16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

XALQIMIZNI TO‘Y MARAZIDAN QUTQARURGA TIRISHMAK VA ILOJ ISTAMAK LOZIMDIR

Saralangan satrlar

Necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan kelayotgan masala bor. Bu faqat bizning millatga xos, desak-da mubolag‘a emas. Uning taraqqiyotimizga to‘g‘anoq bo‘lib kelayotganini deyarli barcha biladi, tushunadi, ammo gali kelganda, o‘zini to‘xtatib turolmaydi. Darhaqiqat, o‘ta mantiqsiz holat: uning uchun odamlar yillab mehnat qiladi, yemay-ichmay yig‘adi, hatto chet ellarga borib mardikorchilik qilib keladi va bor-budini bir kunda, hatto bir necha soatda sarflab yuboradi. Buning sababini manaman degan faylasuflaru sosiologlar ham to‘g‘ri izohlab berolmasa kerak.

Anglab turganingizdek, gap to‘y-hashamlar haqida boryapti. Albatta, hammaniyam to‘ylarga yetkazsin, ammo xarajatlar aqlni ishlatgan holda, isrofsiz bo‘lsin – istagimiz shu, bizdan avval ham shuni istashgan. Bugungi aksariyat to‘ylar shu darajaga yetib keldiki, ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayapti. Buning ortidan oilaviy mojarolar, urush-janjal, ajrashishlar kelib chiqmoqda. Ayrim to‘ylardagi dabdaba, hashamatni ko‘rgan, biroq qo‘li kaltalik qiladigan kishilarda esa o‘z hayotidan norizolik, noshukurlik kabi illatlar shakllanayotgani ham bor gap. Buning oqibati jamiyatni ma’naviy tanazzulga yetaklashi aslo vahima emas. Isrofli to‘ylarga bugun chek qo‘ymasak, kun kelib had-hududsiz muammolarga ro‘baro‘ bo‘lishimiz aniq.

Agar dabdabali to‘y qilayotgan kishilar yashab turgan hududni o‘rganib ko‘rsangiz, o‘yilib yotgan asfalt yo‘llar, nuragan devorlar, darz ketgan tomlar, ta’mirtalab maktab, yangilanishga muhtoj bog‘cha, qozoni go‘sht ko‘rmaydigan oilalar, beva-bechoralar, dardmandlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar bo‘y ko‘rsatadi. To‘yni ixcham o‘tkazib, qolgan mablag‘ni shu tarafga yo‘naltirsak, hayotimiz naqadar go‘zal ko‘rinishga kelardi!

Ayni haqiqatni yuz yil ilgari teran tushungan jadid ma’rifatparvarlari millatni ortiqcha isrofdan qaytargan edilar. Davlat rahbari ham bir necha bor jamoatchilik e’tiborini shu masalaga qaratdi. Bugun jamlangan iqtiboslar ham ko‘zni kattaroq ochishga undashidan umidimiz bor.

*  *  *

Mana, o‘zinglar ko‘ryap-sizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi…

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

*  *  *

Xudoga ming qatla shukur, to‘ylar albatta bo‘lishi kerak. Hech kim “To‘y qilmanglar, to‘y qilish mumkin emas!”, deb aytayotgani yo‘q, lekin har xil gap-so‘zlar chiqib ketyapti. To‘y ma’noli, mazmunli, hisob-kitobli bo‘lsin deb aytyapmiz.

*  *  *

Tasavvur qiling, oyligi yo‘q, ishi yo‘q, shifoxonaga borishga, dori olishga puli yo‘q odamga 20 ta mashinada to‘y qilgan odam qanday ko‘rinadi? Yoqadimi? Men o‘ylayman, yoqmaydi. Adolatsiz. Man-man degan odamga bitta savol: shu zo‘r to‘y qilgan odam oyligiga qila oladimi? Eng oddiy fuqaromiz ham sal o‘zini tiklab olsin. Uni, kechirasiz, oddiy tilda aytganda, g‘azabini keltirmaylik.

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va-din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur.

*  *  *

Aksar xalqimizni a’moli shulki, ishlasa va foyda qilsa. Shoyadki, o‘g‘il va qizini to‘y qilsa va ham qanday! O‘z qatorindagi odamlarni qilgan to‘yidan ziyodaroq!

Bechora kosibni a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzni 18, balki 20 soatni mehnatg‘a o‘tkaraturgon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Ana, bechorani a’moli. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom.

*  *  *

Bir karra diqqat qilinsun, biror yahudiy va o‘rus hech vaqt to‘y degan balog‘a besh ming so‘m, hatto bir-ikki ming so‘m sarf qilingani eshitilmaydur. Biz bo‘lsa, yigirma ming so‘mlab sarf etarmiz. Koshki bu pul o‘zimizniki bo‘lsa, endiki yolg‘iz isrof gunohi ila qutular edik, yo‘q balki biz haq qulidin qo‘rqadurg‘on musulmonlar boshqalar aqchasini barbod etib, oxiratg‘a qarz, dunyog‘a kulfat ortdirarmiz.

*  *  *

To‘y va ma’raka aqchasidan bolalarni hukumat maktablarig‘a bersunlar va talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorulfunun va dorussanoalarig‘a yuborib, diniy va dunyoviy va zamonaviy odamlar yetishtirmoqg‘a sa’y qilsunlar.

*  *  *

Katta to‘y qilib xotun olgan bechoralarning holiga yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yning azasi ba’zi oilalarda o‘n yil, hatto bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikka sabab bo‘lur.

