«General bo‘lishni orzu qilmagan askar – askar emas», degan hazilnamo gap bor. Ammo bu yuksak harbiy unvon hammagayam nasib etavermaydi. Kasbiy faoliyatdagi yuksak natijalar barobarida axloqiy fazilatlar ham pogondagi yulduzlar soni va salmog‘iga ta’sir etishi bor gap. Demak, bugun Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan va general unvoniga sazovor bo‘lgan kishilar haqida so‘z yuritamiz. Zero, bu 8-yanvar – Prokuratura xodimlari kuni hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga o‘ziga xos munosabatimiz bo‘ladi.
Qashqadaryoga oid
Oston Tursunov

1964-yil 7-fevralda Qashqadaryo viloyati qayta tashkil etilgach, viloyat prokurori lavozimiga Oston Tursunov tayinlangan. U 1932-yilda tug‘ilgan. Prokuratura organlaridagi xizmat faoliyatini 1954-yilda Qashqadaryo viloyati prokurorining sudlov nazorati bo‘yicha yordamchisi va katta yordamchisi lavozimlarida boshlagan.
Qashqadaryo viloyati prokurorining o‘rinbosari, Qarshi tumani prokurori, 1961-1964-yillarda Surxondaryo viloyati prokurori, 1964-1974-yillarda Qashqadaryo viloyati prokurori, 1974-1978-yillarda Surxondaryo viloyati prokurori, 1978-1983- yillarda Buxoro viloyati prokurori lavozimlarida ishlagan. Keyin ham qator yillar prokuratura organlaridagi xizmatini davom ettirgan.
Xushvaqt Norbo‘tayev

Xushvaqt Norbo‘tayev 1934-yilda Koson tumanining Guvalak qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, bir muddat hududdagi jamoa xo‘jaligida ishlaydi. So‘ng Toshkent davlat yuridik institutiga o‘qishga kiradi.
1956-yilda institutni tamomlab, viloyat IIB JQB tezkor vakili lavozimida ish boshlaydi. 1957-yildan 1970-yilga qadar viloyat IIB TB tergovchisi, JQB tezkor vakili, viloyat IIB JQB katta tezkor vakili, Qarshi shahar IIB surishturuv bo‘limi katta tezkor vakili, katta tergovchisi, tergov bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida xizmat qiladi.
1970-1971-yillarda Qamashi tumani IIB boshlig‘i, 1971-1975-yillarda Qarshi shahar IIB boshlig‘i, 1975-1979-yillarda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 1979-1984-yillarda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan.
1982-yilda Xushvaqt Norbo‘tayevga «Militsiya general-mayori» unvoni berilgan.
Xushvaqt Norbo‘tayev 2008-yilda hayotdan ko‘z yumgan.
Botir Kalonov

Ko‘plab prokurorlarning ustozi sanalmish Botir Xamzayevich Kalonov 1941- yilda tug‘ilgan. 1962-yilda Tojikiston davlat universitetini tamomlagan.
Prokuratura organlaridagi xizmat faoliyatini 1962-yilda Tojikiston Respublikasi Yovon tumani prokuraturasi tergovchisi lavozimida boshlab, Tojikiston Respublikasi Kuybishev tumani hamda Qarshi shahar prokuraturasi tergovchisi, viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori, Qarshi shahar prokurori, O‘zbekiston Kompartiyasi viloyat partiya qo‘mitasi ma’muriy idoralar bo‘limi mudiri, 1983-1987-yillarda Qashqadaryo viloyati prokurori, Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari, 1992-2002-yillarda Navoiy viloyati prokurori, 2002-2005-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi direktorining o‘rinbosari lavozimlarida samarali ishlagan.
2005-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi lavozimida ishlab, yoshlarga o‘zining boy va amaliy tajribalarini o‘rgatib kelmoqda.
Abduhalim Xolmaxmatov

