16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

2025-yil – mening hayotimda

Tabiatni, yerni, molni asrash – bu ham Vatanga xizmatdir

Parda NORMURADOV,

«Pachkamar qorako‘lchilik» MCHJ bosh cho‘poni, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi (G‘uzor tumani) 

Cho‘ponlik tayog‘ini qo‘limga olganimga 31 yil bo‘ldi. Ortga nazar tashlasam, bosib o‘tgan yo‘limda qiyinchiliklar ham, yutuqlar ham ko‘p bo‘lgan. Biroq 2025-yil hayotimda alohida o‘rin tutadi. Avvalo mehnatim, yillar davomida to‘kilgan peshona terimning qadri yanada yuksak e’tirof etildi.  Prezidentning tegishli farmoni bilan «Mehnat shuhrati» ordeniga munosib ko‘rildim. Davlatimiz rahbarining ana shunday e’tibori, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik sohasida olib borayotgan islohotlari biz – dala mehnatkashlariga katta kuch bag‘ishlamoqda.

O‘tayotgan yil men mehnat qilayotgan «Pachkamar qorako‘lchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham barakali natijalarga boy bo‘ldi. Qo‘y-qo‘zilar soni ko‘paydi, mavjud 400 bosh ona qo‘ydan olingan qo‘zilarning 93 foizini o‘stirishga qoldirdik.

Tabiatni, yerni, molni asrash – bu ham Vatanga xizmatdir. Yakuniga yetayotgan yil mening taqdirimda shunchaki navbatdagi yil emas, balki hayotim mazmunini yanada boyitgan, intilishlarimga yangi ruh bag‘ishlagan unutilmas davr bo‘lib qolmoqda. Ishonamanki, oldinda yana barakali yillar, yangi marralar bor. Halol mehnat bilan yashash, Vatanga xizmat qilish, el ishonchini oqlash – mening kechagi, bugungi va ertangi taqdirimdir.

Ishonish, intilish va orzu qilishdan hech qachon to‘xtamaslik kerak

Bexruzbek ELMURODOV,

xalqaro olimpiada g‘olibi (Mirishkor tumani)

Yakunlanib borayotgan yil hayotimda unutilmas va ertamni belgilab bergan davr sifatida muhrlandi. Sababi to‘rtta xalqaro olimpiadada sovrindor bo‘ldim.

Dastlab yanvar oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil etilgan 21-Xalqaro Jautikov olimpiadasida 3-o‘ringa loyiq ko‘rilgan bo‘lsam, mart oyida Rossiyada matematika fanidan tashkil etilgan 10-Xalqaro Kavkaz olimpiadasida turli mamlakatlardan ishtirok etgan 300 nafar o‘quvchi orasidan faxrli 1-o‘rinni egallab, oltin medal sohibiga aylandim.

Iyunda Shimoliy Makedoniyada bo‘lib o‘tgan 29-Bolqon yoshlar matematika olimpiadasining kumush medalini qo‘lga kiritdim. 106 davlatdan 600 nafardan ziyod o‘quvchi qatnashgan va nufuzi jihatdan eng yuqori turadigan  66-Xalqaro Matematika olimpiadasi (Avstraliya)da esa ikkinchi o‘rinni egalladim.

Ana shular asnosida angladimki, haqiqiy muvaffaqiyat ilm, sabr-toqat va qat’iyat bilan qo‘lga kiritiladi. Oldinda yana ko‘p marralar, yangi cho‘qqilar bor. Men esa ular sari ishonch bilan qadam tashlashda davom etaman.

Men uchun eng katta boylik –farzandlarim, eng ulug‘ unvon – ona degan nomdir

Dilfuza BAHRIDDINOVA,

ko‘p farzandli ona (Kitob tumani)

2025-yil hayotimga yangi mazmun va beqiyos mas’uliyat olib kirgan yil bo‘ldi. Alloh allaqachon besh nafar qizning onasi bo‘lgan menga to‘rt nafar egizak farzand berdi. Onalik baxtini yaxshi bilardim, endi u yanada ulug‘vor, yanada sinovli, yanada muborak ko‘rinishda edi.

Bir paytning o‘zida to‘qqiz nafar farzandning onasi bo‘lish – har qanday ayol uchun ulkan mas’uliyat. Ammo ona yuragi shunday yaratilganki, u qo‘rquvdan ko‘ra umidni, charchoqdan ko‘ra mehrni ustun qo‘yadi.

Bu yil men nafaqat ona, balki kuchli ayol ekanimni ham qayta kashf etdim. Oilamning qo‘llab-quvvatlashi, turmush o‘rtog‘imning mehri, yaqinlarimning duolari menga qanot bo‘layapti.

Farzandlarimning har biri – men uchun alohida olam. Qizlarim – Shabnam, Shaydo, Shirin, Billura va Shukrona hayotim mazmuni bo‘lgan bo‘lsa, egizaklarim – Xadicha, Saida, Fotima va Osiyo hayotimga kirib kelgan yangi umid va kelajak nuridir.

Alloh bergan ne’matga shukr qilaman va farzandlarimning sog‘-salomat, Vatanga foydasi tegadigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishini tilayman. Inchunin, men uchun eng katta boylik – farzandlarim, eng ulug‘ unvon  – ona degan nomdir.

Orzuimdagi shaxsiy kutubxonamni tashkil qildim

Madinabonu MAHAMMADRIZOYEVA,

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi (Koson tumani)

Joriy yilda barcha qizlarning orzusi bo‘lgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib topilib, medalni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zlaridan qabul qilib oldim. Shu damda «Ota-onanga, ustozlaringga rahmat» degan izhorlarini eshitish baxtini his qildim.

Angladimki, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, imkoniyatlari, bilim va salohiyati cheksiz. Mamlakatimizda yoshlar, xususan, qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim va ijod imkoniyatlari meni kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi. Eng muhim yangiliklardan biri shu yilda o‘zim orzu qilgan shaxsiy kutubxonamni tashkil qildim.

Hozirda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining qishloq xo‘jaligi fakulteti 3-bosqich talabasiman. Abdulla Oripov she’rlari, jadidlarga oid qator adabiyotlarni chet tillariga tarjima qilib, ko‘plab xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘ldim. 

Kelgusida magistiratura bosqichini Amerikada davom ettirmoqchiman va jahon talablari darajasidagi yetuk kadr bo‘lib ona Vatanimga xizmat qilish oliy maqsadim.