16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

OSMONGA QO‘RQIB QARAYMIZ. BALO OSMONDAN KELADI, DEB O‘YLAYMIZ. ASLIDA, BAXT HAM, BAXTSIZLIK HAM YERDA

Saralangan satrlar

 “Mustaqillik haqida o‘ylaganda, yodimga zanjirga o‘rgangan fil haqidagi rivoyat tushadi. Eshitgandirsiz? Yuz yil zanjirga bandi qilingan fil qoziq atrofida aylanib yurar ekan. Oxiri zanjir zanglab, chirib, uzilib ketibdi hamki, fil shu qoziq atrofida aylanib yuraverar emish. U zanjir bir kuni uzilishini tasavvur ham etolmas ekan. Yashirib nima qildik – bizning qo‘limiz yechilgani yo‘q, tilimiz yechildi, xolos. Qo‘limiz yechilganda ham dilimiz zanjirda qolaveradi hali.

Men mustaqilligimizning kelajagi ana shu narsaga – xalqimiz dilidagi zanjirlarning uzilishiga bog‘liq, deb bilaman”.

Taniqli jurnalist va tarjimon Karim Bahriyev 1992-yilda shu gaplarni yozgandi.

Olim Toshboyevning “Kishan” romani esa ana shu fikrlarning o‘ziga xos badiiy ifodasi, desak xato bo‘lmaydi. Darhaqiqat, xalqimiz 130 yildan ziyod vaqt davomida zulm kishanlari iskanjasida yashadi, u esa o‘z asoratlarini ko‘rsatmasdan qolmadi – mustaqillikka erishganimizga 35 yil bo‘lyapti hamki, ayrim kishilar ongu tafakkuri hali-hamon kishanbanddek, o‘zini, o‘zligini tanishga yo‘l qo‘ymayotgandek.

Aslida bu dunyoga kim tirgak bo‘libdi deysiz. Bu eski olam zolimdan ham, mazlumdan ham qoladi. Eslanadigani – yaxshiyu yomon amallar, xolos. Kishan taqib, o‘zgalar hayotiga chang solganlarning farzandlari ozod zamonda amalga, martabaga, mol-dunyoga, aroqqa va boshqa matohlarga kishanband bo‘lib tursa – bundan ortiq xo‘rlik va xorlik bormi kishiga?!

“Kishan” romanida bir oila misolida burungi va bugungi kunimizga nazar solinadi. Boshdan aytib qo‘yaylik: avval bu kabi asarni o‘qimagansiz. To‘g‘ri, qaysidir tasvirlar qaysi bir asarni esga solar, ammo Olim Toshboyev ifoda uchun o‘ziga xos uslub topganki, bundayini boshqa kitoblardan topolmaysiz. Ramzni, kinoyani, ishoralarni, ko‘zda tutilayotgan shaxslarni anglagan kishiga kitob yanayam tushunarliroq, qiziqroq ta’sir etishi shubhasiz.

*  *  *

Tiniq oyna mo‘minga o‘xshaydi. Sirlashsa, dardlashsa bo‘ladigan bu ko‘zguning tili bor. Lekin uni sizu bizga o‘xshagan kalondimog‘lar anglamaydi.

*  *  *

Odamni ta’na-tazyiq va haqoratlar tez ulg‘aytiradi, deyishadi. Nohaqlik va adolatsizliklar suyagini qotirar ekan. Hayotda hasad va haqsizlikka duch kelmagan, tanbeh libosidagi g‘arazdan esankiramagan odamning o‘zi ham, so‘zi ham mo‘rt bo‘ladi.

*  *  *

Dunyo shu ekan: biz unda aldanib yashashga mahkum ekanmiz. Lekin, shu yolg‘onchida seni o‘z yaqinlaring aldab tursa, yuzingga tabassum bilan tikilib yolg‘on aytsa… Buni ko‘tarish og‘ir. Juda og‘ir. Odamlarga ishonmay yashab bo‘ladimi? Odamga-ya? Mayli, aldashsin. Mayli, chuv tushirishsin. Lekin men odamning so‘ziga, lafziga ishonaveraman. Odamning lafzi halol. Roziman, go‘l, telba deyishlariga. Balki, kimdir ajab tarzimdan hayratlanayotgandir? Balki, bosgan izim xatodir. Muhabbatdan paydo bo‘lgan bu dunyo muhabbatga kafan bichadi. Ha-ha, bu dunyoning qasamlari ko‘p ekan. Qasamxo‘r davradan hamroz istadim…

*  *  *

Yaxshilik odamning o‘zidan ham aziz bo‘lar ekan. Odam esdan chiqishi mumkin, ammo qilgan yaxshiligi bahorgi maysaday, kuzda sarg‘aygan yaproqday oyog‘ing ostidan chiqib, sohibini eslatib turar ekan.

