16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

BASHARIYATNI BIRLASHTIRUVCHI MANGU BAHOR FALSAFASI

Navro‘zni ulug‘lash –  insonni ulug‘lashdir!

Navro‘z – shunchaki bayram emas, balki ming yillar davomida sayqallanib kelgan ulkan madaniy manbadir. Tarixan bu kun nafaqat tabiatning uyg‘onishi, balki adolat va ezgulikning tiklanishi ramzi sifatida talqin etiladi.

Qadimgi qo‘lyozmalarda Navro‘zning kelib chiqishi asosan afsonaviy podshohlar va koinotning yaratilishi bilan bog‘lanadi. Abu Rayhon Beruniy uni «olam yaratilgan kun» deb ta’riflaydi. Allomaning yozishicha, aynan shu kuni falaklar (sayyoralar) o‘z harakatini boshlagan. Shuningdek, u Navro‘zni Jamshid nomi bilan bog‘lab, shoh taxtga o‘tirgan va olamga adolat taratgan kun sifatida ta’riflaydi.

Umar Xayyom esa «Navro‘znoma» asarida Navro‘zni yilning «yuragi» deb ataydi. Uning ta’kidlashicha, quyoshning Hamal burjiga kirishi olamdagi barcha mavjudotga yangi jon bag‘ishlaydi. Shoir davlatning qudratini Navro‘zni qanday kutib olish bilan o‘lchagan.

Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida turkiy xalqlar uchun bu kun «Yangi kun» yoki «Yil boshi» bo‘lib, tabiatning tirilishi va chorvachilik mavsumining boshlanishi sifatida nishonlangani bayon etiladi.

Go‘zal o‘xshatishlar

Adiblar va mutafakkirlar Navro‘zning mohiyatini ochib berish uchun go‘zal o‘xshatishlardan foydalanishgan: Alisher Navoiy  uni «Olamning yosharishi» deb ataydi. Uning nazdida Navro‘z kecha va kunduzning tenglashuvi orqali «adolat tarozisi»ni eslatadi.

Sharq falsafasida Navro‘z – «Ma’naviy pok-lanish» pallasi. YA’ni inson qalbidagi gina-kuduratlar xuddi qishning qorlari kabi erib ketishi kerakligiga qiyoslanadi.

Afsonalarda esa Navro‘z – «Nurning zulmat ustidan g‘alabasi». Qish (o‘lim va uyqu) ustidan bahor (hayot va harakat) g‘alaba qozonishi.

Umumiy meros

Aslida ham uyg‘onish faslining muqaddimasi Navro‘z – nafaqat bahorning kelishi, balki tabiatning qayta tug‘ilishi, insoniyat qalbidagi ezgulik va yangilanish istagining oliy ifodasidir. Ildizlari 3000 yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan bu qadimiy bayram zamonlar va sulolalar almashsa-da, o‘z jozibasini yo‘qotmay, Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqacha, Kavkazdan Bolqon hududlarigacha bo‘lgan bepoyon kengliklarda yashovchi xalqlarning umumiy madaniy merosiga aylangan.

Bugungi kunda Navro‘z mahalliy yoki ma’lum halqlar bayrami chegarasidan chiqib, bashariy qadriyat sifatida tan olingan: 2009 yilda YUNESKO Navro‘zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritdi.

2010 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21 martni «Xalqaro Navro‘z kuni» deb e’lon qildi. Bu e’tirof bayramning xalqlar o‘rtasidagi tinchlik, hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlashdagi o‘rni va mavqeini belgilaydi.

Madaniy rang-baranglik ifodasi

Navro‘z madaniy rang-baranglikni ham ifoda etadi. Turli xalqlar bayramni nishonlash asnosida unga oid mashhur an’analarini namoyish qiladi. Masalan o‘zbek xalqida Navro‘z chinakam xalq saylidir. Uning markazida sumalak tayyorlash marosimi turadi.  To‘p-to‘p bo‘lib yig‘ilgan ayollarning tun bo‘yi qozon atrofida aytgan laparlari, ezgu niyatlari jamiyatdagi    jipslikni ifodalaydi. Milliy o‘yinlardan ko‘pkari, kurash, dorbozlik va ot poygalari bayramning ajralmas qismi hisoblanadi.

 Turkmanlarda «Novruz bayramy» yangi dehqonchilik yilining debochasidir. Unda tayyorlanadigan semene (o‘zbek sumalagiga o‘xshash taom) hosildorlik ramzi hisoblanadi. Dala ishlarini boshlash oldidan o‘tkaziladigan ommaviy sayillar va axalteke otlari ishtirokidagi poygalar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi.

Qozog‘istonda «Nauriz», Qirg‘izistonda «Nooruz» deb ataluvchi bu ayyomda asosiy e’tibor Nauriz ko‘je (yoki sumolok) taomiga qaratiladi. Taomga solinadigan 7 xil mahsulot (suv, go‘sht, tuz, don, sut, yog‘, un) kelgusi yilning to‘qchilikda o‘tishiga ishoradir. Odamlar «Kiiz uy» (o‘tov)larda mehmon kutadilar.

