Ohang
Uning qo‘lida tor bor edi. Biroq birorta kuy chalmay, chalolmay o‘tib ketdi…
Eplagan esa qoshiqdan ham ohang chiqaradi…
Umra
Er-xotin bor-yo‘g‘ini sarflab uchinchi marta umraga ketishdi…
Uyida bolalarining cho‘milishi uchun hammomi yo‘q…
Cho‘kish
U ikki oyog‘ini ikki qayiqqa qo‘yib, safarga otlangandi, qayiqlar har yon ketib qoldi…
Ummon yutib yubordi uni…
Telefon
Unga qo‘ng‘iroq qilishdi. Telefoniga qaradi-yu, ko‘tarmadi. Biladiki, boshini qotirashadi. Nimanidir so‘rashadi, iltimos qilishadi.
Telefonining ovozini o‘chirib qo‘ydi…

…U ishdan ketdi. Har kuni telefoniga qaraydi.
Endi hech kim unga qo‘ng‘iroq qilmaydi…
«Qiziqsiz-a, dadasi»
Er xotiniga yolvorguday tikildi:
– Onasi, to‘yda shu sarposini qilmasangchi?
– Qiziqsiz-a, dadasi. Odamlar nima deydi?..

* * *
– Onasi, yuzocharda ham xarajat katta bo‘lib ketarkan. Shuni «vecher»ga qo‘shib yuborsakchi?
– Qiziqsiz-a, dadasi. Odamlar nima deydi?..
* * *
– Onasi, qudaga aytsammikin, nahorgi oshni ikki tomon bitta qilsak…
-Qiziqsiz-a, dadasi. Odamlar nima deydi?..
* * *
…To‘y bo‘ldi. Sarpo bo‘ldi. Yuzochar bo‘ldi. Ikki joyda nahorgi osh bo‘ldi.
Er esa… Qarz bo‘ldi… Qarz bergan hafta o‘tmay pulini so‘rab keldi… Ololmagach, ovoza qildi…
Odamlarchi? Odamlar nima dedi?.. Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang bo‘lmasmidi…
«Qishloqi»
U uyiga kelgan sovchilarga gap bermadi:
– Yo‘q, bo‘lmaydi, boshqa ovora bo‘lib kelmanglar. Qizim hali yosh, uzatmayman. Boz ustiga qishloqdan ekansizlar, qizim shaharda katta bo‘lgan, «qishloqi»ga tegmaydi. Hali o‘qishini bitirsin, bitta er bo‘lsa, qochib ketmaydi. Tegsayam shaharlikka tegadi. Qishloqqa borib, sigir sog‘adimi?..
«Toshkentda qoladi, uyi bor», deysizmi? Uyi bo‘lsa nima qilibdi?.. Baribir tagi qishloqlikda. Bitta o‘g‘il ekan, ota-onam yolg‘iz deb, yoniga borib oladi…
Nima?!. Bir-birini yaxshi ko‘radi, deysizmi? Ikkinchi bu gapni aytmang! Qizim bizning ruxsatimizsiz hech kimni yaxshi ko‘rmaydi! Sira ishonmayman! U tarbiyali qiz! Bu gapni bir aytdingiz, ikkinchi aytmang! Dadasi eshitsalar yomon bo‘ladi! Tuhmat qilmanglar!..
Sovchilar farosatli ekan: ayolning o‘zi ham qishloqdan kelib, poytaxtda qo‘nim topganini yuziga solishmadi.
Lola O‘ROQOVA