*  *  *

“Qozijon! Boyadan beri huquq, jamiyat deysiz. Sizning qanday huquqqa egaligingizni bilmadim-u… Ammo, Shayton bandaning jamiki qon tomirlarida yurish huquqiga ega. Qani ustingizga forma kiyganingiz. Davlat sizlarga maxsus kiyim-bosh berib qo‘yibdi. Zalga shu kiyimni kiyib kirishingiz kerak edi. Ikkinchidan, men nikoh o‘qigan oila tinch yashayapti shukrona qip. Sizlar tantana bilan e’lon qilayotgan oilalarning yarmi ajralib ketyapti. Huquq talashib… Mana, yaqindayam shu to‘g‘rida majlis bo‘ldi. Kattalar ko‘p kuyunib gapirdi. Jamiyat jar yoqasida dedi. Xo‘sh, nimaga oilalar omonat bo‘lib qolyapti? Yoshlar er kim, ayol kim, ularning vazifasi nimadan iborat – bilmaydi. Sizlar bo‘lsa, hujra, shar’iy nikoh deb yopishib olgansizlar. Ilm Xudoni tanishdan boshlanadi. Nikoh bitta bo‘ladi. “Mehrobdan chayon” romanini o‘qiganmisiz? Fotiha – muhri Xudodir, deyilgan…”

*  *  *

Kim xalqning rizqiga teginsa, og‘ziga non bilan, yog‘li patir bilan urayotir kattalar. A, baraka topgur, bujur tosh bilan ur, og‘zi jirtilib, tishi to‘kilib ketsin!..

*  *  *

Toy bilan do‘st kirishish yosh kelinning begona ro‘zg‘orga ko‘nikishidan ham og‘ir.

*  *  *

Erimaydigan, mahv bo‘lmaydigan go‘zallik bormi?.. Eh, uzun-uzun orzular ko‘pincha anduh, qayg‘u, alamning inisi ekanini juda-juda kech anglaymiz. Rosti, u mana shu evrilishlari bilan go‘zal…

*  *  *

Odamning illatini ko‘rib itday irillash “Men xatolardan pokman…” deya da’vo qilishga o‘xshaydi. Shoshqaloq, besabr, noshukur, ojizmizu, lekin negadir o‘zimizni Surayyo yulduzidan tushgandek tutamiz?!

*  *  *

Hayotda baxtiyor yashash uchun o‘tgan kunlarni, aldov-yolg‘onlarni, firibgar-xiyonatkorlarni unutmaslik kerak. Aldanganlaring, shirin yolg‘onlarga chuv tushganing bir yaxshi kunlarda tag‘in qoqilmaslikni eslatib turadi. Ammo, shunday daqiqalar, lahzalar bo‘ladiki, inson nimaga ishonib, kimga suyanib yashayotganini anglayolmay muallaq bo‘p qoladi. Nimalargadir fahming yeta boshlagandan so‘ng bilar ekansanki, hayotda ko‘pgina ishlar ixtiyoringdan tashqarida bo‘lar ekan. Birovning qo‘lida ermak bo‘p qolish – bu, o‘lim bilan barobar!

*  *  *

Ishi yurishmagan, alamzada, omadsiz, oilasida tinchi yo‘q odamlar nuqul o‘tmish bilan yashaydi.

*  *  *

Osmonga qo‘rqib qaraymiz. Balo osmondan keladi, deb o‘ylaymiz. Aslida, baxt ham, baxtsizlik ham yerda.

*  *  *

Hammamiz bahs-munozarani yaxshi ko‘ramiz. O‘rlashish umrimiz bezagiga aylanib ketdi.

*  *  *

O‘zigami, dirillabgina turgan kampirgami achingandek nochor jilmaydi. “Enajon, harom-harishdan hazar qilmaydigan bu qo‘llardan yoriq tovoningiz afzal-ku! Biz kim-u duomiz nima bo‘lardi…” deya olmadi: “Eh, sodda odamlar, bizni pok, vijdonli deb o‘ylasa kerak-da. Ajoyib xalqimiz bor-da. Artist desa o‘zini tomdan tashlaydi. Yemay-ichmay cho‘ntagimizga tiqadi. Navbat talashib rasmga tushadi. Bir-biriga ko‘rsatib, faxrlanadi. Shunchasi kamlik qilganday, duo ham so‘raydi…”

*  *  *

Bu hayotda har kimning o‘z dostoni bo‘ladi. Hamma gap uning mazmuni va ohangida! Haq yo‘lida yashab o‘tgan bandalarning bitganini begonalar ham baland pardalarda aytishi, elga joriy etishi mumkin. Ba’zilarning “ijodi”ni aytib ham bo‘lmaydi, tinglab ham.

