‘ilgan to‘ng‘ichiga, davr bilan hamqadam bo‘lmoq ilinjida, hovliqib ana o‘sha sersoqolning otini qo‘ygan. Kelajakda bir kun farzandi bundan norozi bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandir. Fidellar, Anjelayu Robertinolar zamoni ekan-da, Valyaxon! Bugun endi birovi zo‘ravon diktator sifatida nom taratgan; “Anjela Devisga ozodlik berilsin!” deya himoyasiga butun sho‘rolar mamlakati oyoqqa turgan yana biri esa aslida ayol kishi emas ekan, hozir u o‘ziga o‘xshash jingalaksoch zanjixonimga uylanib, kommunistik g‘oyalarga qarshi kurashib yotganmish; “Jama-ayka-a!” hayqirig‘i bilan chiqib butun dunyoni o‘ziga jo‘r qilgan “italyan bulbuli”ning haqiqiy jinsi borasida ham turli mishmishlar yuradi: emishki, u ham “tusi”ni “moviy”ga aylantirib, “erga tekkanmish”, eri o‘zidan shu qadar yosh ekanki, bir zamonlar “Jamayka” degan olamga mashhur qo‘shiq bo‘lganini ham eshitmagan…

*  *  *

Bo‘rini yo‘qlasang boshi ko‘rinarmish, tulkini eslasang tuyog‘i ko‘rinibdi, quyonni quvlasang – qulog‘i…

*  *  *

Hech kimga, hech narsaga “tegib ketmaydigan” beozorgina, quvnoqqina bir tomosha. Keyin bilsa, ana shunaqasi ko‘proq yoqar ekan odamlarga.

*  *  *

Dunyoda har qanday dardu baloning davosi bor. Faqat biz uni bilmaymiz, topolmaymiz-da.

*  *  *

Bu alomat chol bilan ham munosabatimiz shunday kechdi desa bo‘ladi. U sho‘rlik nimadir demoq ilinjida og‘iz juftlagani zahoti ensam qotadi, darhol zarbani tayyorlayman. U mudom murosayu mudofaada, biz esa yangi – ochiqlik, rostgo‘ylik zamoni vakili sifatida uning kechagi – tarix to‘rvasidan tushib qolgan qarashlariga qarshi har qachon hujumda, har qachon g‘olib!

Dunyoda axir odobu andisha, rahm-shafqat degan gaplar ham bor-ku, musulmon! Zuvalasi o‘sha zamonda qorilgani, suyagi o‘sha zamonda qotib, fikr-qarashlari ham o‘shanga moslanib qolgani uchun faqatgina o‘zi aybdor emasdir axir!

*  *  *

– O‘zbekning o‘zi-chi? Qoni aralashib ketsa, o‘zbek deganimiz nima bo‘ladi, domla?!

– O‘zbek? – Chol bir dam dovdirab turdi. Aftidan, masalaning bu tomonini durust o‘ylab ko‘rmagan, har kun chaynab yurgani anovi matnda bunday savollarga javob yo‘q edi. Lekin gapning o‘zicha o‘ng‘ayroq bir nishabini topdi kasofat: – Ha, qaytaga yaxshi emasmi? Qon yangilanadi, yasharadi, millatning qiyofasi ham ko‘r-kamlashadi, is-te’dodi ortadi. To‘g‘rimi ga-pim?

– To‘g‘ri emas! Yaxshi ham emas! – dedim qonim qaynab. – Menga unaqa millatning ham, birovdan sadaqaga olinadigan qiyofayu iste’dodning ham darkori yo‘q! Millat emish! Agar siz aytgandek bo‘lsa, millat degani qoladimi dunyoda?!

*  *  *

O‘lgudek shovinist edi u, gap-so‘zlaridan – o‘ris millatchisi! Ayniqsa, kechagi “oshkoralik” kunlari xudo berdi unga. Majlislarda chayqala-chayqala minbarga chiqib olib, “og‘a” millat vakili sifatida, o‘sha millat nomidan dag‘dag‘ali nutqlar irod etadi, o‘zbeklar davrasida yolg‘iz bo‘lsa, “cho‘chqaxo‘r maxluqlar” deya zo‘r berib millatdoshlarini, xususan, birga ishlaydigan hamkasblarini qoralay ketadi. Xullas, betayin, bedavo bir balo!

Biroq hamma, o‘sha majlis-marosimlarda so‘z ulashadigan katta-kichik rahbarlargacha undan qo‘rqadi, u bilan hisoblashmoqqa majbur! Shunday qilmay ko‘rsin-chi! Siyosiy safsatabozlikni naqd cho‘qqisiga olib chiqadi. Aftidan, uning bu kabi kori badi kimgadir kerak, kimdir birov shundan manfaatdor, unga hatto yo‘l-yo‘riq ham ko‘rsatib turadi.

*  *  *

Gap orasida o‘zimning dardimdan so‘z ochgan edim, u darhol muolaja kursisiga o‘tqazib, quloqlarim ustida kaftlarini likillata ketdi. “Isiyaptimi? Biror nima sezyapsizmi?” deb so‘raydi dam-badam. “Ha-a, bor”, deb qo‘yaman shundoq nomi ketgan tabib ham uch-to‘rt kunlik ulfatimning ko‘ngliga borib. Holbuki, har qanday kaftni ham bir muddat tutib tursangiz, chakkangiz isigandek, hatto qizigandek bo‘ladi; “kaft” bilan “taft” bekorga qofiyadosh emas.

