Qashqadaryo va dunyo
Ming yillarkim, dunyo xalqlari bir-birini o‘rganib, do‘stona aloqalarni o‘rnatib, turli sohalar, jumladan, savdo va ilm-fanda hamkorlik qilib kelgan. Natijada tillar, madaniyatlar, qadriyatlar yaqinlashgan. Bugun ham bu an’ana davom etmoqda. Garchi globallashuv barcha sohalarni birdek qamrab olayotgan hozirgi sharoitda ayrim mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qolipini yo‘qotayotgan, asrlar davomida ellarni birlashtirgan birdamlik ayrolikka, manfaatlar bir yoqlamalikka aylanayotgan bo‘lsa-da, ezgulik yo‘lida hamisha hamroh, hamfikr, hamkor topiladi.
So‘nggi yillarda ta’lim, «yashil» energetika va iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda. Xususan, bu borada Germaniya Federativ Respublikasi bilan manfaatli sheriklik tamoyillari asosida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Berlinda va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro sammitlarda bu boradagi istiqboldagi rejalar tuzib olindi, maqsadlar belgilandi.
Bugungi kunda yurtimizda, jumladan, viloyatimizda nemis ta’lim standartlariga asoslangan maktabgacha ta’lim muassasalari va texnikumlar faoliyati kengaymoqda. Ayniqsa, Germaniyada talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
MAQSADLAR MUSHTARAK
O‘tgan haftada viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida bir guruh rasmiylar va mutaxassislar Germaniyada xizmat safarida bo‘ldilar. Uchrashuvlarda bir necha loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, yoshlarimizni kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari yaratish va tartibli migratsiyani yo‘lga qo‘yishga doir ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Geydelberg shahri meri Ekkart Vursner bilan o‘tkazilgan uchrashuvda oliy va kasbiy ta’lim, sog‘liqni saqlash, investitsiyalarni jalb etish hamda tartibli migratsiya yo‘nalishlarida uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Tashrif doirasida Geydelberg shahrida Germaniyaning yetakchi ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat hamda hunarmandchilik palatalari vakillari ishtirokida «Qashqadaryo – Geydelberg iqtisodiy forumi» o‘tkazildi. Mazkur forum ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi investitsion loyihalarni hayotga tatbiq etish va amaliy hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
«Qashqadaryo – Dyusseldorf iqtisodiyot va hamkorlik forumi»da ham muhim masalalar kun tartibidan o‘rin oldi. Tadbirda Dyusseldorf shahrida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq o‘rta va yirik ishlab chiqarish korxonalari ishtirok etdi. Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, tibbiyot, tartibli migratsiya va investitsiya yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Mannheym shahri hokimi Kristian Shpext va nemis ta’lim muassasalari, tashkilotlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda Germaniya oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim dasturlarini joriy etish, muhandislik va texnik yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mannheym shahridagi universitetlar va amaliy fanlar oliygohlari tajribasi Qashqadaryo viloyatida zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muloqotlar davomida qo‘shma korxonalar tashkil etish, sanoat parklari va innovatsion klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishda raqamlashtirish va avtomatlashtirish tajribasini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
MAS’ULIYAT YUKI
Germaniyadan bir olam taassurot, istiqbolli reja va katta mas’uliyat bilan qaytdik. Odamlarning samimiyligi, toza-ozoda shaharlar, «temir» intizom bizga o‘zgacha taassurot qoldirdi. Rejalarga kelsak, hamkorlik yo‘lida bizning ham o‘z o‘rnimiz borligini, ayniqsa kadrlar tayyorlash masalasiga yangicha yondashuv asosida mehnat qilishimiz lozimligini angladik. Bu, o‘z navbatida, zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ma’lumki, Germaniya dunyodagi sanoati va iqtisodiyoti rivojlangan eng yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu davlat yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha jahonda AQSH va Xitoydan keyin 3-o‘rinda turadi. Asosan, mashinasozlik va sanoat uskunalari, kimyo va farmatsevtika, muhandislik va texnologiya, qayta tiklanuvchi energiya sohalari rivojlangan. Ishsizlik darajasi nisbatan past. Muhandislar, axborot texnologiyalari mutaxassislari va tibbiyot xodimlariga talab yuqori.