Ozarbayjonda Navro‘zga tayyorgarlik bir oy oldin boshlanib, to‘rt chorshanba (suv, olov, shamol, yer) alohida nishonlanadi. Ularda olov ustidan sakrash eski yilning g‘am-anduhlarini yoqishni, shekarbura va paxlava – dasturxonning ko‘rki bo‘lgan bu shirinliklar oy va yulduz ramzlarini ifodalaydi.

Bayramning birinchi kuni odamlar daryo yoki buloqqa borib, uning suvini bir-birlariga sepadilar. Chunki ozarlar suvni poklik va tozalik ramzi sifatida bilishadi. Ular Yangi yilda bir-birlariga baxt-saodat tilaydilar, yaqin insonlarini shirinliklar bilan mehmon qiladilar. Navro‘z kuni albatta shirinlik istemol qilish ularning azaliy odati hisoblanadi.

Forslar (Eron)da Navro‘z – rasmiy yangi yil. Dasturxonga «s» harfi bilan boshlanuvchi 7 ta taom qo‘yiladi: olma (sib), undirilgan don (sabze), sirka (serke), jiyda (senjet), tanga (sekke), sarimsoq piyoz (sir), sumalak (samanu). Olma – go‘zallik, undirilgan don – uyg‘onish, yasharish, sirka – uzoq umr, sabr-bardosh, jiyda – sevgi-muhabbat, tanga – boylik va farovonlik, sarimsoq piyoz – salomatlik, sumalak – to‘qchilik ramzi hisoblanadi. Bayramning 13-kuni «Sizdah bedar»da hamma tabiat qo‘yniga chiqadi.

Shunchaki taqvimdagi sana emas

Shuningdek, Navro‘z turli etnik guruhlarda ham nishonlanadi. Uyg‘urlar bu bayramda katta jamoaviy sayillar uyushtiradi, ularda milliy raqslar namoyish etilib, bahor taomlari pishiriladi.

Tatarlar Navro‘zda qishni kuzatish va bahorni qarshilashga bag‘ishlangan xalq o‘yinlarini katta qiziqish bilan uyushtirishadi.

Pushtunlarda «haft meva» – quritilgan uzum (mayiz), quritilgan jiyda, Antep pistasi, turshak, yong‘oq, bodom, olxo‘ridan taom va ichimliklar tayyorlash, bo‘zkashi (ko‘pkari) musobaqasi uyushtirish an’analari bor.

Navro‘zda balujlar milliy liboslarda raqslarga tushishadi, chorvachilik mavsumining ochilishiga bag‘ishlangan urf-odatlarini bajaradilar.

Bu bayramda kurdlarning tog‘ cho‘qqilarida gulxan yoqishi – erkinlik va zafar ramzi hisoblanadi.  

Shunday ekan, Navro‘z – shunchaki taqvimdagi sana emas. U insonning tabiat bilan uyg‘unligini, kechirimlilikni va bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi ma’naviy kuchdir. Turli xalqlar uni o‘z tillarida, o‘zgacha taomlar bilan nishonlasa-da, barcha uchun maqsad yagona: tinchlik, qut-baraka va yangilanish. Bu bayram insoniyatning eng qadimiy va eng zamonaviy madaniy ko‘prigi bo‘lib qolaveradi.

Uyg‘onish pallasi

Bahorning ilk nafasi kezishi bilan ona yer qaytadan chiroy ochadi, tabiat o‘zining yashil libosini kiya boshlaydi. Bu jarayon shunchaki fasllar almashinuvi emas, balki hayotning qayta tug‘ilishi, ezgulikning yovuzlik, nurning zulmat ustidan qozongan abadiy g‘alabasidir.

Xo‘sh, nega aynan 21 mart?

Ma’lumki, qadimgi xalqlar samoviy jismlar harakatini bugungi kundagidan ko‘ra teranroq his qilishgan. Navro‘z va unga o‘xshash bayramlarning zamirida esa bahorgi tengkunlik hodisasi yotadi. Bu kuni Quyosh markazi Yer ekvatorini kesib o‘tadi. Natijada Yerning shimoliy va janubiy yarim  sharlari bir xil miqdorda yorug‘lik oladi. Kun va tunning 12/12 nisbatda tenglashishi qadimgi inson uchun adolat, vazminlik va koinot    tartibining oliy ramzi bo‘lib xizmat qilgan.

Astronomik nuqtai nazardan, aynan shu kundan boshlab shimoliy yarim sharda kun uzaya boshlaydi. Bu esa tabiatda fotosintez jarayonini jadallashtirib, hayotning yangi kuch bilan uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

Turfa va o‘xshash talqinlar

Dunyoning turli nuqtalarida turfa nomlar bilan nishonlanadigan Navro‘zga o‘xshash bayramlar ham ko‘p ekan. Ulardagi tabiatning uyg‘onishi va tenglikni ifoda etuvchi madaniyatlar o‘xshash talqinlar sifatida ko‘riladi.

