16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Sun’iy intellekt bilan muloqot psixoz xavfini oshiradi

ChatGPT kabi sun’iy intellekt (SI)ga asoslangan chat-botlarning his-tuyg‘uni qo‘llab-quvvatlash uchun va hatto psixoterapiya o‘rnini bosuvchi sifatida ommalashuvi mutaxassislarda foydalanuvchilarning ruhiy salomatligi borasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda CNN manbasi xabar tarqatgan.

Britaniya Darem universiteti, London qirollik kolleji va Nyu-York davlat universiteti olimlari aniqlangan 17 ta holatni o‘rganib, bezovta qiluvchi tendensiyalar haqida ogohlantirgan: ChatGPT singari sun’iy intellekt yordamchilar foydalanuvchilarning xayoliy maqsadlarini kutilmaganda kuchaytirishi va «SI psixozi» deb ataladigan holatni qo‘zg‘atishi mumkin.

Tadqiqotda botlar bilan tizimli muloqot ulug‘vorlik, ta’qib va hatto romantik xayollarni kuchaytirishi mumkinligi qayd etiladi.

Eng shov-shuvli holatlar qatorida 2021-yilda qirolichani o‘ldirish niyatini aytib, chat-bot bilan bir hafta muloqot qilganidan keyin hujumni rejalashtirishga ko‘maklashish va’dasini olgan erkak Vindzor qasriga arbalet ko‘tarib borgani voqeasi ham bor. Boshqa misol – ChatGPT bilan sutkasiga 16 soatgacha muloqot qilgan manxettenlik buxgalterni chat-bot dori-darmonlardan voz kechib, tarkibida giyohvand modda saqlaydigan ketamin tabletkasi dozasini oshirishni maslahat bergan va 19-qavatdan sakrash unga parvoz qilish imkonini berishini tasdiqlagan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, SI hali psixozga moyilligi bo‘lmagan odamlarda uni keltirib chiqarishi isbotlanmagan, biroq allaqachon psixotik buzilish chegarasida turganlarda alomatlarni jiddiy kuchaytirishi mumkin. Chat-botlar dizayni davolanishga yordam berish emas, foydalanuvchini doimiy jalb qilishga mo‘ljallangani alohida xavf tug‘diradi.