16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Urushlar ortidan o‘sayotgan daromad

2024–yilda dunyodagi eng yirik 100 ta qurol ishlab chiqaruvchisining umumiy daromadi 679 milliard dollarni tashkil qilib, rekord qayd etdi. Bu haqda Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI)ning global qurol savdosi haqidagi so‘nggi hisobotida yozilgan.

Qayd etilishicha, Ukraina va G‘azo mintaqasidagi jangovar harakatlar fonida davlatlar o‘z arsenallarini kengaytirish va tezkor modernizatsiya qilishga intilmoqda. Shu tufayli qurol-yarog‘ kompaniyalarining global daromadi keskin o‘sdi. Shunday qilib, o‘tgan yili qurol savdosidan olingan umumiy daromad 5,9 foizga ortib, SIPRI tomonidan qayd etilgan eng yuqori darajaga yetdi.

Jumladan, AQSH yirik kompaniyalarining qurol savdosidan olgan umumiy daromadi 3,8 foizga o‘sib, 334 milliard dollarni tashkil qilgan. Ro‘yxatga kiritilgan ushbu mamlakatning 39 ta ishlab chiqaruvchisidan 30 tasining qurol savdosidan ko‘rgan daromadi oshgan.

Top-100 ga kiruvchi 26 ta Yevropa qurol kompaniyasidan 23 tasi ham o‘z ko‘rsatkichlarini oshirgan. Ularning umumiy daromadi 13 foizga o‘sib, 151 milliard dollarni tashkil qilgan.