Masalan, Xitoyda nishonlanadigan Chunsze bayrami qishning tugashi va bahorning kelishini anglatishi bilan Navro‘zga o‘xshash. Yana Navro‘zdagi hashar qadriyati kabi Xitoyda ham uylarni chinniday tozalash an’anasi bor. Chunsze mohiyatida eski yil g‘uborlaridan qutilish va oilaviy jam bo‘lish harakati yotadi.

Slavyan xalqlarining Maslenitsa bayramida qish ustidan bahorning g‘alabasi tantana qilinadi va ommaviy sayillar uyushtiriladi. Yana bir o‘xshashligi – Navro‘zda Quyosh timsolida nonlar yopilsa, Maslenitsada Quyosh ramzi bo‘lgan quymoqlar tayyorlanadi.

Hindistonda ranglar va quvonch bayrami sifatida nishonlanadigan Xolidan ham Navro‘z bilan o‘xshashlikni topish mumkin. U bahorgi tengkunlikka yaqin vaqtda nishonlanashi, gulxan yoqish orqali yomonliklar kuydirilishi, odamlar bir-birini kechirishi, ranglar sepish orqali ijtimoiy tabaqalanish unutilib, hamma teng bo‘lishi ana shular jumlasidan.   

Pasxa – bu bayram ham bahorgi tengkunlik bilan chambarchas bog‘liq holda belgilanadi. Navro‘z taomlari ichida bo‘ladigan ranglangan tuxumlar hayot manbai, koinotning yaralishi va yangilanish ramzi bo‘lsa, ular Yevropa va Xristianlik (Pasxa)da hayotning qayta tug‘ilishi va tirilish ramzi sifatida talqin etiladi.

Ramzlardagi sirli mutanosiblik

Bahor bilan bog‘liq bayramlarda  dunyoning turli chekkalarida uchraydigan tuxum bo‘yash yoki olov yoqish an’analari shunchaki tasodif emas, balki teran mifologik ildizlarga ega. Kosmik tuxum: nafaqat Navro‘z yoki Pasxada, balki qadimgi Misr va Bobil mifologiyasida ham dunyo «Kosmik tuxum»dan paydo bo‘lgan degan qarash bor. Tuxumning tashqi po‘sti – osmon, ichidagi sarig‘i – quyosh, oqi esa – suv va havo deb talqin qilingan. Bu yangi hayotning boshlanish nuqtasidir.

Olov va Quyosh: Maslenitsadagi gulxan, Xolidagi «Xolika» va Navro‘zdagi (ayrim hududlarda saqlanib qolgan) olovdan sakrash marosimlari – yerda Quyoshning kichik nusxasini yaratishdir. Bu orqali insonlar sovuq va zulmatni haydab, yerga iliqlik chaqirishgan.

Mushtarak qadriyatlar

Navro‘zdagi suv sepish an’anasi poklanish, eski gunohlardan forig‘ bo‘lish va rizq-ro‘z tilash sifatida talqin etiladi. Qizig‘i, Tailanddagi Yangi yil (Songkran – aprel o‘rtalarida nishonlanadi) va Armanistondagi Vardavar bayramlarida ham bir-biriga suv sepish an’anasi uchraydi.

Biz Navro‘zda sumalak, ko‘k somsa pishirib, bahor ne’matlaridan bahramandlik tuysak, Irlandlarning milliy bayrami – Sent-Patrik kunida  yashil rangli ramzlar va yeguliklar orqali bahor sharaflanadi.

Ma’lumki, Yangi kun oldidan yon-atrofni obod qilish, hamma yerlarni saranjom-sarishtalash ming yillardan buyon yashab kelayotgan an’analarimiz sirasiga kiradi hamda jamiyat va tabiat uyg‘unligi, yangilanishga tayyorgarlik sifatida talqin etiladi. Buni qarangki, Xitoyda Yangi yil oldidan «Fen-shuy» qoidalari asosida uyni salbiy energiyadan tozalash odati shakllangan ekan.

Bu qiyoslash shuni ko‘rsatadiki, insoniyat qayerda yashashidan qat’i nazar, yangilanish, poklanish va tabiatga ehtirom kabi tuyg‘ularda bir xil maqsadni ko‘zlaydi.

Bugun Navro‘zning hamjihatlik, mehr-oqibat va madaniy rangbaranglik  ruhi, barchamizni birlashtiruvchi qadriyatlari xalqaro miqyosda ulug‘lanmoqda. Shunday ekan, ushbu ayyomning insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, odamlarni dini va tiliga qarab ajratmaydigan, tinchlik va birdamlikka da’vat etuvchi hayotbaxsh kuchi yanada yuksalib boraveradi.

O‘z muxbirimiz