Nemislarning so‘nggi yillardagi uzoq cho‘zilgan inqirozlar tufayli iqtisodiy yo‘qotishlari 1 trillion yevroga yaqinlashdi. Kyolndagi Germaniya iqtisodiyoti instituti ekspertlari shunday xulosaga kelishgan.
Ularning baholashiga ko‘ra, 2020-yildan beri real yalpi ichki mahsulotdagi umumiy yo‘qotishlar taxminan 940 milliard yevroni tashkil etadi. Har bir xodimga hisob-kitob qilinsa, bu qo‘shilgan qiymat 20 ming yevrodan ortiqqa kamayishini anglatadi. Mutaxassislar ushbu ko‘rsatkichlarni koronavirus pandemiyasi, Ukrainadagi mojaro, shuningdek, AQShning adovatli iqtisodiy siyosati oqibatlari bilan bog‘lashgan.
Aytilishicha, umumiy yo‘qotishlarning taxminan to‘rtdan bir qismi AQSH prezidenti Donald Tramp administratsiyasi bilan bojxona ixtiloflari fonida o‘tgan yilda bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Germaniya iqtisodiyoti ketma-ket uch yillik turg‘unlikdan bazo‘r qochib qutuldi: real ishlab chiqarish hajmi bor-yo‘g‘i 0,2 foizga o‘sgan.
Ekspertlar o‘z hisob-kitoblarida haqiqiy iqtisodiy o‘zgarishlarni yuqorida aytilgan inqirozlar yuz bermagan xayoliy ssenariy bilan taqqoslashgan. Tahlil shuni ko‘rsatganki, Germaniya oxirgi uchta o‘n yillikdagi o‘rtacha o‘sish darajasini saqlab qolsa, hozirgi yo‘qotishlarining salmoqli qismidan qutulib qolardi. Biroq pandemiya shokidan tiklanganidan keyin mamlakatning iqtisodiy faolligi, mana, ketma-ket uch yildirki, 2019-yilgi darajadan oshmayapti.

