Tayvanlik fuqaro uzoq yillar bitta termosdan foydalangani ortidan qo‘rg‘oshindan zaharlandi. Bu haqda Oddity Central manbasi ma’lum qilgan.
Hikoya 30 yillik haydovchilik tajribasiga ega 50 yoshli erkak avtofalokatga uchraganidan boshlangan. U o‘z boshqaruvidagi mashinasini zarur nuqtada to‘xtata olmay, do‘konga borib urilgan.
Jiddiy jarohatlar olmagan haydovchi hayot uchun xavfli holatda shifoxonaga yotqizilgan: unga og‘ir kamqonlik, bosh miya po‘stlog‘i qurishi va buyrak faoliyatining buzilishi tashxisi qo‘yilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi vaqtlarda bemor surunkali charchoqni his qilib, unda ta’mni sezish qobiliyati o‘zgargani tufayli ovqatlarning tuzi kamdek tuyulavergan. Bu barcha belgilar uning qo‘rg‘oshindan zaharlanganini ko‘rsatib, taxmin qon tahlili yordamida tasdiqlangan.
Nefrolog mutaxassislar erkakning zaharlanish sabablarini oydinlashtirishga urinishlar chog‘ida u qariyb 20 yildan buyon ichki qatlami zanglagan va oqibatda har kuni unga solingan qahvani qo‘rg‘oshin bilan «boyitgan» bitta termosdan foydalanib kelganini aniqlashgan.

