16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Xavfsiz va sog‘lom yurt

Profilaktik tadbir

Ma’lumki, giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish, ularga qarshi keskin kurashish aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilishdagi ustuvor masalalar sirasiga kiradi.

Bu borada ichki ishlar organlari zimmasiga ham aniq vazifalar yuklangan bo‘lib, soha xodimlari, jumladan, Prezidentning joriy yil 3-noyabrdagi «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini sifatli ta’minlash uchun tizimli sa’y-harakatlarni amalga oshirishmoqda.  

Xususan, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abduvohid Ismoilovning voha aholisiga qilgan murojaatida ta’kidlanganidek, 20- noyabrdan 20-dekabrga qadar hudud miqyosida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Uning doirasida 60 ta giyohvandlik, 19 ta yer va 12 ta energiya resurslari talon-toroji, 8 ta qo‘shmachilik, 6 ta qimorxona tashkil etish, 5 ta noqonuniy valyuta ayirboshlash, 5 ta poraxo‘rlik, 2 ta odam savdosi hamda 1 ta tovlamachilik bilan bog‘liq jinoiy holatlar aniqlandi. 

Shuningdek, farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bo‘linmalari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilib, giyohvandlikning zararli oqibatlari va unga qarshi kurashishning ahamiyati tushuntirilmoqda. Yaqinda soha mas’ullari tomonidan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida oliy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida tashkil qilingan ochiq muloqotning mavzusi ham shu haqda bo‘ldi.

Sir emas, axborot texnologiyalari taraqqiyoti narkojinoyatlarning yangi shakllari, usullari shakllanishi va uyushganlik darajasi ortishiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti. Joriy yilning 11 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlarning 54 foizi aynan shu soha imkoniyatlari asosida amalga oshirilgani fakti fikrimizni tasdiqlaydi.

Shunga ko‘ra, ularning oldini olish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan Xavfsiz internet yordamchisi» telegram boti ishga tushirilgan. Unga ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarga adminlik huquqi berilgan taqdirda, kelgan zararli .apk ilovalarni avtomatik tarzda o‘chirib yuboradi. Mazkur bot yordamida hozirgi kunga qadar telegram kanal va guruhlarda tarqalgan 36 mingga yaqin zararli ilova, fayl va fishing havolalar aniqlanib, o‘chirildi.

O‘z muxbirimiz