16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

Avvalo DAROMADLI, keyin esa PARHEZBOP va IMMUNITETNI MUSTAHKAMLOVCHI mahsulot

Kichik biznes

Bugungi kunda agrar sohada xotin-qizlar faqat ijrochi emas, balki innovatsion g‘oyalar tashabbuskori, zamonaviy agrobiznes egalari sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi Dilshoda Norqobilova ulardan biri. U ichiga kompost joylangan 710 ta qop yuzasida qo‘ziqorin yetishtirib, mavsum davomida 3 tonna hosil olish va 90 million so‘m daromad qilishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, qo‘ziqorin yetishtirish agrotexnikasida asosiy omillar – harorat, havo  namligi, yoritish va sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilishdir. Intensiv texnologiya asosida parvarishlangan qo‘ziqorinlar 1 kvadrat metr maydon hisobiga 20-30 kilogrammgacha hosil beradi. Bu ko‘rsatkich an’anaviy ekinlarga nisbatan bir necha barobar yuqori samaradorlikni anglatadi.

– Asli fermerman, dehqonchilikning hamma yo‘nalishiga qiziqaman, – deydi Dilshoda Norqobilova. – Ko‘p joy talab qilmasligi, tez aylanma mablag‘li biznes ekanligi sabab qo‘ziqorinchilik e’tiborimni tortdi. Dastlab kichik hajmda ish boshladim, natija yaxshi bo‘lgach, faoliyatimni kengaytirdim.

Tadbirkor ayol yangi yo‘nalishga qo‘l urishdan oldin ikki oy davomida sohaning nazariy va amaliy jihatlarini o‘rgandi. Kompost tayyorlash, mitseliy (zamburug‘) ekish, inkubatsiya va hosil yig‘ish jarayonlarini ilmiy tavsiyalar asosida tashkil qildi. Zamonaviy ventilyatsiya va namlantirish tizimlarini joriy etish orqali qo‘ziqorin o‘stirish uchun barqaror mikroiqlim yaratildi. Bu esa hosildorlikni oshirish va mahsulot sifatini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Agrar iqtisodchilar ta’kidlashicha, qo‘ziqorinchilikning afzalligi – ishlab chiqarish siklining qisqaligi (30-45 kun) va bozor talabining barqarorligidir. Ayniqsa, shaharlarda sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani mazkur mahsulotga talabni oshirmoqda.

– Mahsulotimiz xaridorlari orasida chakana savdo nuqtalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa doimiy mijozlar bor, – deydi tadbirkor fermer. – Bugungi kunda, turmush o‘rtog‘im, uch nafar o‘g‘lim va mahalladagi xotin-qizlar qo‘ziqorinchilik ishimizga jalb qilingan. Kelgusida shu yo‘nalishda klaster tashkil etishni maqsad qilganmiz. Uning asosida boshqa yetishtiruvchilarni birlashtirish, mahsulotni quritish va qadoqlash sexini yo‘lga qo‘yish, eksport bozoriga chiqish kabi rejalarimiz bor.

Bu tashabbus nafaqat bir oilaning daromad manbai, balki ayollar tadbirkorligi, agrar sohada innovatsion yechimlar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi amaliy namunadir.

Qo‘ziqorin tarkibida 20-30  foizgacha oqsil, V guruhi vitaminlari, temir, kaliy va boshqa mineral moddalar mavjud. Diyetologlar uni parhezbop va immunitetni mustahkamlovchi mahsulot sifatida tavsiya etadi. Shu jihatdan ham u nafaqat oziq-ovqat, balki funksional ozuqa sifatida qadrlanmoqda.

Sh.BOZOROVA