Rossiyada 1–dekabrdan xorijliklar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatga kirish-chiqish qoidalari va shartlarini sinab ko‘rish bo‘yicha ekperimental bosqich boshlandi. Uning doirasida barcha davlat chegara o‘tkazish punktlarida biometrik shaxsiy ma’lumotlar to‘planadi. Bu haqda mamlakat hukumatining tegishli qarorida so‘z borgan.
Hujjatga ko‘ra, eksperiment o‘tkazish punktlarida «mavjud texnik imkoniyatlar»ga qarab kelgusi yilning 30-iyuniga qadar davom etadi.
Ilgari Moskva xalqaro aeroportlari (Domodedovo, Sheremetyevo, Vnukovo va Jukovskiy) hamda Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil o‘tkazish punkti orqali keluvchilar biometrik ma’lumotlar – yuz tasviri va barmoq izi topshirishi majburiy edi. Endi bu tajriba mamlakatning barcha chegara o‘tkazish punktlarini qamrab oladi.
Belarus fuqarolari, olti yoshdan kichik bolalar, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar xodimlari oila a’zolari bilan Rossiya davlat chegara o‘tkazish punktlaridan o‘tishida biometrik ma’lumotlar topshirish majburiyatidan ozod qilingan.

