E’tirof
Qashqadaryoda nodavlat notijorat tashkilotlari va umuman «uchinchi sektor»ning eng faol va tashabbuskor vakillaridan biri sanalgan Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazining viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Shaxnoza Raupova «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda shu oyning dastlabki sanalarida tashkil etilgan Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining qarori asosida «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan mukofotlanganlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda yurtimizdagi 20 dan ortiq NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari va tashabbuskor fuqarolar qatorida vohamizda amalga oshirilgan ko‘plab muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarda faol qatnashib, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurash va jabrlanuvchilarni reintegratsiya qilish sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Shaxnoza Raupova ham alohida e’tirof etilib, unga tantanali ravishda ko‘krak nishoni va guvohnoma topshirildi.
Shu o‘rinda eslatish joizki, davlatimiz rahbarining 2018-yil 4-maydagi tegishli farmoniga muvofiq ta’sis etilgan «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shgan hamda jamiyatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda tashabbuskor fuqarolar taqdirlanadilar. Taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili 8-dekabr – Konstitutsiya kuni bayrami arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.
Tafsilotlarga qaraganda, Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazining viloyat bo‘limiga 2018-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Shaxnoza Raupova keyingi ikki yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Kanada Mahalliy tashabbuslari jamg‘armasi (CFLI), USAID, AQSH Davlat departamentining INL bo‘limi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qator loyihalarni samarali boshqarib, ular doirasida ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat migrantlari va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish va aholiga bepul yuridik hamda psixologik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini muvofiqlashtirgan.
O‘z muxbirimiz