Mahmudxo‘ja BEHBUDIY

Biz Turkiston xalqi ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g‘oyat ko‘b zararlar ko‘rmakda bo‘lg‘an bir millatmiz.

*  *  *

Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro‘y ketmasun”, deb xatna yoki nikoh va yo aza marosimini o‘rung‘a keturmak uchun qo‘llarinda bor narsalarini bir-ikki kunda barbod etadilar, qarzdor bo‘larlar. Qarzlarini ado eta olmag‘ach, oxiri, “molni odam topar, odamni mol topmas”, deb o‘z bog‘ va hovlilarini sotib, qarzlarig‘a berarlar.

*  *  *

Bizlarning boylarimiz topgan pullarini bazm, ko‘bkori, to‘ylarda isrof qilarlar. Agar o‘shal yerda isrof qilina turgan pulni shundoq o‘runli joyda sarf qilsalar, qancha bolalari nodonlikdan qutulib, dindan ham ilm va adabdan xabardor bo‘larlar edi!

*  *  *

Xalqni o‘z holiga qo‘ysa, o‘zining foyda-zararini o‘ylamay, har bir to‘g‘ri kelgan ishni qilaveradi, o‘lganicha foydasiz urf-odatlarning asoratidan chiqa olmaydi. Shuning uchun xalqni o‘z holiga qo‘yish tuzuk emas. Mas’ul kishilar va yoshlarimiz bu muammolarni hal qilishda, to‘xtatishda xalqqa yo‘lboshchi va ta’minotchi bo‘lib turishlari kerak.

Hoji MUIN

Och-yalang‘och, kulfat, mehnat va zahmat balolari orasida o‘ralib qolgan bir qavmga: “Madaniyatga kiringiz, maktab solingiz, o‘qungiz, taraqqiy qilingiz” kabi so‘zlarning foydasi o‘lmadig‘i oftobdan ham ravshandir. Bu faqirlikning eng qo‘rqunch to‘lqunlari orasida ezilgan xalqimizni to‘y marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir.

Buning davosi va chorasi uchun hech bir tabibga muhtoj o‘lmasdan, balki bir oz orqa-o‘ngg‘a qaramak, hamyonning og‘zini mahkam qilmak, iqtisodni rioya qilmak, isrofdan saqlanmak lozimdir. Ajabo. Bu isrof to‘lqunlari bizlarni na yerga olub boradir?.. “Dard ustiga chipqon” degandek, kundan-kun bid’at ustiga bid’at ortmakda. Ulamo, fuzalo va eshonlarimiz zikr va tasbeh o‘rniga “to‘y ustiga to‘ylar bo‘lsun” so‘zini virdi zabon qilmaqda. Ag‘niyo va sarvatdorlarimiz to‘y poygasi qilub, bir-birlarining bor-yo‘qlariga qaramasdan, faqir va kambag‘allarimiz uylarini, bog‘larini, otlarini, to‘nlarini sotub to‘yga sarf qilmaqdadurlar. Bir tarafdan, madaniyat to‘lqunlari shoshirmoqda, ikinchi tarafdan faqirlik va miskinlik ko‘paymakda, yana bid’at ustiga bid’at ortmakdadir. Mundan besh-olti yil muqaddam eng sarvatli kishilarimiz uch kundan ortiq osh ham yigirma-o‘ttizdan ortiq chopon bermas edilar. Hozir bu tarafdan ko‘b taraqqiy qilib, olti-yetti kun osh va yuzlab chopon bermakdadirlar. Avvalda bir yarim-iki so‘mlik chopon beradigan kishilarga, hozir 20-25 so‘mlik zarrinlar, baxmallar berurga boshladilar. Mana shul tariqada biz keyinga qarab taraqqiy qilmakdamiz, bilmam, bizim bu isrof va bid’atlarimiz qachon yo‘q bo‘lib ketar?!.

*  *  *

Muallimlarimiz bir-birlaridan qizg‘onishub, bolalarni arzon o‘qitaman deb, bir o‘zlariga yuz, yuzdan ortuq bola yig‘ub, o‘zlari to‘y va ma’rakalarda bolalarning umrini bekor o‘tkarishni yaxshi ko‘rarlar.

Savdogarlarimiz: “To‘ylikni to‘yi o‘tar, to‘ysizni kuni o‘tar” degan so‘zga amal qilmay, qaysi mahallada to‘y bo‘lsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi ko‘rurlar.

Abdulla AVLONIY

Bir mahalla imomi yo ellikboshisi bosh bo‘lib man qilsalar, ikkinchi mahallag‘a ta’sir qilmas, ikkinchi mahallag‘a ta’sir qilsa, uchinchi mahallag‘a yo‘l topilmas va bu xilofi shar’ilar chunon shoyi’ bo‘lmishdirki, ba’zi behamiyatlar mahallag‘a qo‘shilmaslikg‘a rozi bo‘lib, bazm va yalochini tarkig‘a rozi bo‘lmas, chunki ota-bobolaridin qolg‘on rasm emish.

*  *  *

Zakot bermoq bo‘lg‘on holda bir boy zakot bermasa, hech kimning ishi yo‘q, ammo o‘g‘lini uylantirib, bazm bermasa, avomlar o‘rtasida malomatga mustahiq bo‘lur.

Munavvarqori ABDURASHIDXONOV

B.SAYFIYEV tayyorladi.