16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

KONSTITUTSIYA – INSON QADRI, ERKINLIK, TENGLIK VA ADOLAT GAROVI!

Xabaringiz bor, Prezident joriy yil 21-noyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida» farmoyish chiqardi. 

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, «Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi va Bosh vazir Abdulla Aripov raisligidagi tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar; ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlari; Konstitutsiya kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram va boshqa ko‘ngilochar tadbirlar; «Konstitutsiya oyligi» doirasida davlat organlari va tashkilotlarida tashkil etiladigan tadbirlar; «Konstitutsiya oyligi» doirasida ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladigan targ‘ibot tadbirlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan vazifalar batafsil 50 ta bandda ko‘rsatib o‘tilgan.

Tashkiliy qo‘mitaga dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda ko‘tarinki ruhda nishonlanishini;

barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash topshirilgan.

Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalar:

yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotganini ko‘rsatib berish;

yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashdagi o‘rni va rolini yoritish;

«Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!» degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini ochib berish;

yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangidan yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berganini keng jamoatchilikka tushuntirish;

nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilish;

Konstitutsiya bayrami arafasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya  darslarini, shu jumladan, atoqli huquqshunoslar, olimlar, sud, adliya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari rahbar va xodimlari ishtirokida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratiladi.

Farmoyish bilan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, «Dunyo» axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilgan.