Gonkongda yaqin yarim yil ichida yuk tashish uchun mo‘ljallangan ilk uchuvchi avtomobillar sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda South China Morning Post nashriga infratuzilma sohasidagi AECOM konsalting kompaniyasining texnik direktori Lyuy Imin ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, qurilma to‘liq elektr quvvatida ishlaydi va vertolyot singari havoda muallaq tura oladi, so‘ng esa samolyot kabi samarali parvoz rejimiga o‘tadi.
«Ikki tonna yuk ko‘tara oladigan vertikal uchish va qo‘nish apparatining (eVTOL) dastlabki sinov parvozlari kelasi olti oy ichida o‘tkazilishi mumkin», deyiladi xabarda.
Lyuy Iminning so‘zlariga ko‘ra, bunday yuk mashinalarining xavfsiz ekanligi tasdiqlangach, keyingi bosqich sifatida ulardan yo‘lovchi tashish maqsadida fuqarolik aviatsiyasida foydalanish uchun ruxsat olinishi mumkin. Hozir kompaniya bu masala yuzasidan Gonkong maxsus ma’muriy hududi hokimiyati, jumladan, fuqarolik aviatsiyasi departamenti bilan muzokaralar olib bormoqda.

