Boshqirdistonlik bir kishi o‘zining sigiri qornidan ichida 80 ming rubl (12 385 600 so‘m atrofida) puli bo‘lgan hamyon topdi. Bu haqda bash.news manbasi ma’lum qilgan.
61 yoshli mahalliy aholi vakilining so‘zlariga ko‘ra, uning qoramollari har xil joylarda, jumladan, chiqindixonalarda ham o‘tlaydi. Ana shunday «sayohatlar»da yurgan sigirlardan birini so‘yish jarayonida hayvonning oshqozonidan ichida puli bor hamyon topib olingan.
Keyinroq hamyon egasi hududda obyekt qurayotgan mahalliy tadbirkorlardan biri ekanligi ma’lum bo‘lgan. U ishchilarga maosh tarqatishi kerak bo‘lgan, biroq pullarini yo‘qotib qo‘yganligi uchun bu ishni ortga surgan. Uning taxminicha, ishchilardan biri hamyonni tasodifan chiqindilar bilan birga tashlab yuborgan. Chiqindixonalardan birida uni sigirlar «topgan» bo‘lishi mumkin.

