16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

YANGI MARKAZ tartibli mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi

Qaror va ijro

Qarshi shahridagi Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi qoshida yoshlarni xalqaro standartlar asosida xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitishga ixtisoslashgan Ta’lim va texnologiyalar markazi tashkil etilmoqda. 

Prezidentning «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi PQ-96-son qarori ijrosi doirasida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan markaz viloyatda xalqaro standartlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish; yoshlarning xorijiy tillarni bilish darajasi va professional mahoratini o‘stirish; kasbiy ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik va metodik bazasini zamon talablariga moslashtirish; yuqori malakali ishchi kuchi hisobiga investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Viloyat hokimining 2026 yil 14 apreldagi «Qashqadaryo viloyatida Ta’lim va texnologiyalar markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan yangi markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsepsiya va uning nizomi tasdiqlandi.

 Konsepsiyada qayd etilganidek, markaz o‘z oldiga ichki va tashqi mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, viloyat yoshlarining xalqaro miqyosda kasbiy raqobatbardoshligini oshirish hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion ko‘prikni yaratish maqsadini qo‘yadi. Buning uchun faoliyatga xalqaro ta’lim dasturlarini tatbiq etadi; kasbiy ta’lim tashkilotlari pedagoglarini yangi metodikalar va raqamli texnologiyalar asosida qayta tayyorlaydi; xorijdan mutaxassislar jalb qilgan holda intensiv til kurslarini tashkil qiladi; texnikumlar uchun zamonaviy o‘quv-laboratoriya bazalarini yaratish bo‘yicha yagona metodik markaz funksiyasini bajaradi.

Markaz nizomida uning faoliyati viloyat hokimligi huzuridagi «Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi» mablag‘lari; shartnoma asosida ko‘rsatiladigan ta’lim va servis xizmatlaridan tushumlar; xorijiy grantlar, donorlik mablag‘lari va homiylik xayriyalari; tijorat faoliyati va investitsiyalardan olinadigan hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Viloyatda ta’lim, texnologiya va xalqaro mehnat bozori integratsiyasini ta’minlovchi innovatsion tizimni yaratish, yoshlarni jahon standartlari talablari darajasidagi mutaxassislar etib tayyorlashni o‘ziga bosh maqsad qilib oladigan markaz professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog xodimlarini yangi avlod texnologiyalari asosida qayta tayyorlaydi, xorijiy kompaniyalar va ish beruvchilar so‘rovi asosida kadrlarni tanlab oladi,  kasbga tayyorlaydi va ularning bandligiga ko‘maklashadi.

Shuningdek, rivojlangan davlatlar (Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya) ish beruvchilarining talablari asosida maqsadli ta’lim buyurtmasini shakllantiradi va nomzodlarni kafolatlangan ish o‘rinlari bilan xalqaro bozorga chiqaradi; viloyatdagi barcha kasbiy ta’lim tashkilotlarining laboratoriya va ustaxonalari uchun yagona texnologik talablarni belgilaydi, ularni xalqaro sertifikatsiyadan o‘tkazishga ko‘maklashadi; texnikum o‘qituvchilarini xorijiy mutaxassislar ishtirokida «Master Coach» (xalqaro darajadagi trener) darajasigacha tayyorlaydi va ularga xalqaro dars berish huquqini beruvchi litsenziyalar olishda ko‘maklashadi; viloyatdagi texnikumlarning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ekspertlik xulosalarini beradi.

Xalqaro hamkorlik va loyihalar doirasida markaz o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy davlatlarning ta’lim tashkilotlari, ilmiy markazlari va kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatishi, xorijiy o‘qituvchi va ekspertlarni jalb qilishi, xorijiy davlatlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etishi, xalqaro grant tanlovlarida ishtirok etishi  ko‘zda tutilgan.

Yangi markaz o‘zida yo‘lga qo‘yiladigan ta’lim xizmatlari va konsalting uchun to‘lov miqdorini mustaqil belgilaydi hamda uning faoliyatini viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan direktor boshqaradi.

Tan olish kerak, Qashqadaryo mamlakatimizdagi aholisi vakillari mehnat migratsiyasiga eng ko‘p chiqadigan hududlardan biri hisoblanadi. Shu yo‘lda aldanib qolganlar, odam savdosi qurboniga aylanganlar, xorijda haq-huquqlari poymol etilib, ish haqlarini ololmay sarson bo‘lganlar, nohaqlik va adolatsizlikka uchraganlar ham topiladi. Shubhasiz, viloyatda yangi markaz va sal avvalroq tashkil etilgan «Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi» hududda tartibli mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynab, xorijda ishlash istagidagi yoshlarning yuqorida aytilgani kabi holatlarga tushib qolishi oldini olish uchun asqatadi. 

O‘z muxbirimiz