16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Qashqadaryoga oid

Har bir hudud, mahalla, qishloq o‘z tarixiga ega. Birgina nomlar haqida izlansangiz, muhtasham tarixning ne sir-sinoatlari yuz ochmaydi deysiz. Shaharu qishloqlar nomini ishlatarkanmiz, ko‘p-da uning ma’nosiga e’tibor beravermaymiz. Ba’zi nomlar qarshisida esa manaman degan mutaxassislar ham dovdirab qolishi turgan gap: ayrim taxminlar ilmiy asosga ega bo‘lsa, boshqasi shunchaki farazdan nariga o‘tmaydi. Nima bo‘lganda ham o‘zimiz yashab turgan hudud nomlari haqida aniq, asosli ma’lumotlarga ega bo‘lganimiz har jihatdan ma’qul ish.

Kitobdagi mahallaga toshkentliklar ko‘chib kelganmi?

Bilasiz, Kitob tumanida Alaqo‘yliq nomli mahalla bor. Ushbu nomning Toshkentdagi mashhur Qo‘yliq dahasiga biror daxldor joyi bormi yoki shunchaki nomlari o‘xshashmi?

To‘ra Nafasovning «Qashqadaryo qishloqnomasi» kitobida qayd etilishicha, o‘zbek xalqi tarkibida turli qabilalarga tegishli alaqo‘yli/olaqo‘yli, qoraqo‘yli/qorag‘uyli urug‘lari bo‘lgan. Jumladan, do‘rmonlar tarkibida oqqo‘yli, ming qabilasida qoraqo‘yli/qorag‘uyli, kenagaslarda alaqo‘yli urug‘i bo‘lgan. Bu urug‘lar o‘zbek xalqining boshqa qabila va qabila ittifoqlari tarkibida ham uchraydi. Muallif shulardan kelib chiqib, alaqo‘yli, oqqo‘yli, qoraqo‘yli so‘zlarini umumturkiy etnonim, deydi. Kitob, Shahrisabz qarluq lahjasida -li qo‘shimchasi, asosan -lik tarzida qo‘llanilgani tufayli Alaqo‘yliq toponimiga aylangan, – deb yozadi olim.

Mahalliy aholining fikricha, alaqo‘yliqliklar 200-300 yil ilgari Toshkentning Qo‘yliq dahasi va Bektemir tumanining Alaqo‘yliq hududidan kelib qolishgan. Aholi chorvador bo‘lgani uchun chorvasini haydab kelib, bir qismi Kitob tumanining hozirgi Alaqo‘yliq qishlog‘ini, qolgan qismi Shahrisabzni maskan qilgan. Ko‘chib kelgan joylariga o‘zlari tug‘ilgan joy nomini berishgan.

Do‘ltalining ma’nosi nima?

G‘uzor, Qamashi tumanlarida Do‘ltali nomli qishloqlar uchraydi. Shuningdek, Shahrisabz, Dehqonobod tumanlari va Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Do‘ltaxona nomli joylar mavjud.

«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»da To‘ra Nafasovning fikrlari keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, relyef turlarini bildiruvchi terminlar «xon» komponenti bilan toponim hosil qilmaydi: bunday terminlarga -li qo‘shimchasi yoki qirq va ming soni, odatda, «son-sanoqsiz» qo‘shilishi mumkin: masalan, Mingchuqur, Mingtepa, Qirqquduq, Qirqo‘zak va boshqalar.

Binobarin, do‘lta – yirtqich hayvon nomi, uning adabiy nomi – sirtlon, «xona» komponenti esa «uy», «xona», «mo‘l-ko‘llik yoki yashash joyi» ma’nosida toponimlarni hosil qiladi: bo‘rixona – bo‘rilar yashaydigan joy, qulonxona – qulonlar yashaydigan joy.

O‘zbekiston janubida, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida tog‘lar, qishloqlar, quduqlar bor: Do‘lta, Do‘ltali, Do‘ltalik. Ushbu toponimlarning barchasida tungi yirtqich hayvon nomi – do‘lta aks etgan.

