Hokim qarori
Faoliyati mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklari maqbullashtiriladi hamda bundan tejalgan mablag‘lar aholi tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni bartaraf etish uchun yo‘naltiriladi.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimining 2026-yil 28-yanvarda qabul qilingan «Mahalliy budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan tashkilotlarda mavjud shtat birliklarining vazifa va funksiyalarini o‘rganish asosida past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini maqbullashtirish to‘g‘risida»gi qarorida so‘z borgan.
Prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi «Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan ushbu hujjatda belgilanganidek, shakllantirilgan viloyat hamda tuman (shahar)lar ishchi guruhlari tegishli tashkilotlarda grafik asosida o‘tkaziladigan o‘rganishlar asosida ulardagi past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini aniqlaydi. Shu asosda tayyorlangan ma’lumot (taqdimot) takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklarga, mahalliy hokimliklarga maqbullashtirish yoki qisqartirish yuzasidan qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
Shuningdek, qaror bilan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga tegishli boshqarmalar hamkorligida joriy yil 1-maygacha o‘rmon xo‘jaliklarida mumkin qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini o‘rganib, natijalari bo‘yicha; 1- martgacha qishloq va suv xo‘jaligi sohasi tashkilotlarida raqamlashtirishni jadallashtirish jarayonlari, bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalarni chuqur tahlil qilish, bosqichma-bosqich ularni o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish hisobiga past samarali shtat birliklari hamda budjet xarajatlarini kamida 20 foizga maqbullashtirish bo‘yicha; 1-iyungacha barcha mahalliy budjet tashkilotlarining bo‘sh turgan hududi va ijaraga berilgan qismlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, ularda ijaradan tushumlar hisobiga shtat birliklari saqlanishini o‘rganish, shuningdek, ijaraga oluvchi tashkilot tomonidan kommunal to‘lovlardan foydalanish holatlarini tahlili xulosalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tegishli respublika idoralariga takliflar kiritish topshirilgan.
Bundan tashqari, 1-martgacha mahalliy hokimliklar, viloyat budjet tashkilotlarida buxgalteriya xizmati raqamlashtirilganligini inobatga olib hamda naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish maqsadida ulardagi «g‘aznachi» shtat birligini to‘liq qisqartirish choralari ko‘riladi.
E’tiborli jihati, qarorda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar natijasida maqbullashtirilgan xarajatlar va qisqartirilgan shtatlar hisobidan shakllangan mablag‘lar xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar)lar Kengashlari qarorlari asosida aholi tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni bartaraf etish uchun yo‘naltiriladi.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat ishchi guruhi rahbari Alisher Qodirov zimmasiga yuklatilgan.