1957-yilda tug‘ilgan Abduhalim Xolmaxmatov prokuratura organlaridagi xizmat faoliyatini 1986-yilda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi umumiy nazorat bo‘limi prokurori lavozimidan boshlagan.
Shundan so‘ng, 1987-1991-yillarda Qashqadaryo viloyati prokurorining voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlarni ijro etish ustidan nazorat bo‘yicha katta yordamchisi, 1991-1996-yillarda qamoqqa olinganlarni saqlash va jazoni ijro etish ustidan nazorat bo‘yicha Qarshi maxsus prokurori, 1996-1997-yillarda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi umumiy nazorat bo‘limi boshlig‘i, 1997-2001-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul lavozimlarda, 2001-2004- yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, 2004-2005-yillarda Toshkent viloyati prokurori, 2005-2008-yillarda Farg‘ona viloyati prokurori, 2008 yilda Qarshi tumani prokurori, 2008-2017-yillarda Oliy xo‘jalik sudida mas’ul lavozimlarda, 2017-2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, 2020-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 2021-yil fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlandi.
Rustam Jo‘rayev

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev 1968- yilda tug‘ilgan. 1986-1988-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini tamomlagan.
Xizmat faoliyatini 1989-yilning aprel oyida jinoyat-qidiruv bo‘limining kichik inspektori lavozimidan boshlagan.
1994-yildan 2003-yilga qadar Qarshi shahar IIB, Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB, Toshkent shahar IIBBda tergovchi, katta tergovchi bo‘lib ishlagan.
2003-2008-yillarda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv va Tergov bosh boshqarmalarida turli lavozimlarda xizmat qilgan.
2008-2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida inspektor, yetakchi inspektor, bosh inspektor lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2012-2015-yillarda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – tergov boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
2015 yil-fevral-oktyabr oylarida – Namangan viloyati IIB boshlig‘i, 2015-2017- yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. 2017-2018- yillarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. 2018-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Unga 2018-yil 14-fevral kuni general-mayor unvoni berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni etib tayinlangan.
Hamdam Qarshiyev

Qarshiyev Hamdam Aliqulovich 1970-yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 1997- yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1987-yilda Shahrisabz tumanida boshlagan. 1991-2009- yillarda Toshkent shahar Olmazor va Yakkasaroy tumanlari ichki ishlar boshqarmalarida turli lavozimlarda faoliyat olib bordi. 2009-2013-yillarda transportda IIB tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – tergov bo‘limi boshlig‘i, 2013-2016- yillarda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari – tergov boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
2016-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari – Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy ta’minlash departamenti direktori (bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Sudьyalar oliy kengashi a’zosi), 2017-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, 2018-2019- yillarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni, 2019-2022-yillarda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi boshlig‘i) sifatida faoliyat olib borgan. 2022-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelmoqda.
Murotjon Azimov

Murotjon Berdialiyevich Azimov 1976-yilda Kitob tumanida tug‘ilgan. 1998- yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1998-yilda Qarshi shahar prokuraturasida ish o‘rganuvchilikdan boshlab, 2009-yilgacha tergovchi, bo‘lim prokurori, viloyat prokurorining katta yordamchisi, prokuratura bo‘lim boshlig‘i, tuman prokurori lavozimlarida ishlagan. Qashqadaryo viloyati prokurorining o‘rinbosari bo‘lgan. Keyin 2014-yilgacha Prezident maslahatchisi xizmatida mas’ul lavozimda ishlagan. 2014-2016-yillarda Buxoro viloyati prokurori, 2016-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, 2018-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritgan. 2021-yil 18-noyabrdan Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasida ishlab kelmoqda.
Ko‘p yillik xizmatlari munosib baholanib, «Bojxona xizmati general mayori» unvoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi farmoni bilan «Mehnat shuhrati» ordeni berilgan.
Ulug‘bek Qosimov

Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov 1983 yilda Qamashi tumanida tug‘ilgan. 2001-2005-yillarda Samarqand davlat universitetida o‘qigan. 2005-2006-yillarda Surxondaryo viloyati Denov tumani prokuraturasida ish o‘rganuvchisi sifatida faoliyat boshlagan.
So‘ng Bandixon tumani prokurori yordamchisi, Uzun tumani prokuraturasi tergovchisi, Surxondaryo viloyati prokuraturasi qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini himoya qilish bo‘limi prokurori, Bosh prokuratura fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi prokurori, Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan. Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Denov tumanlari, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri prokurori bo‘lib ishlagan.
2022-yildan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda. Oliy Majlis Senati a’zosi. 2024-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