*  *  *

Odam bir ishga qattiq yopishsa, kutilgan natija chiqmasligiga ko‘zi yetib tursa ham, chiqadiganga o‘xshayverar ekan.

*  *  *

Shu ketishda arang indini yetib bordim, marhumning kichik ma’rakasi kuni. Xuddi otam tirilib kelgandek, hamma uvvos solib menga yopishdi. Enam o‘tirgan xonaga boshlab kirdilar. Amma-xolayu qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni ayollar. Bari galma-gal bo‘ynimga osilib yig‘i qildi. Shunda ko‘rdim Parizod opani – ayamizni. U ham bo‘ynimdan quchoqlab ko‘kragimga bosh qo‘ydiyu allanechuk hidlagandekmi bo‘ldi. Keyin ko‘zlari yoshovsiragancha bir chetda mung‘ayib qarab turdi. Motamsaro. Daf’atan xayolimga keldi: shundan boshqa qiyofada ko‘rmagan ekanman uni. Qaribdi. Esiz umr, benavo o‘tgan umr!

*  *  *

Dunyo buncha tor! Tasodifi buncha ko‘p! Tog‘ tog‘ bilan uchrashsa ham hayron bo‘lmang ekan.

*  *  *

Farhod Toshkentda bir tabibga uchragani, tabib o‘zi g‘ilayroq ekani-yu, childirmasimon allaqanday yog‘och gardishga solib har yon aylantira-aylantira boshining bichimini to‘g‘rilamoqchi bo‘lganlarini kula-kula gapirib berdi. Har so‘zida “O‘zlari g‘ilay! Zo‘r bo‘lsang, avval ko‘zingni to‘g‘rilab ol!” deb qo‘yadi.

*  *  *

Odam bo‘lgandan keyin shunday bir dard ham kerak-da: bu dunyoning, o‘tkinchi umrning qadrini, g‘animatligini eslatib-eslatib turadigan! Qarang, hayot o‘zi g‘ala-g‘ovur shovqinga to‘la-ku, to‘g‘rimi? Gap endi shunga ko‘milib qolmaslikda, ko‘ngilni shundan ozoda asray olishda. Kimki bu taloto‘pning ichidan ko‘ngliga mos bir ohangni topa bilsa, ana o‘sha odam yutadi, ana o‘shaning armoni kamroq bo‘ladi. Ko‘ngilni o‘ylang, ko‘ngilni avaylang, inim. Ko‘ngil – o‘zingizniki, qolgan shovqin-suron esa dunyoga tan. Axir, quloq jonivor faqat behuda shovqin-suronni eshitmoqqa berilmagandir!

*  *  *

San’at ishi azaldan bir-biriga qarama-qarshi ikki toifaning o‘rtasida talash bo‘lib kelgan: iste’dodli bilan iste’dodsizning, chinakam zargar bilan qallobning. To‘g‘rimi? Ammo o‘sha qallob deganimiz ham hech qachon o‘zini birovdan kam chog‘lamaydi: u ham inson, tirik jon, uning-da hayotda ko‘zlagan maqsadu manfaatlari bor, shu yo‘lda kurashadi va tabiiyki, buni adolat jabhasidagi muqarrar muhoraba deb biladi. Xudo jami jonzotni juft yaratgani to‘g‘risidagi eski haqiqatni takrorlab boshlaringni qotirish niyatim yo‘q – san’at hodisasi tabiatan ana shunday o‘zaro kurash, ana shunday ziddiyatlarsiz yashayolmasligini ta’kidlamoqchiman, xolos.

*  *  *

To‘g‘ri, bugun endi boshqa odamsan (azaldan ham o‘zi shunday boshqacha bo‘lmoqni, boshqacha yashamoqni orzu qilarding!), lekin o‘tgan kunlaringdan o‘sha-o‘sha sahifalarni yulib tashlash chorasi bormikan? Shunday qilmoq kerakmi o‘zi? Unda bir tutamgina umrdan nimasi qoladi?..

Qiziq, ba’zan hayotingizning qoralamasi oralab – xomaki bir hayotda yashab turgandek bo‘lasiz. Go‘yoki tevarak-atrofingizdagi odamlar ham, voqea-hodisalar ham o‘tkinchi, omonat, ularni yana bir karra, ya’ni rasmonasiga ko‘rmoq, boshdan kechirmoq hali oldinda kutayotgan kabi shoshib, beparvo yuraverasiz. Holbuki, bularning har biri betakror, bor hayotingiz – mana shu, umr deganlari – shu, tamom! Taqdir yo‘llaridan yakkash o‘zingiz o‘ylagandek, orzu qilgandek top-toza, biron gard yuqtirmay o‘tib bo‘lmas ekan. Goho yetti uxlab tushingizga kirmagan girdob yo mag‘zavalarga yo‘liqasiz, ammo ularni chetlab-aylanib emas, aynan kechib o‘tmoqqa mahkumsiz! Shunda, ana shunda!.. Demak, gap bu muqarrar xas-xashagu loyqa-quyqadan imkon qadar forig‘lanib borishdagina qolar ekan. Lekin bunisi ham oson emas-da, aksar qutulmoqning iloji yo‘q-da: baribir kechagi kunlaringiz ta’qib etaveradi.

BEKZOD tayyorladi.