*  *  *

Ko‘z tildan zo‘r gapiradi. Ko‘pni ko‘rganning ko‘zi “biyron” keladi.

*  *  *

Qariganda tovon to‘lash og‘ir ekan, yomon ekan. Yov yovlashsa bilasan. Og‘a-inilar yovlashsa qanday chora topasan?

*  *  *

“Tunovkun partiyaman, deb hammaning qonini ichding. Bugun hokimning odamiman, deb elning jig‘iga tegyapsan. Sen qachon Xudoning bandasi bo‘lasan?..”

*  *  *

Salkam uch ming yillik tarixi bor vatan bilan faxrlanmay bo‘ladimi? Bu yog‘i budda, bu yog‘i otashparast, bu yog‘i ko‘rkam masjidlari, yer osti va yer usti ibodatxona-yu kalisolari bor zaminni tabarruk deb bilganim yolg‘on emas. Ammo… Bo‘ladi-ku, ko‘z ko‘raverib ko‘nikkan, quloq eshitaverib zerikkan narsalarning asl mohiyatini, qadr-qimmatini har doim ham bilmaymiz. Shunday ekan, oyog‘i yerga tegmagan, tarvuzi yorilmagan olifta yigitchalaru tannoz qizlarni vatanni bilmaslikda ayblayvermang. Ular bir kuni bobo-momolarini surishtirgani kabi vatan tarixiga ham qiziqadi.

*  *  *

Har qanday jabrdiyda zo‘ravon kasning jazo olganini ko‘rsa, bilingki, poymol etilgan g‘ururi, toptalgan or-nomusi tiklanganday taskin topadi. Jabrdiyda uchun adolat – bu johillikning johillik bilan bo‘lsa ham jazolanishi. U bundan cheksiz rohat tuyadi, lazzatlanadi.

*  *  *

Ey, odam bu dunyoga nima uchun kelganini bilsa bormi?! Ko‘kayini kesadigan bu savolga kim ham javob topibdi-a?..

*  *  *

Dunyo o‘zi tuban ekan. Past ekan uning oti. Pastlikda balandman deb o‘rlashayapsizmi? Xo‘rozning qichqirishi xushxabar, eshakning hangrashi ogohlikka chorlov demishlar. Tubanlikka – eshak bozor shovqiniga ko‘nikkan quloqlar xo‘rozning tongdagi tovushini eshitarmidi?..

*  *  *

Hammamiz ulug‘ sirlar berilgan Odam bolasimiz. Bosh bobomizga mana bu ot, mana bu tuya, mana bu quyosh, mana bu oy, huv anavilar yulduz deya o‘rgatilgan. Farishtalar sajda qilgan. Lekin… O‘zi kechirsin, fitratida isyonkorlik yo‘q farishtalarga havasim keladi ba’zan. Axir, fisq-fasod qiladigan, qon to‘kishdan qaytmaydiganlar bilan qondoshmiz-a? Eh, Odam bolasi! Qanday jarangdor bu nom. Mana shu tantanavorlik zamirida cho‘ng bir ta’na ham borday tuyuladi. E, qurib ketsin bu ta’na. Qayoqqa borsang, qaysi davraga kirsang, albatta, ro‘parangdan bir norozi chiqadi. Odam bolasining zuvalasi gina-kudurat suviga qorilganmikan, deb o‘ylab qolaman.

*  *  *

Adashgan odamni asrash uchun ba’zida bir inson umri kamlik qiladi. Ammo gumrohlar qo‘shig‘i mahshargacha sira bitmaydi. Muso Haqdan diydor so‘rasa, endi silkinmaydi Turning toshlari. Bu kun sarbadorlar boshini dorga qo‘ysin, faqat malomatga qoladi, xolos. E-e, lodon. Malak-ul mavtga pora berishni o‘ylaydiganlar bor…

*  *  *

Odam xavotirga tushganda eng jozibali qo‘shiq ham haqoratday eshitiladi.

*  *  *

“Bolam, sen undan hazar qil. Bu o‘yinchoq emas! Bu – shayton! Bu – qullik! Bu – xo‘rlik! Bu – tuzoq!.. Uni men bilan birga ko‘minglar, bolajon. Men aldangan, men chuv tushgan kishan men bilan birga ketsin”.

BEKZOD tayyorladi.