16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1 DEKABRDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-dekabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarning mintaqaviy akselerogrammalar bazasi; respublika hududlarini ilmiy tahlil asosida seysmik xavf darajasi bo‘yicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari; tuman va shaharlar markazlarining makroseysmik ballardagi va cho‘qqi tezlanishdagi mikrohududlashtirish xaritalari; respublikadagi mavjud faol tektonik yoriqlar xaritasini raqamlashtirgan holda yagona tizim asosida Onlayn seysmologik platforma ishga tushiriladi.

Onlayn seysmologik platforma «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, undagi seysmologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan bino va inshootlar loyihalashtiriladi hamda mazkur ko‘rsatkichlar shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

***

Tadbirkorlik subyektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik quyidagi shartlarda taqdim etiladi:

 yirik tadbirkorlik subyektlariga 10 milliard so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

Kompaniyaning kuzatuv kengashi qarori bilan belgilangan tartibda o‘rta va yirik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;

avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;

garov ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan taqchillikni bartaraf etish uchun barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan miqdorlar doirasida ajratilgan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga.

***

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi; nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma  yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan nikohdan ajratilgan shaxslardan sud qarorining talab qilinishi; chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlarning turar joyi, o‘qish joyi, ish joyi va lavozimidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli mudofaa organlariga taqdim qilish majburiyati; avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

***

Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi.

***

Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Agroportalda qishloq xo‘jaligi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish yuzasidan: ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish; ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarda mahsulot yetishtirishga kreditlar olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari joriy qilinadi.

***

Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

bojxona hududida yoki hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi «Tolling operatsiyalari» moduli amaliyotga joriy etiladi.

***

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«iste’molchi – tadbirkor – nodavlat notijorat tashkilotlari – davlat organlari» tizimi joriy etiladi. Bunda: iste’molchilarning barcha murojaatlari Raqobat qo‘mitasida ishga tushiriladigan «Iste’molchi murojaati» axborot tizimi orqali qabul qilinadi va barcha bosqichlarda monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

«Iste’molchi murojaati» axborot tizimini Soliq qo‘mitasining yagona axborot tizimiga integratsiya qilish orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgani haqida xabar yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

iste’molchining «Iste’molchi murojaati» axborot tizimi orqali ro‘yxatga olingan murojaati, birinchi navbatda, tadbirkor tomonidan Raqobat qo‘mitasi nazorati ostida 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi, iste’molchi murojaati ijobiy hal etilmagan taqdirda, murojaatchining tanloviga ko‘ra Qo‘mitaga yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘rganib chiqish uchun yuboriladi.

***

Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

nodavlat notijorat tashkilotlariga «Raqamli hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

***

Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

notarial xizmatlar ko‘rsatishda, respublika hududida notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali, ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish; notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayllarini elektron qurilmalarda saqlash talablari bekor qilinadi.

***

Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

nodavlat sud ekspertlariga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida faoliyat yuritish huquqi beriladi.

***

2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida:

atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi ma’lumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi hamda ularda har yili «Yashil makon» umummilliy  loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida (manzili, parvarishlash uchun mas’ul  shaxslar, ko‘chat turi va boshqalar);

davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida (murojaatchilar, daraxtlar soni, turi va manzili) va daraxtni kesish bo‘yicha o‘tkaziladigan jamoatchilik eshituvi haqida (sanasi, vaqti, manzili va natijalari);

suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;

mo‘ljallanayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda  boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan ta’siri masalalarini aholi va jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;

strategik ekologik baholash obyektlari, jumladan, shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari, davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi natijalari haqida;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘tkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida;

hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari (korxona nomi, rahbari va uning o‘rinbosari familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning telefon raqamlari, dispetcherlik xizmati va murojaatlarni qabul qilish xizmati ma’lumotlari, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish reja-grafiklari) haqida;

chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar haqida (korxona nomi, faoliyat turi, telefon raqamlari, ikkilamchi xomashyo, saralangan chiqindilarni qabul qilish maskanlari manzillari) ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.

***

Turizm sohasini raqamlashtirish va turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash; respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish; yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish; avtobus, avia va temir yo‘l chiptalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish; xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish; turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini beruvchi platforma to‘liq ishga tushirilishi ta’minlanadi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.