16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

Qashqadaryo fidoyi farzandlari haqidagi birinchi kitob-ensiklopediya

Taqdimot

Qarshi davlat universitetida “Qashqadaryoning faxrli farzandlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda keng jamoatchilik vakillari, olimlar, ijod ahli, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishdi.

Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamkorligida, Sa’dulla Boboqulov muallifligida nashrga tayyorlangan ushbu kitob-ensiklopediya voha ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan va ezgu-xayrli ishlarda ibrat namunalarini ko‘rsatayotgan chinakam fidoyi insonlarga bag‘ishlanadi.

Qayd etilganidek, Qashqadaryo – noyob tabiiy boyliklari, ulkan sanoat salohiyati bilan yurtimizning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. O‘z o‘rnida, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash bu voha buyuk ijodkorlar, ma’rifatparvar allomalar, el e’zozidagi fidoyi insonlar, dovruq taratgan turli kasb egalariga beshik ekanligi bilan ham e’tiborga molik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag‘rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g‘ururi baland insonlar yurtidir”.

Binobarin, “Qashqadaryoning faxrli farzandlari” kitob-ensiklopediyasida O‘zbekiston Qahramonlari, viloyatdan yetishib chiqqan akademiklar, ilm-fan namoyandalari, Ikkinchi jahon urushi va Afg‘on urushida jasorat ko‘rsatgan jangchilar, mehnat qahramonlari, dovruq taratgan rahbarlar, jamoatchilik faollari, shuningdek, ta’lim, tibbiyot, adabiyot va san’at, sud-huquq, OAV, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yuqori natijalarga erishgan, el e’tirof etgan insonlar, sobiq tuzum davrida qatag‘on jabrini chekkan shaxslar, o‘z navbatida, tadbirkorlar, sportchilar, qo‘yingki, xalq farovonligi yo‘lida zahmatli yo‘lni bosib o‘tgan, hayot sinovlarini mardonavor yengib, boshqalarga ibrat va o‘rnak namunalarini ko‘rsatgan bir qator vohadoshlarimiz haqidagi qomusiy ma’lumotlar jamlandi.

E’tiborga molik jihati, shu vaqtgacha ayrim tuman va shaharlarning mashhur kishilari haqida to‘plamlar tayyorlangan, lekin viloyat miqyosida bu qadar keng mavzu va davrni qamrab oladigan kitob chop etilmagan ekan – ushbu to‘plam birinchisi!

– Qashqadaryoning fidoyi farzandlari shu qadar ko‘p ekanligidan ular haqidagi ma’lumotlarni bir yoki ikki jildga jamlab bo‘lmasligi oydinlashdi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova. – Shunga ko‘ra, ushbu loyiha davomli bo‘lishiga qaror qilindi: nedir sabab tufayli, deylik, yetarli ma’lumotlari bo‘lmagan, qaysidir faktlari aniqlashtirilishi vaqt talab etadigan va shu bois dastlabki jildga kirmay qolgan kishilar keyingi kitoblardan albatta joy oladi.

Ta’kidlash o‘rinli, mutolaa jarayonida nafaqat mamlakat, dunyo miqyosida taniqli shaxslar va ularning natijalari haqida o‘qiy turib, beixtiyor xayolingizga “Qarang-a, shunday kishilarni bilmay yurgan ekanmiz!”, degan fikr keladi. Shu ma’noda ushbu kitobni ayniqsa yoshlar ko‘proq mutolaa etishlari, yuqori natijalar, e’zoz va sharaf birdaniga zabt etiladigan marra emasligini, barchasiga halol mehnat va sabr-toqat bilan, bosqichma-bosqich erishilishi, o‘z navbatida fidoyilik va jasorat hech qachon unutilmasligini bilishlari darkor.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar kitob-ensiklopediyaning ahamiyati, voha rivojiga hissa qo‘shgan zahmatkash va fidoyi insonlar haqida fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: taqdimotdan lavhalar.