Ogohlik
Joriy yil avvalgilariga nisbatan seryog‘in keldi. Bu iqlim o‘zgarishi ta’sirlari, suv tanqisligi muammosi yildan-yilga kuchliroq sezilib borayotgan bir paytda ijobiy holat sifatida baholanishi tabiiy. Mana, hatto o‘t-o‘lanlar o‘smay qo‘ygan taqir maydonlar ham bahorda yashillikka burkandi. Endi har yerda ko‘klagan o‘sha o‘simliklar pishish pallasiga o‘tib, sarg‘ayib xas-xashakka aylanayapti. Havo issiq, qo‘rigan o‘tlar tez yonuvchan bo‘lishi esa bor gap. Demak, birgini ehtiyotsiz harakat yoki arzimas omil sabab talafotli yong‘inlar yuzaga kelishi xavfi ortayapti.
Viloyat hokimi ana shularni hisobga olib, 2026-yil 12-mayda qir-adirliklar, o‘rmon fondi obyektlari, aholi punktlari, oromgohlar, avtomobil yo‘llari atrofi, qishloq xo‘jaligi ekinzorlari hamda qabristonlar hududlarida yong‘inlarni oldini olish maqsadida farmoyish chiqardi.
Unda belgilanganidek, tuman (shahar) hokimliklari tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlardan o‘tuvchi avtomobil va temir yo‘llar atrofidagi maydonlarni sakkiz metrdan kam bo‘lmagan kenglikda o‘t-o‘lanlardan tozalash va to‘rt metr kenglikda shudgor qilinishini, shuningdek, aholi punktlari, qabristonlardagi quruq xas-xashaklarni tozalash ishlarini tashkil etadi.
G‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi davomida yong‘inlar sodir bo‘lishi va keng tarqalishining oldini olish maqsadida kombaynlar ishlayotgan maydonlarning yaqinida soz holatdagi haydov traktorlari omochlari bilan hamda aravali suv sig‘imlari navbatchilik qilishini ta’minlaydi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib boradi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi esa yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini hamda mavsum davomida profilaktik reydlar va tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini muntazam tashkil etadi.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlari avtomobil yo‘llari bo‘ylab haydovchilar va yo‘lovchilar tomonidan yonuvchan chiqindilar tashlash holatlari yuzasidan ogohlantirish ishlarini kuchaytiradi.
Qashqadaryo avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi viloyat hududidan o‘tuvchi barcha toifadagi avtomobil yo‘llari yoqalarini qurigan o‘t-o‘lanlardan tozalash, joylarda yong‘in xavfi haqida ogohlantiruvchi banner va belgilar o‘rnatishga mas’ul.
Ma’lumki, viloyat hududidagi tog‘ dovonlari, shuningdek, aholi dam olish maskanlarida juda ko‘p xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish nuqtalari, mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Ularga viloyat soliq hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari tegishli xizmatlar bilan birgalikda ish jarayonida ochiq olovdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish borasida tushuntirish olib boradi.
Shuningdek, farmoyish bilan tegishli mas’ullarga mahallalar ko‘chalarida to‘planib qolgan chiqindilarni olib chiqish, ko‘p qavatli uylar, bolalar yozgi dam olish oromgohlari hududlarini qurigan, tez alangalanuvchi xas-xashaklardan tozalash ishlarini amalga oshirish, yong‘in xavfi bo‘yicha ogohlantiruvchi yozuvlar o‘rnatish vazifasi yuklatilgan.
Bunda fermer xo‘jaliklari, korxona va tashkilotlar, ayniqsa hayot maromini ta’minlovchi obyektlar, energetika inshootlari, yonilg‘i shoxobchalari, qabul punktlari va omborlar, ijtimoiy muassasalar ham alohida e’tiborda turadi.
Bundan tashqari, farmoyishda g‘alla o‘rim-yig‘imiga qatnashishi belgilangan kombaynlarni texnik soz holatga keltirib, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan meyor talablari asosida ta’minlash; hududdagi barcha o‘rmonzorlar chetini shudgorlash hamda ularda yong‘in xavfsizligi yo‘laklarini tashkil etish, ogohlantiruvchi maxsus belgilar o‘rnatish, o‘rmon nazoratchilari hushyorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Bu pallada viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi joylarda quruq o‘t-o‘lanlarni yoqish orqali tozalash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazoratni kuchaytiradi.
Xalqimizda o‘t balosi degan tushuncha bor. Olovdan to‘g‘ri va o‘z o‘rnida foydalanish naf keltirsa, ehtiyotsizlik yoki loqaydlik tufayli sodir etilgan yong‘inlar ofatga aylanishi hech gapmas. Farmoyish mas’ullarni, bizni, hammamizni yana bir bor ogohlikka undashi bilan ham ahamiyatli.
O‘z muxbirimiz