Galamulla – «mullalar ko‘p joy» deganimi?

Shahrisabz-Yakkabog‘ tomonlarga o‘tgan kishi yo‘l belgisi orqali Galamulla nomli qishloq haqida tasavvurga ega. Bir qarashda qishloq nomi «mullasi ko‘p qishloq» degan ma’noni anglatadi. Aslida ham shundaymi?

«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»ga ko‘ra, rasmiy ma’lumotnomalarda ham Galamulla shaklida qayd etiladigan nom aslida xato yozib kelinadi. Asli «mulla» emas, mo‘la! Mo‘la so‘zli joy nomlari respublikaning ko‘pgina hududlariga xos: Burchmo‘la, Uzunmo‘la, Toshmo‘la, Mo‘labuloq, Mo‘laqo‘rg‘on, Kattamo‘la, So‘pimo‘la.

Eng qizig‘i, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ga mo‘la so‘zi kiritilmagan, izohlanmagan ekan. Sug‘orma dehqonchilik qilingan hududlar aholisi nutqida mo‘la – ekilgan don ekinlari, poliz ekinlarini zararkunandalardan qo‘riqlash, kuzatish, xabar berish uchun yer sathidan bir-bir yarim metr balandlikda doira yoki to‘rtburchak, uzunchoq shaklda chim yoki paxsa loydan ko‘tarib qilingan supasimon moslama; lalmikor dehqonchilik qilinadigan hududlarda va chorvachilik bilan shug‘allanadigan joylarda sut mahsulotlarini qo‘yish, saqlash uchun odam qo‘li yetadigan balandlikda loy, chim, kesaklardan qilingan supaga o‘xshash moslama tushuniladi.

Gala – ko‘p, meyordan ortiq degani. Galamo‘la – makkajo‘xori, arpa, bug‘doy, poliz ekinlari ekilgan joyda qilingan ko‘p mo‘lali joy, degan ma’noni ifodalaydi.

Muborakning teran ildizlari

Neft va gaz hududi bo‘lmish Muborak 1974-yildan shahar maqomiga ega. Xo‘sh, hudud nega Muborak deb ataladi? Ma’lumotlarga qaraganda, Imom Buxoriy otasining ustozlaridan sanalgan Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziyga atab hududda Xo‘jamuborak qishlog‘i barpo qilingan va keyinchalik bu tuman nomiga ham asos bo‘lgan.

Abdulloh ibn Muborak (736-797) qomusiy olim, mashhur so‘fiy, muhaddis sanaladi. Xorazm turkiylaridan Muborak ibn Vozihning o‘g‘li. Xurosonning ilmiy-madaniy markazi Marvda tug‘ilgan. Butun umrini ilm va ibodat yo‘liga baxsh etgan. Hadis, fiqhda zamonasining yetakchi olimi bo‘lgan. Ko‘p mamlakatlarga sayohat qilgan. Sayohatlarida Abu Hanifa bilan ko‘rishgan va uning eng mumtoz shogirdlari safidan o‘rin olgan.

So‘fiylik, fiqh, hadisshunoslik, tarix, filologiya va tafsirga oid asarlar yozgan. 20 ming hadisni o‘z ichiga olgan 20 asarini Abu Hanifaning abvobi fiqhiga ko‘ra tartib etgan. Jihod haqida ilk asar ta’lif etgan va ilk daf’a «Arba’in» (qirq hadis) yozgan. Abdulloh ibn Muborakdan bahramand bo‘lganlardan biri Ahmad ibn Xanbaldir.

Imom Buxoriyning otasi Ismoil Abdulloh ibn Muborakning shogirdlaridan bo‘lgan.

Abdulloh ibn Muborakning hozirgi Muborak zaminida bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum, ammo hudud nomi ana shu buyuk inson hurmatiga atab qo‘yilgani e’tiborli.