Mamlakat oliy ta’lim sifati va qulay shartlari bilan mashhur. Oliy ta’lim tashkilotlari, asosan, uch turga bo‘linadi: universitet (ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilgan), amaliy universitetlar (sanoat bilan yaqin hamkorlikdagi amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim) va dual ta’lim (o‘qish ish faoliyati bilan birga olib boriladi).
Bugungi kunda mamlakatimiz, xususan viloyatimiz Germaniya bilan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Viloyat hokimi boshchiligidagi tashrif ham ana shu hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Uchrashuvlarda Germaniyadagi Haydelberg universiteti, Mannheym texnika universiteti hamda Mannheym amaliy menejment tadqiqotlari universiteti rahbarlari bilan muloqot o‘tkazildi. Tadbirlarda Qarshi davlat texnika universitetining ilmiy va o‘quv faoliyati, ilg‘or natijalar hamda hamkorlik istiqbollari haqida ma’ruza qildik. Taqdimotlar o‘tkazdik.
Muzokaralar jarayonida professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvi, birgalikda ilmiy loyihalar grantida ishtirok etish, ilmiy anjumanlar o‘tkazish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish kabi ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Kelishuvlarga erishildi.
Germaniyaning yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri – «Pfenning Logistics GmbH» bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Mazkur kompaniya uzoq tarixga ega. U 1899-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Germaniya bo‘ylab 110 ta filialga, 7000 nafardan ortiq xodimga ega. Kompaniya tasarrufida 1000 ta yuk avtomobili mavjud bo‘lib, u Yevropa miqyosida zamonaviy va ishonchli logistika xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat hokimi ishtirokida imzolangan bitimga ko‘ra, yiliga 300 nafar og‘ir yuk mashinasi haydovchisi va 300 nafar avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakali mutaxassis Germaniyaga yuboriladi. Bu hamkorlik universitetimizning logistika sohasida mutaxassislar tayyorlash borasidagi faoliyatida yangi sahifa ochadi.
Xizmat safari davomida Germaniya Sun’iy intellekt tadqiqot markazining ilmiy maslahatchisi, professor Volfgang Valster bilan uchrashuv ham biz uchun manfaatli bo‘ldi. Sababi, viloyat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 50 nafar talabaning ushbu markazda malaka oshirishi uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratiladigan bo‘ldi.
KASB + TIL = BANDLIK
Bugungi kunda yurtimizda oliy ta’lim muassasalarining faoliyatiga 4 mezon asosida, ya’ni bitiruvchilar bandligi, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotish, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari hamda jalb qilingan mahalliy va xorijiy grantlarga qarab baho beriladi. Shu nuqtai nazardan, talabalar bandligini ta’minlashda germaniyalik ish beruvchilar biz uchun yaxshi imkoniyat.
2025-yil noyabr oyida Berlin shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Germaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumida ishtirok etdik. Forum doirasida universitetimiz va Germaniyadagi «Avestos GmbH» xalqaro kompaniyasi hamda Drezden texnika universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur bitimlarga ko‘ra, Drezden texnika universiteti bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashinuvini tashkil etish, germaniyalik mutaxassislarni universitetimiz ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb etish, birgalikda ERASMUS+ CBHE dasturi doirasida qo‘shma loyihalar tayyorlash belgilandi.

«Avestos GmbH» xalqaro kompaniyasi bilan esa universitetimizda nemis tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish va talabalarimizni Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyot dasturiga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilinadi.
