Samsung Electronics yarimo‘tkazgichlar bo‘limi xodimlari ish tashlashining oldini olish maqsadida kasaba uyushmasi bilan 40 trillion Janubiy koreya voni (taxminan 26,6 milliard dollar)lik yangi mukofot dasturi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bundan, SamMobile nashrining xabar berishicha, har bir xodim o‘rtacha hisobda 339 ming dollar atrofida manfaat ko‘rishi mumkin.
Kelishuvga ko‘ra, kompaniya yarimo‘tkazgichlar bo‘limi xodimlariga yillik foydaning 10,5 foizini aksiyalar ko‘rinishida, qo‘shimcha ravishda esa 1,5 foizini naqd pul shaklida taqdim etadi.
Yangi tizim moliyaviy ko‘rsatkichlar bajarilishi sharti bilan o‘n yil davomida amal qiladi. Avvalroq kompaniya bir martalik to‘lov masalasini ko‘rib chiqqan, ammo muzokaralar jarayonida shartlar qayta ko‘rib chiqilgan.
Xodimlar noroziligi sun’iy intellekt tizimlari uchun DRAM va HBM xotiralariga bo‘lgan yuqori talab tufayli yarimo‘tkazgichlar biznesi foydasi keskin o‘sgani fonida yuzaga kelgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida yarimo‘tkazgichlar bo‘limi Samsung umumiy operatsion foydasining qariyb 94 foizini ta’minlagan.
Kasaba uyushmasi avvalroq yillik ish haqining 50 foizigacha cheklangan mukofot limiti bekor qilinishini ham talab qilgan edi. Kompaniya buni rad etgach, xodimlar 21-maydan boshlab 18 kunlik ish tashlash aksiyasini o‘tkazish bilan tahdid qilgan edi.

