16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Hazrati Bashir fazilati

Kitob tumanidagi Hazrati Bashir manzilgohiga ham ziyorat, ham istirohat maqsadida boruvchilar soni ko‘p. Hazrati Bashirni ko‘pchilik ulug‘ avliyo, olim, shayx deb biladi va bilganlarimiz shundan nariga o‘tmaydi. Buyuk ajdodlarimiz haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish esa foydadan xoli emas.

«Nasafiylar va Keshiylar tazkirasi»da qayd etilishicha, Sulton Sayid Ahmad Vali – Hazrati Bashir dong taratgan tasavvuf shayxlaridan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchining zamondoshi bo‘lgan. Rivoyatlarda aytilishicha, ona sutisiz o‘sganligi uchun «Beshir» laqabini olgan.

Keyingi yillarda olib borilgan izlanishlar tufayli Hazrati Bashirning manoqibi (hayoti va faoliyati haqida rivoyatlar) topilib, nashr etildi. Mazkur manoqibga ko‘ra, u XIV asrning oxirlarida Kesh viloyatining Qoplatun qishlog‘ida tug‘ilgan (hozirgi Kitob tumanidagi Hazrati Bashir qishlog‘i). Hazrati Bashir bevosita biror shayxdan ta’lim olmagan. Ammo o‘z ustida ishlash, o‘qish-o‘rganish natijasida tasavvufning butun sir-asrorlarini o‘rgangan. Karomatlari, hayot tarzi bilan xalq hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lgan.

Hazrati Bashir tasavvufning Yassaviya, Mavlaviya, Naqshbandiya tariqatlarini ijodiy o‘zlashtirgan. Yassaviyaga xos bo‘lgan zikri jahriya, Mavlaviya tariqatiga xos bo‘lgan samo‘, Naqshbandiya tariqatining «qo‘llar dunyo ishlarida, tillar va dillar Alloh zikrida bo‘lsin!» shiori Hazrati Bashir tomonidan amalda joriy etilgan. O‘z shogirdlari va muridlari yordamida odamlarni haq yo‘liga boshlagan, beva-bechoralarga va kambag‘allarga yordam bergan, o‘zi ham halol mehnat bilan kun kechirgan. Darveshlar bilan dashtga chiqib, «halvobih», ya’ni nisholda uchun zarur o‘simlik tomirlari va mevalarni tergan, ularni sottirib, oziq-ovqat xarid qilgan. Bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullangan. Varganza anorlari shuhrati o‘sha davrda boshlangan, deyishadi.

Hazrati Bashir oq surp ko‘ylak, kuloh va eski to‘n kiyib yurgan. «Yangi kiyim kiysam, kibrlanib, Allohga e’tiqodim susayadi», der ekan. Manoqibda aytilishicha, Hazrati Bashirning shuhrati kundan-kunga ortib, shogirdlari soni 6 mingga yetgan. Ular orasida turli millat vakillari bo‘lgan. Ba’zi odamlar Hazrati Bashirning ustidan Mirzo Ulug‘bek va Xoja Ahror Valiyga shikoyat qilganlar. Ehtimol, Mavlaviyaga xos raqsu samo‘ dinga zid hodisa – shirk sifatida baholangan bo‘lishi mumkin. Ammo u Samarqandda ulamolar imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tadi. Bir muddat Buxoro va Andijonda ham yashagan, degan rivoyatlar bor.

Yozuvchi Akrom Aminov o‘zining «Hisorning qirq mo‘jizasi» kitobida boshqacha bir rivoyatni keltiradi: «Rivoyat qilishlaricha, Mirzo Ulug‘bek ovni g‘oyat sevar, davlat va ilmiy ishlaridan charchaganida ko‘pincha tabiat bag‘riga otlanib qolar edi. Bunday paytlarda yo‘li Omonqo‘ton va Urgut tomon tusharkan. Samarqanddan yetmish chaqirim narida Zarafshon va Hisor tog‘ tizmalari yelka tirashgan joyda davlatpanohning Hazrati Bashir ismli donishmand, maslahatgo‘y do‘sti yashardi. Aytishlaricha, bu zot Ulug‘bekka Ali Qushchini shogirdlikka tavsiya etgan ekan. Ovdan so‘ng bazmu ziyofatlar Hazrati Bashirning o‘nlab qorabuloqlar qaynab yotgan katta chorbog‘ida o‘tkazilardi. Ulug‘bek tabiatshunos va faylasuf do‘sti huzurida bir necha kunlab qolib ketardi».

Hazrati Bashir manoqibidagi Ali Qushchiga doir ma’lumotlar ham bu ikki mashhur zot o‘rtasida ustoz-shogirdlik munosabatlari bo‘lganidan dalolat beradi.Unda aytilishicha, Ulug‘bek qatl etilgach, Ali Qushchi Hazrati Bashir huzuriga keladi. Hatto u Ulug‘bekning xazinasi va kitoblarini shu qishloq atroflariga yashirgan bo‘lishi ham mumkin, degan taxminlar aytiladi. Bu yerda Ali Qushchi o‘z ilmiy izlanishlarini davom ettiradi. U shogirdlari bilan 6-7 yil yashagan joy hozirgi Qushchi qishlog‘i bo‘lsa kerak, deb hisoblashadi.

Siyosiy vaziyat keskinlashgach, Ali Qushchi bu yerdan ham ketishga majbur bo‘ladi. Dastlab Hirot shahriga borib, bir muddat turadi. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy yordamida Turkiyaga jo‘natiladi. Olim Istanbulda o‘z ilmiy faoliyatini davom ettiradi, ko‘plab shogirdlar tarbiyalaydi va 1463 yilda o‘sha yerda vafot etadi.

Hazrati Bashirdan ko‘pgina farzandlar qolgan. Ulardan biri Bobo Ahmad yaxshigina she’rlar yozgan. «Kanzul maoniy», «Kanzul asror», «Miftohul kunuz» nomli masnaviylar yozganligi ma’lum.