Universitetimiz xalqaro hamkorlik va akademik mobillik yo‘nalishida so‘nggi yillarda salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, Erasmus+ ICM KA171 dasturi doirasida 2025-yilda jami 8 nafar talaba xalqaro grantni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Slovakiya milliy stipendiya dasturi (NSP Slovakia) doirasida 2025-yilda 4 nafar, 2026-yil uchun esa yana 4 nafar talaba grant yutib, xorijda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2026-yilda Erasmus+ ICM KA171 loyihasi doirasida qo‘shimcha 10 nafar talaba nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga yuborilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Erasmus+ CBHE (Capacity Building in Higher Education) yo‘nalishidagi HEMUA loyihasi doirasida ham universitetimiz faol ishtirok etib kelmoqda. Ushbu loyiha doirasida universitetimizga ajratilgan umumiy moliyaviy mablag‘ qariyb 40 ming yevroni tashkil etadi. Mazkur grant asosida 2 nafar professor-o‘qituvchimiz Italiyaning nufuzli Boloniya universitetida ilmiy va pedagogik tajriba almashdi.
Talabalar uchun amaliy va mavsumiy bandlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Work and Travel» dasturi doirasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Bolgariya davlatiga yuborish bo‘yicha 100 nafar talaba hujjat topshirib, hozirda viza jarayonlari davom etmoqda. Shuningdek, Germaniya yo‘nalishi bo‘yicha 50 nafar talaba uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va xorijiy mehnat bozoriga moslashuvni kuchaytirish maqsadida universitetimizda nemis tilini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu kurslarda 250 nafar talaba nemis tilini o‘rganib, xalqaro ta’lim va mehnat dasturlarida ishtirok etish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
* * *
Xo‘sh, Germaniya bilan hamkorlik bizga nima beradi? Germaniya dual ta’lim bo‘yicha katta tajribaga ega. Bugun yurtimizda muhandislik sohasida ushbu ta’lim tizimini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yirik korxonalar va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida ilg‘or muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Bu malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Bundan tashqari, Yevropadagi nufuzli universitetlar bilan hamkorlik xalqaro grantlar dasturlarida ishtirok etishimizga imkon beradi. Yosh olimlarimizning bilim va tajribasi kuchayadi, yangi avlod darsliklari yaratiladi. Ta’lim sifati ortadi.
Universitetimiz Yevropa Ittifoqi Erasmus+ CBHE dasturining faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Masalan, «MechaUz» – «Innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar orqali mexatronika va robototexnika bo‘yicha bakalavriat ta’limini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida Germaniyaning «LUCAS NULLE» kompaniyasi tomonidan «Mexatronika va laboratoriya jihozlari keltirilgan.
Bizning muhandis talabalar xorijda oson ish topishi uchun, avvalo, ularga zamonga mos ta’lim berishimiz, shuningdek, asosiy ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishimiz lozim bo‘ladi. Universitetimizning 3 ta magistratura mutaxassisligi va 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi Germaniyaning ASIIN kompaniyasida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Bu nima beradi? Ertaga talabaning qo‘lida Geydelberg universiteti bitiruvchisining diplomi, muhandislikka oid xalqaro sertifikat, til bilish bo‘yicha yana bir sertifikati bo‘lsa, u ishsiz qolmaydi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham o‘ziga munosib, serdaromad ishni oson topa oladi.
– Ancha vaqtdan beri yoshlarni Germaniyada professional faoliyat yuritishga erta va real tarzda qanday tayyorlash mumkinligi masalasi meni qiziqtirib kelmoqda, – dedi germaniyalik mutaxassis Frank Birkemeyer. – Amaliy tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, kasbiy malakadan tashqari, shaxsiy munosabat, mehnat madaniyati, madaniy moslashuv hamda Germaniya ish beruvchilarining imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Siz rahbarlik qilayotgan universitet talabalari uchun tuzilmaviy axborot va yo‘naltiruvchi dastur taklif etish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu, ma’lum ma’noda, Germaniyada ishlashni istagan talabalar uchun ixtiyoriy qo‘shimcha o‘quv dasturi bo‘ladi.
Hamkorlik o‘zaro hamfikrlik poydevoriga qurilgan bo‘lsa, ezgulikka xizmat qiladi. Millatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, muammolarga yechim topishga yordam beradi. O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘z so‘zi, yakdil fikri ana shu tamoyilga asoslangan.
Sherzod NE’MATOV,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori

