16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Mebellar uyi o‘rnida qadimiy madrasa bo‘lganini bilasizmi?

Qashqadaryoga oid

Qashqadaryo vohasi tarixiy obidalarga boy. Bizgacha saqlanib qolgan yodgorliklar moziy silsilasidan so‘z ochsa, vaqt va inson omili tufayli buzilib, bugun faqat nomi qolgan obidalar ham talaygina. Ulardan biri Qarshi shahridagi Mir Bekoybiy madrasasidir.

Taniqli adiba Sharofat Ashurovaning «Nasaf muqarnasi» to‘plamida qayd etilishicha, Mir   Bekoybiy madrasasi 1593-1594-yillarda qurilgan. Madrasa tarhi Boyazid Nasafiy tomonidan chizilgan. Ruxsat etilgani bo‘yicha madrasa Qarshi qal’asining ichkarisida, Kulolon guzarida bunyod etilishi belgilangan. Bugungi kunda tasavvur etadigan bo‘lsak, Mir Bekoybiy madrasasi Tutak darvozadan kirib kelishda o‘ngda, ya’ni Qilichboy madrasasi ro‘parasida, avvalgi Mebellar uyi o‘rnida, «Korzinka» supermarketi yaqinida joylashgan. Bu o‘quv dargohi nufuzi jihatidan Abdullaxon madrasasidan keyingi o‘rinda turgan. Vaqf yerlari ko‘p bo‘lgan. Ammo hujralar soni, o‘lchami haqida ma’lumotlar topilmagan. Chunki qal’a devorlariga qo‘shib, markaziy yo‘l o‘tkazilishi munosabati bilan sho‘rolar davrida madrasa poydevorlarigacha yo‘qotib yuborilgan. Hatto sho‘ro tadqiqotchilari kelganda ham undan nishon topilmagan bo‘lsa-da, ko‘plab yozma manbalar bu madrasaning mavjud bo‘lgani, toki 1917-yilgacha faoliyat ko‘rsatganini tasdiqlaydi.

Muarrix Mir Muhammad Amin Buxoriy «Ubaydullanoma» asarida «A’lamul ulamo faqih oxund mulla Sadriddin a’lam haqida» alohida to‘xtalib o‘tadi. Muallifning ta’kidlashicha, mazkur alloma dastlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt Nasaf viloyatida Amir Bekoybiy madrasasida ta’lim oladi va zamonasining eng peshqadam olimlaridan biri bo‘lib yetishadi. U keyinchalik o‘z tahsil olgan madrasada faoliyat yuritgan. Uning ilmdagi dovrug‘i oliy hukmdorgacha yetib borgan. So‘ngra olimni Buxoroga chaqirtirib olgan va a’lam unvonini bergan.

Manbalarda ko‘rsatilishicha, Mir Bekoybiy madrasasi mudarrisining yillik ish haqi 80 man g‘alla hisobida bo‘lgan. Agar 20 man bug‘doy 2620 kilogramm ekanini hisobga olsak, mudarrisning yillik maoshi 10 tonna bug‘doy miqdoricha bo‘lgani oydinlashadi. Madrasa tasarrufidagi yerdan olingan hosildan vaqf sharti bo‘yicha mutavalli ham ushr olgan. Qolgani vaqf mulki va imoratlar ehtiyojiga sarflangan. So‘ngra 12 man bug‘doy teng bo‘linib, farrosh va sartaroshga berilgan.

Mir Bekoybiy madrasasi faoliyatiga doir yana bir hujjatda Amir Muzaffar va Abdulahadxon davrida Nasaf qozisi mulla Baqo xoja sudr tomonidan quyidagi ma’lumotlar yozib qoldirilgan: «Ojiz banda   duogo‘yingiz qozi mulla Baqo xoja sudr, tasaddug‘ingiz bo‘lay hazratim, Hoji Choriboy madrasa mudarrisi mulla Jalol xoja oliy marhamatingiz tufayli, muftilik va Mir Bekoybiy madrasasi mudarrisligiga yetishdi. Yusuf sayyod madrasasi mudarrisi hoji mulla Qamariddin uning joyiga mudarrislikka o‘tishdan umidvor bo‘lib, duo qilgaydur. Maoshi 20 man g‘alla».

Qayd etilishicha, madrasani qurdirgan Mir Bekoybiy ibn Qamoybiy nafaqat Abdullaxon lashkarida xizmat qilgan, balki ilmda ham o‘rni bo‘lgani sababli xon unga ta’lim dargohi qurishga ruxsat bergan bo‘lishi   mumkin. Hofiz Tanish Buxoriy «Abdullanoma» asarida Sulton Saidxon va Xudayberdi Sultonning Abdullaxonga qarshi urush qilishi va bu jangda Amir Bekoybiy xon tarafda turib, jasorat ko‘rsatganini yozgan. Keyinchalik u Jizzax, Chirchiq, Sayram, Sirdaryo taraflardagi janglarda ham qahramonlik ko‘rsatgan va xizmatlari munosib taqdirlangan.