Turkiy xalqlarning eng chekka shahri

G‘uzor ko‘p asrlik tarixga ega hududlardan sanaladi. G‘uzor Buxoro amirligidagi 27 beklikdan biri bo‘lgan. Qadimgi turkiy bitiklarda Xuzor, Xuzar, Xazar tarzida bitilgan nomning tarkibi, ma’nosi, qaysi tilga mansubligi noma’lum. Muhimi – V-VII asr qadimgi turkiy yodnomalarda G‘uzor haqida yozib qoldirilgani va turkiy  xalqlar yashaydigan eng chekka hududdagi shahar, deya izohlanganida.

Ilmiy bo‘lmagan mulohazalarda G‘uzor mo‘g‘ulcha «gazar» – cho‘l, dasht, joy; xol gazar – eng chekka joy ma’nolarini anglatishi haqida aytiladi.

«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»ga ko‘ra, G‘uzor nomi turkiy xazar etnonimi bilan bog‘liq bo‘lishi haqiqatga yaqinroq. Xazar – qadimgi turkiy qabila, xalq nomi bo‘lib, xazar qabilalar ittifoqi yaqin o‘tmishda Afg‘oniston hududida yashaganligi ma’lum. Kavkazda – Kaspiy dengizi atrofida o‘tmishda Xazar davlati bo‘lgan. Kaspiy dengizi ham turli manbalarda Xazar dengizi deb ataladi.

O‘zbekistonning turli viloyat va tumanlarida Xazara, G‘azara, G‘azira, Hazira, Hazora, Hazara kabi tovush qiyofasida farqlanadigan qishloq nomlari bir nechta bo‘lib, ular ham G‘uzor nomi bilan adashlikka ega. Binobarin, qadimgi turkiy qabila, xalq nomidan G‘uzor nomi yaralgan.

Noyob qushning dovrug‘i

1937-yilda tashkil etilgan Qamashi tumani ham o‘tmishi uzoq asrlarga tutashishi bilan ajralib turadi. Qamashi eng ko‘p chegaralarga ega tuman sifatida ham e’tiborga molik. Shimoldan Chiroqchi, Yakkabog‘, Shahrisabz, g‘arbdan Koson, janubdan G‘uzor, Dehqonobod tumanlari, sharqdan Surxondaryo viloyatining Boysun tumani bilan chegaradosh. Qashqadaryodagi eng yirik suv inshootlaridan biri  Chimqo‘rg‘on suv ombori ham shu yerda joylashgan. Sobiq ittifoq davrida Bosh vazir maqomida ishlagan Rahmonqul Qurbonov shu tumandan. Qashqadaryoda 1995-1998-yillarda hokimlik qilgan Ozod Parmonov, 2022-yildan Surxondaryoda hokimlik qilayotgan Ulug‘bek Qosimov ham shu yerlik. Poyon Ravshanov, Nazar Eshonqul, Temirpo‘lat Tillayev, Javlon Jovliyev, Bayram Ali kabi taniqli ijodkorlar shu zaminda tug‘ilib-o‘sgan. Tuman hududidan «Katta Langar Qur’oni» deb ataluvchi Qur’oni karimning eng qadimgi nusxalaridan biri topilgan. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, Qamashi so‘zining ma’nosi nima?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qamashi nomi o‘zbek-qo‘ng‘irot qabilasi tarkibidagi qamaychi urug‘i nomidan olingan. To‘ra Nafasovning yozishicha, qamay qadimgi turkiy etnonim bo‘lib, qabila nomi totem asosida shakllangan. Bu etnik guruh vakillari uchun lochinsimonlar turkumi, qarchig‘aylar oilasiga mansub qamay qushi totem sifatida qabul qilingan. Bu qushning hozirgi o‘zbek tilidagi nomi – qumoy va u Hisor tog‘larida uchraydi. Qumoy tabiatda kamyob tur sanaladi. O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan. Rivoyatga ko‘ra, qumoy qushi uchganda soyasi kimning boshiga tushsa, u davlat, saltanat va baxtga erishadi. Qush dastlab totem bo‘lgan, keyinchalik urug‘, shahar va tuman nomiga aylangan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.